Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Federalist №4-5: Xulosalar. Jon Jey tarjimai holidan lavhalar
12.01.2020 14:01,  
419

“Federalist” turkumida yozilgan maqolalarning xulosalarini bayon qilishni davom etamiz va ilova sifatida mualliflardan Jon Jey hayotining bir qismini keltirib o‘tamiz.

Avvalgi maqolalar:

Federalist №1: “Davlatga poydevor qo‘ygan "uch bloger". Kirish”
Federalist №2: “Birlashish ahamiyati”
Federalist №3: “Tashqi va ichki xatarlar”

“Federalistning” 4-soni (1787 yil 7 noyabr) avvalgi mavzuda, ya’ni davlatning tashqi va ichki xatarlariga qarshi turish uchun viloyatlar yagona markazlashgan hukumat ostida birlashishining zarurati haqidadir. Maqolaning muallifi hamon Jon Jey bo‘lib, federalizm g‘oyasini izchillik bilan asoslashda davom etadi:

1. Avvalgi maqolada shtatlar yagona hukumat ostida bo‘lmay tashqi ishlar siyosatida xatolarga yo‘l qo‘yishlari va natijada adolatli urush sodir bo‘lish ehtimoli oshishi haqida edi. Qo‘shni davlatlar tarafidan e’lon qilingan urush har doim ham adolatli bo‘lavermaydi. AQShning kelajakda iqtisodiy va savdo taraqqiyoti monarxiya davlatlari hasadini keltirib chiqarishi va ularni bu hasad urushga undashi mumkin. Yoki dengiz yo‘llarida raqobatni yengish bahonasida harbiy urush ochish qo‘shnilar nazdida samarali chora bo‘lib ko‘rinishi ham mumkin. Afsuski, bir davlat boshqa davlatga zo‘ravonlik qilib, o‘zini boyitib olishga intilishi ko‘p sodir bo‘lgan. Buzg‘unchi tabiat insonga hos ekanligini unutmaslik lozim.

2. Tashqi hujum vaziyatida ittifoqchi shtatlar o‘zaro yordam berishga kelishilgani ma’lum edi. Ammo har bir shtatning (yoki uch-to‘rt shtatlar konfederatsiyasining) o‘z armiyasi, o‘z floti bo‘lgani g‘alabani osonroq qiladimi yoki umumiy qo‘mondonlik ostidagi katta va yagona armiya faoliyati samaraliroq bo‘ladimi? Bu savolga javobni tarixdan olgan ma’qul.

Ma’lumki Britaniyaning hech qachon tashqaridan ishg‘ol etilmagan va uning ko‘pgina tashqi urushlarda g‘alaba qozonib kelgan. Buning asosiy omili – Britaniya imperiyasi tarkibidagi to‘rt mamlakat Angliya, Shotlandiya, Irlandiya va Uelsning armiyalari yagona qo‘mondonlik ostida boshqarilganligi. Agar shu to‘rt mamlakatning alohida armiya va flotlari ayri qo‘mondonlik ostida harakat qilganlarida ular umumiy g‘alabaga hech qachon erisha olmas edilar.

3. Barcha shtatlardan jamlangan katta sonli qo‘shinni tartibga solish, harakatlarini boshqarish, uning moddiy ta’minoti bilan markazlashgan hukumat shug‘ullangani ma’qul. Bunday tizimda kuchli armiya yuzaga keladi. Kuchli armiyaning borligi xalqni xotirjam qiladi, osoyishta hayot ostida esa mamlakat rivojlanadi. Tashqi siyosatda kuchli armiya diplomatlarning davlat manfaatlari uchun dadilroq harakat qilishlariga imkon beradi. Davlatning harbiy iqtidori yuqori bo‘lishi chet el davlatlarni hurmat va ehtiyotkorlik bilan muomala qilishga undaydi, ularni buzg‘unchilikdan to‘sib turadi.

4. Agar mamlakatda parokandalik saqlanib qolsa kuchli davlatlar uchun turli siyosiy o‘yinlar va fitnalar vositasida shtatlarni bir biriga gij-gijlashi oson bo‘ladi. Qaysidir shtatning Ispaniyaga moyilligi ortib, boshqasi Britaniya yoki Fransiya nayi ostida o‘ynay boshlaydi, katta imperiyalar o‘rtasida sodir bo‘layotgan nizolarda o‘yinchoq bo‘ladi va buning natijasida butun millat zaiflashadi. Bunday holatda boshqa shtatlarning to‘g‘ri tashqi siyosat olib borishi ham kor qilmaydi chunki ayirmachilikdan hosil bo‘lgan balo barcha shtatlarning boshiga tushadi.

* * *

“Federalistning” 5-sonida (1787 yil 10 noyabr) Jon Jey yuqoridagi mavzuni davom etadi.

1. Shtatlar yagona davlat ostida birlashsa ular o‘rtasidagi ziddiyatlar yumshaydi va tashqaridan keladigan xatarlardan himoyalanib oladi. Dushman o‘z raqibining zaiflashuvini doimo istaydi, shuning uchun ham mamlakatning parokandaligida faqat g‘animlar manfaatdordir.

2. Mamlakatda markazlashgan hukumat bo‘lmas ekan viloyatlar o‘rtasidagi ziddiyatlar avjiga chiqib ketadi. Undan tashqari, qaysidir viloyat yaxshi boshqaruv ostida rivojlanib, boshqasining omadi unchalik yurishmaydi. Natijada tengsizlik vujudga keladi va tabaqalanish keskinlashadi. Ba’zi shtatlarda hasad kuchayib, boshqasiga nisbatan hujum qilish ishtiyoqi paydo bo‘ladi va Yevropada odat tusiga kirgan mahalliy urushlar uchun sharoit paydo bo‘ladi.

3. Parokanda shtatlar o‘zlarini qo‘shni shtatlardan himoya qilish maqsadida xorijiy davlatlar ko‘magini istab qoladilar. Yevropaliklar uchun bu ayni muddaodir, chunki o‘z xarbiy bazalarini “ittifoqchi” shtatlarda joylab olishlari bilan ular o‘z siyosiy ta’sirlarini shtatlar hukumatlariga o‘tkaza boshlaydilar. Qadimda Rim o‘z “himoyasiga” olgan yurtlarni osonlik bilan o‘zining mustamlakasiga aylantirib olar edi. Mamlakat portlariga begona davlatning harbiy flotini, shuningdek hudud ichkarisiga begona armiya qismlarini kiritish osondir, lekin keyinchalik ularni xaydab yuborish mushkul bo‘lishini unutmaslik kerak.

4. Erkinliklarni kim yaxshiroq himoya qila oladi: birlashgan davlatmi yoki alohida mustaqil shtatlarmi? Bu masala haqida xalq holislik bilan fikr yuritishi va kelajagi uchun to‘g‘ri qaror chiqarishi kerak.

* * *

Beshinchi maqolani Jon Jey tugatgach “Federalist” turkumidagi keyingi risolalar Aleksandr Hamilton va Jeyms Madison tarafidan yoziladi. Jeyning to‘satdan kasal bo‘lib qolishi uni bu ishdan uzoq muddatga to‘xtatib qo‘yadi.

* * *

Ilova

Jon Jeyning tarjimai holidan lavhalar

Jon Jey 1745 yilda Nyu York shahrida badavlat savdogar oilasida tug‘ilgan. Uning ajdodlari ta’qiblardan qochgan gugenotlar (fransuz protestantlari) va boylik istab kelgan gollandiyaliklardan bo‘lgan edi. Jon yoshligidan falsafa va huquq faniga qiziqib, yuridik faoliyat haqida orzu qiladi. “Qirollik kolleji” (xozirgi Kolumbiya universiteti)ni bitirgach advokat bo‘lib ishlaydi.

Bolalik davridan u xudojo‘y bo‘lib, umrining oxirigacha deyarli har oqshomda Bibliyani (Tavrot va Injil) o‘qir va kitobdan o‘z hayoti uchun hikmatlar izlar edi. Uning xarakteriga bosiqlik va murosago‘ylik hos edi, shu sababdan bo‘lsa kerak, u avvallari siyosat bilan faol shug‘ullanishga unchalik qiziqmaydi. Jey olti farzand otasi va o‘z rafiqasiga vafodor oila boshlig‘i sifatida yaxshi nom qoldirgan.

1760-70-yillarda Amerikadagi ingliz koloniyalari va Britaniya imperiyasi o‘rtasida avj olgan ziddiyatlar Jonni bezovta qila boshlaydi. Chunki uning ko‘pgina do‘stlari butun xalq qatori qarama qarshi toifalarga, “loyalistlar” (Britaniya boshqaruvida qolish tarafdorlari) va “vatanparvarlar” (mustaqillikni istovchilar)ga bo‘linib qolgandi.

Jon bu muammolarni xolis tahlil qilib, adolat “vatanparvarlar” tarafida ekanligiga amin bo‘ladi va ular bilan hamkorlik qila boshlaydi. Lekin shu bilan birga “qirol va uning ayonlari bexabarliklari sababidan xato qarorlar chiqarib qo‘yishyapti, shuning uchun ularga muammolarni to‘g‘ri yetkazish orqali mojaroni hal qilish kerak”, deb hisoblaydi va “mustaqillik deklaratsiyasi”ga o‘z imzosini qo‘ymaydi. Mana shu sababli Joy Jeyni ba’zi tarixchilar “ikkilanuvchan inqilobchi”, deb ataydilar.

Britan hukumati siyosatining keskinlashib borgan sari Jeyning imperiyadan ajralib chiqishga moyilligi ortib boradi va xatto 1777 yilda Nyu York shtati uchun alohida konstitutsiya yozib beradi. Jey yangi paydo bo‘layotgan davlatning huquqiy tizimi ingliz qonunchilik an’anasi asosida saqlab qolishga e’tibor beradi. Nyu York shtatida Bosh sudya lavozimida ikki yil ishlaydi va shtatlararo majlis konventiga a’zo etilib saylanadi.

AQShga “asos solgan otalar” Jeyning murosachilik tabiati va sabr bilan muzokara qilish qobiliyatiga etibor beradilar va uni Benjamin Franklin va Jon Adams qatori Yevropaga elchi qilib jo‘natadilar. Uning asosiy vazifalariga AQSh mustaqilligini Yevropa davlatlarida rasman tan olishga undash, ular bilan iqtisodiy aloqalarni o‘rnatish va Britaniya bilan urushni tezroq yakunlash uchun diplomatik choralarni bajarish kiradi.

1779-1784 yillarda Jeyning diplomatik faoliyati ko‘p qiyinchiliklar bilan kechadi. Lekin shunga qaramay tarixchilar Jeyning ishi AQSh uchun ijobiy natijalar keltirgan deb hisoblaydilar. Bunday bahoni uning zamondosh davlat arboblari ham berganlar: Jeyning vataniga qaytib kelishi bilan uni shtatlar ittifoqining tashqi ishlar vaziri etib tayinlaydilar.

Jey markaziy hukumatda xizmat qilar ekan uni shtatlarning birlashmay qolganligidan xavotirda bo‘ladi va bir necha federalistlar (markaziy hukumat ostida shtatlarni birlashtirish tarafdorlari) bilan birgalikda Amerika Qo‘shma shtatlarining yangi Kontistutsiyasi loyihasi ustida ishlaydi.

Konstitutsiya loyihasiga nisbatan ko‘pgina shtatlarda, ayniqsa Jeyning vatani bo‘lmish Nyu-York shtatida qarshilik paydo bo‘ladi va davlatni birlashtiruvchi Asosiy Qonun – umumiy konstitutsiyani qabul qilinishi savol ostida qoladi. Bunga asosiy sabab mustaqillik mazasini totgan amerikaliklar Britan imperiyasiga o‘xshash yangi zolim tuzumga bo‘yso‘nib qolishdan qo‘rquv mavjudligi edi. Shunda Jey vatandoshlarini ayrilikning kattaroq xatarlaridan ogohlantirish va ularga federal davlatning foydali taraflarini tushuntirish maqsadida Aleksandr Hamilton va Jeyms Madison bilan birgalikda “Federalist” turkumi maqolalarini yozishga kirishadi.

Jey 1787 yili to‘rtta “Federalist” maqolalarini yozib beradi. Ammo kutilmagan bir voqea uni bu ishdan to‘sib qo‘yadi. Amerikada “tibbiyot talabalari va ustozlari anatomiyani o‘rganish bahonasida qabristondan murdalarni o‘g‘rilamoqda, ular xatto qotillik qilmoqda!”, degan mish-mish keng tarqaladi. Quturgan olomon Nyu Yorkdagi Kolumbiya kolleji (xozirgi mashhur Kolumbiya universiteti) binosiga bostirib kelib, bilim dargohini vayron qiladi, ammo u yerda shifokorlarni topa olmaydi.

Ko‘p o‘tmay kollejning tibbiyot fani professor va talabalarini shahar qamoqxonasida hukumat vaqtincha yashirib qo‘ygani oshkor bo‘ladi. Katta olomon tibbiyotchilarni samosud qilish maqsadida qamoq binosiga xujum uyushtiradi. Jon Jey, do‘sti Aleksandr Hamilton va boshqa ma’rifatparvarlar bilan birgalikda xalqni tinchlantirish va bechora mediklarni himoya qilishga chiqadilar.

Katta to‘qnashuv natijasida yigirma kishi halok bo‘ladi. Qo‘zg‘olonchilar tarafidan otilgan katta tosh Jon Jeyning boshini yorib, og‘ir jarohat yetkazadi va uning uzoq vaqtga siyosiy faoliyatdan chetlanib qoladi. Jey mazkur hodisadan bir oz vaqt oldin vatandoshlarini “intelligent and well-iformed people” – “oqil va bilimdon xalq”, deb “Federalist” maqolasida atagan edi... Sog‘ayib ketgach, u faqat “Federalist”ning 64-sonini yozib beradi. Jeyning keyingi hayotini bayon qilishga o‘z navbatida yana qaytamiz.

* * *

Keyingi maqola ­– Aleksandr Hamilton qalamiga mansub. Matn shtatlar o‘rtasidagi nizolar mavzusiga bag‘ishlangan bo‘lib, turli tarixiy misollar bilan boyitilgan.

Tavsiya etamiz






Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан