Farg‘ona viloyati hokimining buyrug‘i tadbirkorlar huquqlarini buzmoqdami?

Farg‘ona viloyati hokimining buyrug‘i tadbirkorlar huquqlarini buzmoqdami?

Taxminan 1 yildan beri Farg‘ona viloyatida asosan umumiy ovqatlanish joylari, umumiy dam olish maskanlari avvaliga viloyat hokimining og‘zaki buyrug‘i bilan, keyinchalik yozma buyrug‘i asosida soat kechki 22:00dan ichki ishlar xodimlari majburiy qistovi bilan yopilmoqda (bunday buyruqni shaxsan ko‘rmaganman, lekin ichki ishlar xodimlari shu buyruqni asos qilib harakat qilishmoqda).

Vaqt ham har hil belgilangan; chekka tuman va qishloqlarda soat 21:00 dan boshlab berkitilsa, shaharlarda 22:00da, ayrim hollarda esa 22:30dan boshlab tadbirkorlar faoliyati majburiy cheklanmoqda.

Kuni kecha Farg‘ona shahrida joylashgan mavsumiy umumiy ovqatlanish muassasasida yuqoridagi holatning guvohi bo‘lib, rahbari bilan biroz suhbatlashdim.

Rahbarning aytishicha, yozning issiq kunlari va kunduzgi ish vaqti sababli mijozlar kunduzi ko‘p tashrif buyurmasliklari, asosan, kechki 20:30, 21:00 dan keyin kelishadi. Mijozlar, asosan, shahrimiz mehmonlari, xususan, turistlar ham kafega kelib o‘tirganda, viloyat hokimi qarori (yoki buyrug‘i) tufayli faoliyatlari majburan cheklanib, yopishga majbur qilinmoqdalar.

Rahbar mavsumiy bo‘lishiga qaramay 25-30 nafar ishchini qonunan, davlat ro‘yxatidan o‘tkazgan holda ishlatayotganini, oyiga shahar byudjetiga 15-16 mln so‘m soliq to‘layotganini, agar kechki cheklovlar bo‘lmasa, ishchi sonini 50 nafarga yetkazish, soliqni ham 20-25 mln so‘mga qadar ko‘tarish (MChJ sifatida faoliyat yuritar ekan, qancha tushum ko‘p bo‘lsa, soliq ham ko‘proq bo‘ladi, albatta) imkoni borligini aytdi.

25 nafar ishchini ishlatish osonmi?

Ularning oyliklaridan tashqari har birini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, mehnat daftarchalari olib, har oy EKIHning 1 barobari (202 000 so‘m) miqdorida pensiya fondiga pul to‘lab (202 000 × 25= 5.000.000 so‘m, ya’ni ishchilarni kelajakda oladigan pensiyasi uchun ham har oy pul to‘lamoqda) ishlatayotgan tadbirkorga rahmat aytish kerak, aslida. Tadbirkor ishchilar sonini 50 nafarga yetkazmoqchi, agar sutkalik rejimda ishlashga ruxsat berilsa.

Sutkalik (24 soat) faoliyat yuritishni so‘rab, murojaat qilmagan tashkiloti qolmabdi. Prokuratura, hokimiyat, tadbirkorlar markazi, yana bir qancha Toshkentdan kelgan ishchi guruh vakillari tadbirkorning qo‘ynini puch yong‘oqqa to‘ldirib ketishibdi. Boshqa tadbirkorlarning aytishlaricha, yuqoridagi tadbirkor saxovat, xayr ishlari bilan doimiy va faol qatnashib ham kelar ekan.

Bu bir misol xolos, bunday holatdagi tadbirkorlar birgina Farg‘ona shahrining o‘zida yuzlab topiladi.

Prezident har ikki gapining bittasida «tadbirkorga erkinlik ber, tadbirkorga imkoniyat qil, tadbirkorga yordam ber, bir nafar ishchi o‘rni yaratgan tadbirkorni boshimga ko‘taraman» deb turganida, shunday sun’iy to‘siqlar bilan o‘nlab ishchi o‘rni yaratmoqchi tadbirkorlarning shashtini qaytarish qanchalik to‘g‘ri?

Turistlar sonini bir necha millionga yetkazish rejalarimizga, ehtimol, bunday to‘siqlar xalaqit berayotgandir.

Bilmoqchi bo‘lganim bu vaziyatda viloyat hokimligining tadbirkorlarni ishlash vaqtini cheklashi qonunan mumkinmi?

Ya’ni hech qanday urush, favqulodda holat bo‘lmagan, tinchlik hukm surgan, odamlar dam olish uchun tunda ko‘chalarga chiqadigan mavsumda soat 22:00dayoq hamma joylarni majburan yoptirib qo‘yish fuqarolarning Konstitutsion huquqlarini, tadbirkorlarning huquqlarini cheklamaydimi?

Qani OAVlarda bot-bot tadbirkorlarga yordam haqida chiroyli gaplarni gapiradigan tashkilot xodimlari bormi?

Shu vaziyatda butun viloyat tadbirkorlariga yordam yoki yengillik olishlari uchun faqat og‘izda yoki qog‘ozda emas, real yordam bera olasizlarmi?

Maqsadim yuqoridagi holat yuzasidan kimnidir qoralash, ayblash emas.

Ichki ishlar xodimlari ham majburiy ravishda, hokimiyat buyrug‘i sababli ish ko‘rishayotgani aniq.

Bu buyruq qachon va nima sababli chiqqanidan ham bexabarman.

Lekin hozirgi tinchlik zamonida, tadbirkorlar ishlaydigan vaqtda ularga sun’iy to‘siq bo‘layotgan bu buyruq mantiqsizdek ko‘rinmoqda.

Hech bo‘lmaganda, yoz mavsumida soat 24:00gacha ishlashga ruxsat berish kerak.

Mavzuga aloqador mutasaddi tashkilotlar, Farg‘ona viloyati hokimligi, Viloyat tadbirkorlar markazi yuqoridagi vaziyat yuzasidan avvalo tadbirkorlarga ko‘makchi bo‘lishadi, qolaversa, kunduzgi issiq va uzoq davom etgan ish vaqtidan keyin dam olish uchun ko‘chaga chiqqan shahrimiz aholisi, mehmonlari, jumladan, turistlarning hordiq chiqarishiga yordamlarini ayashmaydi, degan umiddaman.

Olimjon Haydarov, O‘zLiDeP a’zosi


Эслатма: Муаллиф фикри таҳририят нуқтаи назарини ифодаламаслиги мумкин.