Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






«Fuqarolari bilimli hukumat o‘ylab ish qilishga majbur. Johillarni esa boshqarish oson» ​
16.11.2019 11:36,  
636

Iqtisodchi va sotsiologlar insonlarning o‘zaro munosabatini o‘rganganda “O‘yinlar nazariyasi“ni keng qo‘llashadi. O‘yinlar nazariyasi orqali bir sub’yektning tanlovi avvaldan bashorat qilinishi mumkin. Har bir tanlov ikkinchi bir sub’yektning javob reaksiyasiga bog‘liq bo‘ladi. Bu o‘yin strategiya o‘yinidir.

Ana shunday o‘yinlardan biri Ultimatum o‘yinidir.

Unda bir ishtirokchiga, deylik, 100 dollar beriladi. Va unga "bu pulni ikkinchi bir ishtirokchi bilan bo‘lishasan," deyiladi. Ikkinchi odamga pulning qanchasini berish birinchi ishtirokchining ixtiyorida, xohlasa 100 dollardan 10 dollar, xohlasa yarmini berishi, xohlasa umuman bermasligi mumkin. Ammo o‘yinning bir sharti bor. Ikkinchi ishtirokchi birinchisi bergan summaga rozi bo‘lib, qabul qilishi kerak. Agar qabul qilmasa, har ikki ishtirokchi puldan mosuvo bo‘ladi. Birinchi ishtirokchi imkon qadar kamroq berishni, ikkinchisi esa ko‘proq olishni ko‘zlaydi. Ammo buning ham chegarasi bor. Birinchisi kam bersa, ikkinchi olmay qolishi, ikkinchisi ortiqcha talab qilib yuborsa, birinchisi bermay qo‘yishi mumkin.

Xullas, birinchi ishtirokchining tanlovi ikkinchining reaksiyasiga bog‘liq. Ishtirokchilarning moliyaviy ahvoli, adolat tuyg‘usi va bir-birini qanchalik bilishi ko‘p narsani hal qiladi.

Meni ajablantirgan jihat shuki, tor doiradagi, cheklangan tomonlar qatnashgan munosabatlarda har ikki tomon bir-biriga ta’sir o‘tkaza oladi. Adolatsizlik uchun bir-birini jazolaydi.

Ammo...

Ishtirokchilar soni ko‘payib borgani sari adolat tuyg‘usining ta’siri kamayib, boriga rozi bo‘lish kayfiyati paydo bo‘ladi. Tasavvur qiling, birinchi tomon hukumat, ikkinchi tomon esa fuqarolar. Bu yerda ikkinchi tomonning birinchi tomonga ta’siri sustlashadi. Davlat xazinasi qanday taqsimlanishi, kimga qancha huquq yoki imtiyoz berilishi, kim qancha muddat hokimiyatda qolishi masalasida millionlab odamlarda haligi ikki kishining ishtiroki kabi munosabat paydo bo‘lmaydi.

Davlat va fuqarolar o‘rtasidagi munosabat mohiyatan Ultimatum o‘yinidagining ayni o‘zi. Farqi ularning sonida. “Ko‘pga kelgan to‘y“ ko‘pincha adolat tuyg‘usini bo‘shashtiradi.

Yana bir jihati, ikkinchi tomon haqida ko‘proq ma’lumoti bo‘lgan tomon doim yutib chiqadi. Davlat fuqarolarni, ularning kayfiyatini yaxshi biladi. Fuqarolar esa davlatni bilmaydi. Biladigan tomon bilmaydigan tomonning reaksiyasini avvaldan ko‘radi va qaror qabul qilishda ustunlikka ega bo‘ladi.

Fuqarolar bu o‘yinda kuchli bo‘lishlari uchun ikkinchi tomonni yaxshi bilishlari kerak. Bu borada ularga yaxshi ta’lim va sergak OAV yordam beradi.

Xullas, muddao shuki, birinchi tomon yaxshi ta’lim va sergak OAV ikkinchi tomonga xizmat qilishini yaxshi biladi va, tabiiyki, ustunligini boy berishiga sabab bo‘ladigan bu vositalar kuchayib ketishini istamaydi.

Hayot ana shunday strategik o‘yindan iborat, ma’naviyat, axloq kabi narsalar oilada va tor doiradagi munosabatlarda bo‘lishi mumkin. “Haq olinur, berilmas“ (Behbudiy) degan gap esa asrlar osha o‘z ahamiyatini yo‘qotmaydi. Kuch bilim va xabardorlikda.

Fuqarolari bilimli hukumat o‘ylab ish qilishga majbur. Johillarni esa boshqarish oson.

Tavsiya etamiz






Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан