Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Baliq emas, qarmoq bering yoki saxovatning uvoli
22.05.2020 20:04,  
1289

Ochig‘ini aytaman, bu so‘zlarni anchadan beri yozishga botina olmay yurgandim. Istardimki, maqola saxovat ishlarining kamayishiga emas, balki ularning yanada samarasi ortishiga xizmat qilsa.

Rossiya hududida saxovat loyihalari bilan ancha yillardan beri faollik yuritib kelayotgan tanishlarim bor. Ular xayriya sohasida uzoq yillik tajriba ortirib, bir necha jamg‘armalar bilan hamkorlik qilib keladilar.

Taxminan besh yillarcha oldin ulardan biri katta qiziqish bilan o‘z loyihalari haqida menga so‘zlab bergandi, muhtoj oilalarga moddiy ko‘mak ta’minlaydigan shaffof tizimni yo‘lga qo‘ya olishgan edi.  Ishlarning yuridik ta’minoti kuchli bo‘lgani sababli davlat organlari tomonidan jiddiy e’tirozlar bo‘lmas, mahalliy ma’muriyat mutasaddilaridan esa faqat qo‘llov va minnatdorchilik yog‘ilayotgan edi.

2020 yilning boshida men uni yana uchratib qoldim va undan xayriya ishlari qanday ketayotgani haqida so‘radim. U loyihalar to‘xtamay, jadallik bilan davom etayotganini aytdi. Lekin bu safar unda ko‘tarinkilik kayfiyatini sezmadim. Bir-ikki savolimdan so‘ng o‘zi yorildi:

“Bilasanmi, o‘n besh yildan ortiq bu ishlar bilan shug‘ullanib, muhim bir masalani ko‘zdan qochiribmiz... Eng asosiy e’tiborimizni davlatning salbiy nazariga sabab bo‘lmaslikka, saxovatchilardan ko‘proq mablag‘ to‘plashga, shuningdek jonkuyar xodimlar va ko‘ngillilar (volontyorlar) safini kengaytirishga qaratibmiz. Yig‘ilgan resurslarni muhtoj va kambag‘al qatlamiga tezkorlik bilan yetkazib berishni asosiy vazifa deb bilgan edik va uni hali ham uddalayapmiz. Tekshiruvlardan qo‘rqmaymiz, homiylar bilan aloqamiz yaxshi, muhtojlar soni ham o‘sib boryapti...  Tabiiyki, muhtojlar soni o‘sishi homiylar imkoniyatlari va yangilari ko‘payishi bilan mutanosib emas.  

Yaqinda o‘ylab ko‘rsak, davlatning bo‘ynida bo‘lgan ijtimoiy himoya ishlarining katta qismini bo‘ynimizga olib qo‘ygan ekanmiz, shuning uchun ham bizga hech qanday e’tirozlar bo‘lmagan. Real muammolarni tahlil qilib qaralsa mablag‘, vaqt, kuch va tashabbuskorlik ruhiyati kabi qimmatbaho zahiraning kattagina qismi qumga ko‘milib ketayotgani ko‘rindi.  

Moddiy ko‘mak olayotgan oilalar domiy mijozlarimizga aylanishi tursin ularning soni ko‘paygandan ko‘payib ketyapti, bunda bu yog‘iga ozaymaysligi tayin. Albatta ko‘mak topgan inson miqyosida qarasak ulkan savob ish bo‘layotgandir va yangi xomiy manbalarni ham topa olishimizga ishonaman, ammo naqadar bu yondashuv samarali? Biz ko‘proq natijaga erishishimiz mumkin emasmidi?...”

“...Xulosam shuki, biz tizimli muammoni tizimli xal qilishga zaruriy ahamiyat bermabmiz! Ijtimoiy tanglikning o‘sishiga qarshi kurashishda ikki xil yo‘l bor, biri siyosiy faoliyat, ikkinchisi ma’rifiy dastur-loyihalar. Siyosiy yo‘nalishga kirishish o‘sha vaqtda ham, hozir ham tahlikali ko‘ringan va buning uchun bizda yetarli jur’at bo‘lmagan, to‘g‘rirog‘i biz bunga imkoniyat qidirmadik ham, hech bo‘lmasa uch to‘rt jonkuyar shaxslarni deputatlikka nomzodlarni qo‘llash kerak edi...

Albatta siyosat ishlarining natijasi ham noaniq bo‘lib qolaveradi, ammo ikkinchi yo‘nalish bor ediku: ta’lim, ma’rifiy dasturlar! Afsuski, muhtojlikda o‘sayotgan yoshlarning qanchasiga hunar, bilim va zamonaviy fikrlashni o‘rgatadigan o‘quv kurslarni tashkil qilmadik, ularning ichidan eng iqtidorlilarini topib, vaqtini fan va ixtiro ishlariga bag‘ishlay olishi uchun oddiygina qo‘shimcha stipendiya tizimlarini yaratmadik!

Juda oliy o‘quv yurtichalik bo‘lmasa ham eng dolzarb kasblar yo‘nalishlari: dasturlash, loyiha menejerlari, texnik kasblar, fermerlik ishi, tadbirkorlik  kabi yo‘nalishlarda tayyorlay oladigan kurslarni tashkil qilish uchun, ma’lum qiyinchilik bilan bo‘lsa-da, yetarli moliyaviy va tashkiliy resurslarini topa olar edik-ku! Natijada, nafaqat oilasini moddiy ta’minlay oladigan, balki mustaqil fikrlay oladigan, mas’uliyatli va tashabuskor shaxslar yetilishiga sharoit yasagan bo‘lar edik; ko‘ngillilar va hatto homiylar safinini yanada kengaytirib, kattaroq ko‘lamda xayriya ishlarini yurita olar edik. Odamlarga baliq tarqatibmiz-u, ularga qarmoq tutkazishni o‘ylamabmiz...”

O‘ylaymanki, do‘stimning mana shu so‘zlari – chuqur va uzoqni ko‘radigan mulohaza qilish uchun yetarli ozuqa...

Maqola yakunida yana bir tafsilotga e’tibor berilishini so‘rar edim. Feysbuk sahifalarning birida moliyaviy muhtoj talabalarning kontrakt to‘lovlarini qoplab berishga targ‘ib bo‘layotganiga ko‘zim tushdi. Bu o‘rinda ikki katta savolga javob topilgani ma’qul: shu bilim yurti homiyning puliga loyiq bilim, ko‘nikmalar bera oladigan muassasami, yo‘qmi? Shuningdek, talabaning o‘zida o‘qishga moyilligi, iqtidori bormi yoki u quruq diplom uchun davomatini to‘ldirib kelyaptimi?

Qarmoq berilishi muhim, ammo u munosib qo‘llarga tutkazilishi kerak. Zero saxovat zahiralarining ham uvoli bor.

Tavsiya etamiz






Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан