103 raqamiga qo‘ng‘iroq qilganida 10 soniyada javob berish tizimi joriy qilindi – Bosh prokuratura

103 raqamiga qo‘ng‘iroq qilganida 10 soniyada javob berish tizimi joriy qilindi – Bosh prokuratura

Bugun AOKA huzuridagi shtabda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsuddinov ishtirokida brifing o‘tkazildi. Brifingdan quyidagi ma’lumotlar berildi:

- Toshkent shahrida qo‘ng‘iroqlarni qabul qilish bo‘yicha tez yordam markaziy stansiyasida qo‘shimcha 70 ta «Koll-markaz»lar uchun joy tashkil etildi;

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida tibbiy maslahat ko‘rsatish bo‘yicha 50 nafar ko‘ngilli shifokordan iborat «Koll-markaz» o‘z ishini boshladi. Shu kunga qadar 36 mingdan ziyod murojaat yuzasidan tibbiy maslahatlar berilgan;

Prokuratura organlari tomonidan uzluksiz ravishda barcha ko‘ngilli ishchilarga maxsus kiyimlar va bepul kunlik oziq ovqat yetkazib berilishi tashkillashtirilgan;

Tez tibbiy yordam xizmati avtomobil parkini kengaytirish va shu bilan aholining tez tibbiy yordam xizmatiga bo‘lgan zaruratini qondirish maqsadida qo‘shimcha 50 ta «Damas», 12 ta «Foton» va 27 ta “Isuzu” maxsus avtomashinalari tez tibbiy yordam markaziy stansiyasiga ajratilishi hamda davlat raqamlari olib berilishi ta’minlandi;

Bundan tashqari, tez tibbiy yordam xizmatining 103 raqamiga qo‘ng‘iroq qilinganida dispetcher 10 soniyada javob berishi tizimi joriy qilindi;

Bosh prokuratura tashabbusi bilan tez orada “Shifoxona info” telegram bot kanali tashkil etilib, har bir kasalxonaga prokuratura xodimi biriktirilib, shahardagi kasalxonalarda mavjud bo‘sh o‘rinlar (koyka) hisobi yuritilishi yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan;

Shuningdek, hozirgi kunga qadar koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurash, davolash, dori-darmon va tibbiy jihoz hamda boshqalar uchun ajratilgan mablag‘larni sarflanishiga doir 10 jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan;

Oziq - ovqat mahsulotlarini tayyorlash va yetkazib berish jarayonidagi suiiste’molchiliklar yuzasidan 87 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani aytildi.