Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






10 ming qadam yurganga pul to‘lash haqidagi “va’da” hukumat qarori loyihasiga kelib “unutildi”mi?
29.01.2021 08:50,  
2360

2020 yil 30 oktyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sog‘lom turmush tarzini hayotga keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilingan edi.

Ushbu Farmonda aholini kunlik yurish va yugurishga targ‘ib qilish maqsadida “Sog‘lom turmush tarzi” (www.1hls.uz) platformasi yaratilishi belgilangan edi.

Unga ko‘ra, “bir sutka davomida 10 ming va undan ortiq qadam yurgan 18 va undan yuqori yoshdagi O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining elektron hamyoniga 3 ming so‘m;

bir oyda bir marta tuman (shahar) bo‘yicha eng ko‘p yurgan shaxsga 300 ming so‘m, hududlar bo‘yicha eng ko‘p yurgan shaxsga 500 ming so‘m, respublika bo‘yicha eng ko‘p yurgan shaxsga 1 mln so‘m qo‘shimcha ravishda platformadagi elektron hamyoniga o‘tkaziladi”, deyiladi Davlat rahbari imzolagan hujjatda. Farmondagi mazkur band jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otgan edi.

Shuningdek, Farmonda mazkur ishlarni moliyalashtirish aholi salomatligi uchun zararli bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqaruvchilardan maxsus yig‘im joriy etish hisobidan amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgan- deya yozmoqda "Xalq so‘zi gazetasi"

“Sog‘lom turmush tarzi” platformasini ishlab chiqish va unga xizmat ko‘rsatish va keyinchalik modernizasiyalash bo‘yicha buyurtmachining funksiyalari Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga yuklatilgan.

Bugun Hukumatning “Sog‘lom turmush tarzi” platformasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”ga qarori loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

Biroq unda Prezident Farmonida keltirilgan fuqarolar elektron hamyoniga pul to‘lash haqidagi tartiblar aks etmagan. Shu bois hujjat loyihasi ancha tushunarsiz, bir qancha savollar keltirib chiqarmoqda.

Xususan, qaror loyihasida “Sog‘lom turmush tarzi” platformasida ro‘yxatdan o‘tgan va undan foydalangan jismoniy shaxslar soniga hamda ularning sport natijalariga qarab davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarini har chorak yakuni bo‘yicha baholash reyting tartibi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan.

Qaror loyihasiga berilgan tushuntirish xatida aytilishicha, Prezidentning 2020 yil 30 oktyabrdagi “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan Vazirlar Mahkamasining “Sog‘lom turmush tarzi” platformasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi ishlab chiqilgan.

“Sog‘lom turmush tarzi” platformasi 2021 yil 1 martga qadar ishlab chiqiladi.

2021 yilning 1 martdan boshlab Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan “Sog‘lom turmush tarzi” platformasida ro‘yxatdan o‘tgan va undan foydalangan jismoniy shaxslar soniga hamda ularning sport natijalariga qarab vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining har chorak yakuni bo‘yicha reytingi tuziladi va ular faoliyatiga Vazirlar Mahkamasi tomonidan baho beriladi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi “Sog‘lom turmush tarzi” platformasini amaliyotga joriy etilgandan so‘ng undan ro‘yxatdan o‘tgan va undan foydalangan jismoniy shaxslar soniga hamda ularning sportni rivojlantirish natijalari yuzasidan Ishchi guruh tomonidan shakllantirilgan hisobotlar asosida har chorak yakuni bo‘yicha vazirlik va idoralar rahbarlari faoliyatiga baho berish amaliyotini joriy etgan holda ularning ochiq reytingini shakllantiradi.

Tashkilotlarning rahbarlarini sport natijalari reytingi har chorak yakuni bo‘yicha to‘plagan umumiy ballarini aniqlash yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Sport natijalari bo‘yicha g‘olib tashkilotlarni aniqlash quyidagicha amalga oshiriladi:

a) “Sog‘lom turmush tarzi” platformasidan ro‘yxatdan o‘tgan tashkilot xodimlari soni (jami xodimlar soniga nisbatan foizda) – 25 ballgacha;

bir sutka davomida o‘n ming va undan ortiq qadam yurgan eng ko‘p tashkilot xodimlari soni (jami xodimlar soniga nisbatan foizda) – 20 ballgacha;

ushbu sport natijalarini eng ko‘p muntazam ravishda (har bir xodim 7 kunda kamida 2 marta) davom ettirayotgan tashkilot xodimlari soni uchun – 20 ballgacha;

bir sutka davomida o‘n ming va undan ortiq qadam yurgan tashkilotning 50 yoshdan oshgan eng ko‘p xodimlari uchun qo‘shimcha ravishda – 10 ballgacha baholanadi.

b) tashkilotlarda rahbar va xodimlarning jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanishlari uchun maxsus sport komplekslari (trenajyor, fitnes zallar va boshqalar) tashkil etilganligi – 10 ballgacha;

tashkilot xodimlari o‘rtasida sport musobaqalari tashkil etilganligi (haftada kamida bir marta) – 15 ballgacha.

Tashkilotlarning sport natijalari 100 ballik reyting tizimi asosida quyidagicha baholanadi:

85,0 – 100 ball to‘planganda – “namunali”;

71,0 – 84,9 ball to‘plaganda – “yaxshi”;

50,0 – 70,9 ball to‘plaganda – “qoniqarli”;

49,9 ball va undan kam ball to‘plaganda “qoniqarsiz”.

Tashkilotlarning sport natijalari bo‘yicha yakuniy reyting baholari Ishchi guruh bayonnomasi bilan tasdiqlanadi.

Har chorak yakunida reyting ballari natijalari bo‘yicha “namunali” deb topilgan tashkilotlar rahbarlarini rag‘batlantirish mos ravishda tuman (shahar), hududiy va Respublika sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasida nazarda tutilgan ommaviy sport tadbirlarini o‘tkazish uchun rejalashtirilgan mablag‘lar hisobidan qoplanadi.

Hukumat qarori loyihasida bir sutka davomida 10 ming va undan ortiq qadam yurgan 18 va undan yuqori yoshdagi O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining elektron hamyoniga 3 ming so‘m;

bir oyda bir marta tuman (shahar) bo‘yicha eng ko‘p yurgan shaxsga 300 ming so‘m, hududlar bo‘yicha eng ko‘p yurgan shaxsga 500 ming so‘m, respublika bo‘yicha eng ko‘p yurgan shaxsga 1 mln so‘m qo‘shimcha ravishda platformadagi elektron hamyoniga o‘tkazilishi haqida hech bir o‘rinda aytib o‘tilmagan.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан