Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






​"The Japan Times" gazetasi Islom Karimovning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan maqola chop etdi ​
26.09.2016 20:21,  
24

Yaponiyadagi The Japan Times gazetasida O‘zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimovning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan maqola chop etildi, deb xabar beradi "Jahon" AA.

"O‘zbekistonning birinchi Prezidenti xotirasiga: Islom Karimov — o‘zbek xalqining buyuk farzandi" deb nomlangan maqolada 25 yil davomida mustaqil O‘zbekistonga rahbarlik qilgan Islom Karimov mamlakatda va xalqaro maydonda yuksak obro‘ga sazovor bo‘lganligi qayd etiladi. "U juda puxta o‘ylangan ochiq fuqarolik jamiyati va bozor iqtisodiyotiga asoslangan huquqiy demokratik davlat qurish strategiyasini ishlab chiqqan va hayotga tatbiq etgan yetuk davlat arbobi edi", deb yoziladi maqolada.

Maqola mualliflari respublika rahbari mamlakat iqtisodiy mustaqillikka erishmasdan turib siyosiy mustaqillikka erisha olmasligiga qat’iy ishonganini e’tirof etishadi. "Karimov tomonidan aynan shuning uchun butun dunyoda rivojlanishning o‘zbek modeli deb tan olingan beshta tamoyilga asoslangan islohotlar dasturi ishlab chiqilgandi", — deyiladi maqolada.

O‘zbekistonda amalga oshirilgan keng miqyosdagi islohotlar haqida o‘quvchilarni xabardor etar ekan, nashr mamlakatda sanoatning mutlaqo yangi yuqori texnologik sohalari tashkil etilganligi, jahon miqyosidagi sanoat ob’yektlari bunyod qilinganligi, zamonaviy yo‘l-transport va injenerlik-kommunikatsiya infratuzilmasi yaratilganligini qayd etadi.

Maqolada respublikaning birinchi Prezidenti tomonidan amalga oshirilgan islohotlar natijasida O‘zbekiston jahonda iqtisodiyoti eng tez rivojlanayotgan beshta davlat qatoriga kirganligi ma’lum qilinadi.

The Japan Times Islom Karimovning qishloq xo‘jaligini isloh qilishdagi tashabbuskorlik faoliyatiga alohida urg‘u beradi. Uning tashabbusi bilan dunyo amaliyotida o‘xshashi yo‘q dastur asosida qishloqlarning qiyofasi tubdan o‘zgarmoqda, qishloqlarda aholining turmush darajasini shahardagidan aslo qolishmaydigan tarzda ta’minlovchi uy-joylar barpo etilmoqda.

"O‘zbekiston rahbari Oliy Bosh Qo‘mondon sifatida o‘zbek xalqining tinchlik va xotirjamligini, mustaqilligi, chegaralari daxlsizligini himoya qilishga qodir Harbiy Kuchlarning jangovar qudrati va salohiyatini oshirgan tub islohotlarga asos soldi.

Shu bilan birga, u O‘zbekistonning tinchliksevarlik, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik va nizolarni faqat tinch, siyosiy yo‘l bilan hal etishga asoslangan tashqi siyosat Konsepsiyasini ishlab chiqdi va amalga tatbiq qildi. Mamlakat rahbari hududda va butun dunyoda tinchlik va barqarorlikning saqlanishiga ulkan hissa qo‘shdi", – deb yozadi nashr.

Yaponiya gazetasi O‘zbekiston yetakchisining zamonaviy xalqaro standartlarga asoslangan ta’lim sohasini rivojlantirishdagi xizmatlariga alohida to‘xtalib o‘tadi. Islom Karimov bugungi va ertangi kunning hal qiluvchi kuchi bo‘lgan yoshlarning fikrlashi va dunyoqarashida tub burilish yasagan o‘sib kelayotgan yosh avlod tarbiyasining mutlaqo yangi tizimiga asos soldi va hayotga tatbiq etilishiga boshchilik qildi. 

Maqola so‘ngida O‘zbekistonning birinchi Prezidenti o‘z xalqini cheksiz sevganligi va butun umrini vataniga xizmat qilishga bag‘ishlagani ta’kidlanadi.

 

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан