Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Yangi ToshMIdan Qo‘yliqqacha: Toshkent metrosi loyihasining surati muhokamalarga sabab bo‘ldi
30.09.2016 21:12,  
1088

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent metrosining kengaytirilgan loyihasi surati paydo bo‘ldi. Unda Toshkent metropoliteni nafaqat Yunusobod va Sergeli bo‘ylab, balki Qo‘yliq bozori va yangi ToshMI yo‘nalishlarida ham rivojlantirilishi rejalashtirilayotganini ko‘rish mumkin, deb yozmoqda "Carzone"

Loyihada Toshkent metrosining mavjud, qurilayotgan va qurilishi hali boshlanmagan barcha yo‘llari keng xaritasi tasvirlangan. Unga ko‘ra, “Chilonzor” yo‘li janubiy yo‘nalishda “Sergeli” yo‘li bilan tutashadi, shimoliy yo‘nalishda esa, “Buyuk Ipak yo‘li” bekatidan so‘ng, Traktor zavodiga tomon kamida yana uchta bekat bilan to‘ldiriladi.

Hozirgi vaqtda “Beruniy” bekatidan boshlanib, “Do‘stlik” bekati bilan tugaydigan “O‘zbekiston” yo‘lini ham kamida yettita bekat bilan to‘ldirish ko‘zda tutilgan. Agar loyiha to‘liq amalga oshirilsa, “O‘zbekiston” yo‘li yangi ToshMIda quriladigan bekatdan boshlanib, loyihalashtirilayotgan “Qo‘yliq bozori” bekati bilan tugaydi. Bunda metro yo‘li Tuzel qo‘rg‘oni va Baxt ko‘li bo‘ylab ham o‘tadi.

“Yunusobod” yo‘li bo‘yicha aytarli yangilik yo‘q – yo‘lni janubiy yo‘nalishda Janubiy vokzalga qadar davom ettirish rejasi hali ham dolzarb, shimoliy yo‘nalishda esa qurilishi davom ettirilishi kutilayotgan uch bekat o‘rniga ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan suratda faqat ikkita bekat ko‘rsatilgan: “Shahriston” (sobiq “Habib Abdullayev”)dan keyin qurilishi aytilgan loyihaviy nomi “Fayzulla Xo‘jayev” bo‘lgan bekat yo‘q, undan keyin darhol “Yunusobod” va “Turkiston” bekatlari keladi.

Eng asosiy yangilik – “Sergeli” yo‘li bilan bog‘liq. Loyihaga ko‘ra, yo‘l jami 12 bekatdan iborat bo‘ladi va ularning faqat to‘rttasi (loyihaviy nomlari – “Choshtepa” (bu yerdan “Chilonzor” yo‘liga o‘tish mumkin bo‘ladi), “O‘zgarish”, “Do‘stlik”, “Sergeli”) shaharning Sergeli tumanidan o‘tadi, qolgani esa Toshkent halqa avtomobil yo‘li bo‘ylab, Chilonzor buyum bozori, O‘rikzor bozori, Ibn Sino, Jarariq mavzelari orqali yangi ToshMIga yetib boradi (va shu yerda “O‘zbekiston” yo‘li bilan tutashadi).

Suratda loyiha “Toshkent metroproyekti” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgani ko‘rsatilgan, biroq uning amalga oshirish muddatlari va qiymati haqida batafsil ma’lumot berilmagan. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining bir guruhi bu suratni quvonch bilan qarshi olib, “Qo‘yliqqa ham metro borarkan” degan gaplarni aytgan bo‘lsa, ba’zi yuzerlar suratning haqiqiyligini shubha ostiga oldi. Foydalanuvchilarning biri xaritada “Do‘stlik” nomli bekat ikkita bo‘lib qolganiga e’tiborni qaratdi (biri – sobiq “Chkalov” bekatining hozirgi nomi, ikkinchisi – Sergelining Do‘stlik dahasida quriladigan bekatning loyihalashtirilgan nomi).

Toshkent metrosining kengayishi mavzusi O‘zbekiston Prezidenti vazifasini vaqtincha bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev sabab yana jonlandi. Jumladan, u 18 sentyabr kuni Yunusobod tumanida bo‘lib, “Yunusobod” yo‘lidagi ikkita bekat (katta ehtimol bilan, “Toshkent metroproyekti” loyihasidagi “Yunusobod” va “Turkiston” bekatlari)da qurilish ishlarini yakunlash yuzasidan tegishli vazirlik va idoralar rahbarlariga topshiriqlar berdi. 25 sentyabr kuni esa Shavkat Mirziyoyev Sergelida bo‘lib, u qatnashgan yig‘ilishda Toshkentda yer usti tezyurar metro yo‘nalishlari qurilishini loyihalashtirish ishlarini jadallashtirish borasida aniq vazifalar belgilab olindi.

Shavkat Mirziyoyevning Sergeliga tashrifi haqidagi Axborot”ning lavhasida“ Sergeli” metro yo‘lining “O‘zgarish” bekati loyihaviy maketi ham namoyish etildi. Unda metro yo‘li ham, bekat ham yer ustida ekanini ko‘rish mumkin.

Rasman tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev “Yunusobod” metro yo‘lidagi metro qurilishini yakunlashni tezlashtirish uchun Toshkent metropolitenini “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi tizimiga o‘tkazish bo‘yicha qaror loyihasini tayyorlashga ham ko‘rsatma bergan.

Ma’lumot uchun, Toshkent metropoliteni 1977 yilda ishga tushgan bo‘lib, O‘rta Osiyodagi birinchisi hisoblanadi. Ayni vaqtda Toshkent metrosi uch yo‘nalish, jami 29 bekatdan iborat, yo‘llarining umumiy uzunligi 36,2 kilometrni tashkil etadi. Shahar metrosi 2014 yili 54 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан