Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






"Jon aka, yordam qiling! “Achavotta” man go‘yo...." Mirza Azizovning Zangiotadagi shifoxonadan yozgan so‘nggi maktubi e’lon qilindi
22.04.2021 22:38,  
5713

"Hurriyat" nashrida Shuhrat Rizayev O‘zbekiston xalq artisti Mirza Azizovning unga o‘limidan avval yozgan so‘nggi iltimosnoma maktubini e’lon qildi. 

To‘rt kun bo‘ldi Muqimiy nomidagi o‘zbek Davlat musiqali teatrining direktori, O‘zbekiston xalq artisti Mirza Azizovni tup­roqqa qo‘yib keldik. Bilmadim, balki mubolag‘aliroq tuyular, nazarimda bu qarchig‘ayday o‘ktam, alpqomat yigitning san’atidan, so‘zidan, insoniy fazilatlaridan bahramand bo‘lgan kattayu-kichik barcha ko‘ziga yosh oldi, ich-ichidan afsus chekdi, 58 yoshda sabil ketgan jonga achindi, iztiroblandi…

Marhamatlik tadbirkor ukamiz Qobiljon qo‘ng‘iroq qilib, ko‘zda yosh bilan menga ta’ziya bildirdi. Va o‘sha kuni kechasiyoq Davon osha yo‘lga tushib, fotihaga kelib ketdi.

Bundaylar o‘nta, yuzta emas, minglab bo‘lsa, ajabmas. Chunki Mirzaxon (men uni ukamdek suyub shunday atardim) nihoyatda dilkash, odamshavanda, el koriga kamarbasta, oqibatli, jonfido yigit edi.

O‘zbekistonning Mirza Azizov oyog‘i yetmagan biror hududi, go‘shasi qolmagan edi. Yo‘q, televideniye tufayli yo kinoyu teleseriallar orqali emas, rostmana qadam ranjida etib, qishloqma-qishloq, tumanu shahar, mahallalar bo‘ylab har turli uchrashuvlar, ma’naviy-ma’rifiy suhbatlar, kechalarda, teatr gastrollari, “kino kunlari”da va hatto Rossiyaning chekka Sibir o‘lkalaridagi o‘zbek yigit-qizlari migrant bo‘lib yurgan joylargacha borib, ular holidan xabar olib, muloqot, mashvaratlar o‘tkazib kelardi. Bir so‘z bilan aytganda, yurt ishiga, Vatan yo‘qlovlariga, Yurtboshimiz topshiriqlariga hamisha “labbay” deb turguvchi vatanparvar, fidoyi edi. Oxirati obod bo‘lsin!

Bunaqasi kamdan-kam bo‘ladi, bunaqalar benazir. Hozirku hali sezmayroq turibmiz, nariroq borib Erkin Vohidu Abdulla Oripov, Omon Matchonu Anvar Obidjon, Shayx Muhammadsodiq Muhammad Yusuf, Shayx Alovuddin Mansur, Anvar qori Tursunovning, Dilbar Ikromova, Abduraim Abduvahobov, Fathulla Ma’sudovning, hofiz Mahmudjon Tojiboyev, Rahmatjon Qurbonov, kompozitor Anvar Ergashev, shoir Sa’dulla Hakimlarning o‘rnini hech kim bosolmayotganini his qilgach, qalbdan yozg‘irib, alam chekamiz, armon qilamiz.

Ha, bunday oydin zotlarni, el koriga kamarbasta ziyolilarni, san’atkorlarni o‘zbekning onasi har kuni tug‘avermaydi…

Aynan shuning uchun qalbim zardobga to‘lib, so‘ng­­gi yillar va oxirgi bir necha oydagi talafotlardan ozurda dil bilan sahar palla qog‘oz qoralab o‘ltiribman…

Shu oyning ilk kunlarida Belarusdan xabar keldi. Minskdagi O‘zbekiston elchixonasida ishlab turgan do‘stimiz, ukamiz, siyosiy fanlar doktori   Doniyor Obidov koronavirus tufayli vafot etibdi. Shavqu zavq bilan yonib, yolqinlanib o‘zbegu belarus xalqlarining madaniy yaqinlashuvi uchun dildan xizmat qilib yurgan edi.

O‘ninchi aprel kuni tushdan keyin qo‘l telefonimga qayta-qayta qo‘ng‘iroq bo‘ldi, xabar yuborildi. Ochsam, Mirzaxondan xabar: “Assalom alaykum Shuhrat akajon! Menga ko‘p yordam bergansiz, yana bir yordam qiling. 18 kundan beri koronavirusga chalinib, Zangiotada yotibman. Sakkiz kishilik xonada – “Achavotta” man go‘yo. Shovqin, baqir-chaqir ichidaman. Ketib qoladiganga o‘xshayman. Biron rahbarlarimizga ayting, meni sharoiti tuzukroq joyga o‘tkazib berishsin, ayolimni chaqirishsin, menga Tojibar o‘zi qaramasa, boshqa birov qarolmaydi. Jon aka, akalik qiling!”

Titrab ketdim. Doniyorning bevaqt o‘limi alami arimay, bu xabar kelib turibdi. To‘rt-besh oy oldin o‘zim ham shu “tojdor baloi zarra”ga duchor bo‘lganim   va yigirma kundan ortiq hadik-xavotirda azobli o‘ylarni boshimdan o‘tkazganim uchun Mirzaxonning faryodini ichdan his qildim. Vaziyatni anglab, Prezidentimizning shu sohalarga mas’ul maslahatchisiga qo‘ng‘iroq qildim. U kishi bexabar ekanini bildirib, darhol Zangiotadagi kasalxona bosh vrachini izlashga tushdi. Shukurki, shu aralashuvdan so‘ng ikki soatlarga yetib-yetmay xabar keldi — Mirzaxonni yaxshi sharoitlik alohida xonaga olishibdi, ayolini chaqirtirishibdi. Kechroq o‘zi yana telefon qilib, minnatdorlik bildirdi. Men “boshidan o‘tkazgan tabib” deganlaridek, o‘z “taj­ribam”ni aytib, ko‘kragini yerga qaratib yotishini tayinladim. Mirzaxon shu alp gavdasiga boladay sodda, beg‘ubor, ishonuvchan, hammaga yaxshilik sog‘inib yuradigan samimiy yigit edi. Aytganlarimni qilibdi. Ammo o‘sha kunlar harorati ko‘tarilib, o‘zini yomon his qila boshlagan, boz ustiga qand kasali bor ekan, u bilan qo‘shilib, vaziyat nihoyatda xatarli tus olgan…

…Tojibar telefon qiladi, yig‘lab turib “aka, Mirzakamni opqolaylik, ahvollari juda og‘ir, vrachlar ham umidli gap aytishmayapti, qandlari 27 ga ko‘tarilibdi, o‘pka nafas olishi 66 ga tushib ketibdi. Shundayam meni apparatga solishmasin, bo‘g‘ilib ket­yapman shundoq ham, deb turibdilar…”

Soat tungi o‘nlardan oshgan. Kimga dod deb boraman, shu paytda… Oxiri, qo‘l telefon raqamini topib, yana bir katta rahbarlarimizdan biriga qo‘ng‘iroq qildim. U nomini aytishim bilanoq, “xabarim bor, har soatda bizga axborot berilyapti, biz Samarqanddamiz, Sog‘liqni saqlash vaziri o‘sha kasallardan bevosita xabardor bo‘lish uchun Toshkentga qaytib ketdilar, Prezidentimiz shaxsan o‘zlari nazoratga olganlar, barcha choralar ko‘ril­yapti, ammo kasalning ahvoli o‘ta og‘ir” dedi.

Tojibarga qo‘ng‘iroq qildim, aytdim bo‘lgan gap­larni, u ovozli xabar yozib, shu gaplarni Mirzakamga eshittiraylik, dalda bo‘ladi dedi. Mirzaxonning salomatligi shaxsan oliy rahbarning nazoratida ekanini aytib, ovozli xabar yubordim. Ertan borib, shifokorlari bilan uchrashishni rejalashtirdim. Biroq afsus, ming afsuski ertasi – 16 aprel kuni o‘lim mujdasi keldi… anglab-ang­lolmay qoldim, nahot o‘lim otliq mudhish voqelik shu qadar oson ro‘y bersa?! Ollohim! O‘zingning hukmingga bosh egishga majburmiz. Lekin…

Shu kuni asrda Chig‘atoy qabristoniga qo‘ydik, shundoqqina Razzoq aka Hamrayev qabrining ortidan qo‘yildi. Ha, bu ham tasodif emasdir, albatta. Necha yillar Muqimiy teatriga rahbarlik qilgan buyuk aktyor Razzoq Hamrayev ortida dafn etilgan Mirzaxonning ulug‘ ustozga yana bir ehtiromidek tuyu­ladi, go‘yo…

Mirza Azizov ham aktyorlik umrini Muqimiy teatrida boshlab, umri so‘ngigacha borini shu dargohga berdi. Uning obro‘si, sha’ni shukuhi uchun kurashdi. Xalqaro festivallarga olib bordi, yonidan mab­lag‘ sarflab bo‘lsa ham. Aktyor, xizmatchilarining uy-joyi, shaharga ro‘yxatga olinishi uchun yelib-­yugurdi, yetsa moli, yetmasa joni degandek, san’atdagi obro‘-e’tibori, mashhurligini faqat shu jamoa manfaatlari uchun nisor etdi. Turli joylardan taniqli rejissyorlarni chaqirib, spektakllar qo‘ydirdi. Jamoaning ijodiy barkamolligi uchun jonfidolik qildi. Goho, qo‘ying, o‘zingizni o‘qqa-cho‘qqa uravermang, baribir birov minnatdor bo‘lmaydi deb nasihat qilganlarga holu ahvolni bildirib, ko‘ngil tubidagi orzusini aytib qolardi: “To‘xtasin Jalilov, Lutfixon aya, Razzoq Hamrayev, Soyib Xo‘jayev, Mahmudjon G‘afurov, Hamza Umarovlar an’­analari o‘lmasligi kerak, men shu ishni qilmasam, kim qiladi?! Ularning orzusi Muqimiy teatrini “Akademik teatr” maqomiga yetkazish edi. Mening orzuim ham shu barcha yonib-kuyish­larim bir chekkasi shu orzuim ro‘yobiga qaratilgan. Axir shunday dorilamon kunlarda el-yurtga xizmat qilmay, Prezidentga dalda bo‘lmay, chetda turish gunoh-ku. Biroz yo‘talib yuribman, beldagi “grija” ham qiynayapti. Lekin o‘tib ketadi bular. Keraksan, kel deb tursa xalq, yurt rahnamolari, bormay tursam uyat bo‘ladi, andisha qilaman, aka”, — der edi.

“Yosin” tilovati ohanglarida dilgir o‘tiribmanu, xotiramda shu gaplar, ukaginam­ning minbarlarni to‘ldirib: “yig‘layverdim, yig‘layverdim — ko‘z oldimda O‘zbekiston doim bo‘l omon!” degan otashin chiqishlari.

Qabristondagi ulug‘larimizning qabr tosh­lariga ko‘zim tushib, yana bir fikr ko‘nglimdan o‘tdi. San’at, adabiyot ahlining aksariyati olt­mish yoshga yetib-yetmay yoki ozginagina o‘tib vafot topgan ekanlar… Nega shunday?

Nega bu hunar oydinlarining san’ati, hayrati uchun tinimsiz olqishlaymizu, biroq qadriga yetib, izzatini joyiga qo‘yavermaymiz. Chekka hududmi, tumanu viloyat gavjumliklariga taniqli san’atkor, shoir-adiblar borsin deb, quloch-quloch ro‘yxatli hujjatlar chiqaramizu, bu toifa mardumning holidan xabar olavermaymiz. Safarga jo‘natuvchilar, mutasaddilar avval ularni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, holu ahvolini batafsil bilib, so‘ng zarur safar anjom bilan ta’minlab, yo‘lga yo‘llamaydimi?! Nima bo‘lsa ham nomi chiqqan insonlar viloyatlarga uchrashuvlarga borsayu, oliyu oddiy farmoyish, bayonnomalar bajarilsa… Boz ustiga o‘sha hududlarga ham majburiyat tufayli “kunda-shunda” bo‘lib qolgan san’at, adabiyot ahliga e’tibor birdek emas. Ha-da, gala-gala qilib yuborilayotgan ma’naviyatchilarning, madaniyat namoyandalarining kundalik yotish-turishi, yeb-ichishi bor. Kimga yoqadi, ha deganda kelaveradigan mehmon?!

Respublika Kino arboblari uyushmasi yaxshi niyat bilan buyuk shoirimiz Muqimiy hayotiga bag‘ish­langan yangi badiiy film premerasini viloyatlarda o‘tkazaylik deb “Kino kunlari” doirasida Navoiy viloyatiga bir necha Xalq artisti, San’at arbobi, xizmat ko‘rsatgan san’atkorlarni yo‘llasa, mehmonlar “sovuq osh”dek qabul qilinib, premera film tomoshasiga quyi sinflar maktab o‘quvchilarini olib kelib o‘tkazib qo‘yibdi, baraka topgur mutasaddilar. Kulasizmi yo yig‘laysizmi bu holu ahvolga — borsang ham bir balo, bormasang ham…

Fathulla Ma’sudov Xorazmga, Mirzaxon esa Qashqadaryo safariga borib kelib, shu dardi bedavoga duchor bo‘lib o‘tdilar. Hamsafarlarining aytishicha, Qashqadaryoda dalayu dashtni kezib, hatto bog‘chalargacha borib uchrashuvlar o‘tkazilibdi. Mirzaxon o‘zi Toshkentdan ketishda biroz xastalanib turgan ekan. Safarda xuruj zo‘rayib, poyezdda kela-kelguncha harorat olovida yongan. Kelgach, bu gazanda virusni ayoliyu bolalariga ham yuqtirib, butun oila ichi bilan Zangiotadagi kasalxonaga tushgan. Ko‘ringki, o‘n sakkiz kun deganda holi ahvolidan ezilib ketib, yordam so‘rab murojaat qilgan…

Xo‘sh, buning savol-javobi bormi? Ma’naviyat, madaniyat, san’at ahlini muntazam ijtimoiy hi­moyada saqlaydigan tizim bormi o‘zi?! Yurtboshimizdan barcha ahli adabiyot va san’at dildan minnatdorki, mamlakatimizda bu sohalar rivojiga favqulodda imkoniyatlar yaratilmoqda, oliy farmonu qarorlar qabul qilinib, muhtasham muassasalar barpo etilmoqda. Ammo “shunday Vatanimiz bo‘la turib”, o‘shanday go‘zal muassasalarni obod etguvchilarga quyida e’tibor o‘shandaymi? Nahotki beistisno har kuni televideniye kanallarining kamida to‘rt-beshtasida turli serial va ko‘rsatuvlarda chiqib turgan, bugun Respublika ahliga taniqli qiyofani zangiotalik shifokorlar taniyolmagan bo‘lsa? Jilla qursa, ko‘zdagi adabiyot-san’at ahlini ko‘z qorachig‘idek asrab bilaylik. O‘zbekning onasi Farmonbibining Sottixon kelini Dilbar Ikromovayu Abdurayim Abduvahobovdek “shum bola”sini, Fathulla Ma’sudu Mirza Azizovini yana qachon tug‘arkin-a?!

Billoh, ko‘nglimni cho‘ktirib, taassuflarimni olovlantirib turgan “gina”larimni qog‘ozga tushirdim. Bu tegrada o‘zimni ham farishta qilib ko‘rsatmoqchi emasman. Yoshi olt­mishga yaqinlashib ayni ijodiy kamolotga erishgan pallada rizqi uzilgan ukalarimning xotirasi oldida kamina ham aybdordek his qilaman o‘zimni. Netayki, “osmon uzoq, yer qattiq”. Taskin — bir kalima Qur’on oyatiyu, nurli xotiralar, xolos.

Tavsiya etamiz






Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан