Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






1,1 trillion so‘mlik 500 ga yaqin davlat aktivlari xususiylashtirildi
3.07.2021 08:29,  
38

Davlat aktivlarini boshqarish agentligida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati bilan hamkorlikda “Demonopalizatsiya va davlat mulkini xususiylashtirish masalalari” mavzuida davra suhbati tashkil etildi.

Davra suhbatida Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi a’zolari, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi huzuridagi Davlat xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi mas’ullari, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi, Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devoni hamda Savdo-sanoat palatasi vakillari ishtirok etdi.  

Qayd etilganidek, mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirish va liberallashtirishning asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini kamaytirish, xususiy mulk rolini yanada mustahkamlash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni rag‘batlantirishga qaratilgan institutsional va tarkibiy islohotlarni amalga oshirishdir.  

–– O‘tgan 6 oy davomida 500 ga yaqin 1,1 trillion so‘mlik davlat aktivlari xususiylashtirildi, – deydi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Akmalxon Ortiqov. – Buni solishtirib ko‘radigan bo‘lsak, so‘nggi 4 yilda 3 mingga yaqin ob’yektlar 1,6 trillion so‘mga xususiylashtirilgan. Ya’ni, 4 yilda qilinadigan ishni hozir 6-7 oyda bajardik. Bu borada joriy yil oxirigacha bo‘lgan rejamiz katta. Davlat byudjetiga qo‘shimcha daromad tushirish asosida yana 6 trillion so‘m xususiylashtirish vazifasi berildi. Bunda, bir necha yo‘nalishlarda ishni tashkillashtirishni rejalashtirib oldik. Birinchi yo‘nalish mavjud xususiylashtirish ob’yektlarini tezroq sotuvga chiqarish. Bu bo‘yicha bevosita bizning agentlik, joylardagi hokimliklarga vazifalar belgilandi. Ikkinchi yo‘nalish, turli vazirlik va xo‘jalik yo‘nalishida bo‘lgan masofaviy va bugun zarar bilan ishlayotgan korxonalar va ko‘chmas mulk ob’yektlarini bozorga taklif etish. Bu yo‘nalishda ham dastlabki ishlar amalga oshirilgan. Yana bitta yo‘nalish – davlat ishtirokini qisqartirish bo‘yicha kelgusi yildagi rejalarimizni belgilash. Bu sohada dastlabki ishlar amalga oshirilmoqda. Yaqinda hukumat qarori bilan tugatilishi arafasida turgan, qayta tashkil etiladigan korxonalar ro‘yxati shakllantirildi. Ushbu ishlarni amalga oshiradigan bo‘lsak, joriy yil oxirigacha davlat ishtirokini 25 foizgacha qisqartirish imkoni yaratiladi.  

Davlat kompaniyalarini transformatsiya qilishni jadallashtirish hamda xususiy sektor ishtirokini kengaytirish va amalda davlat aktivlarini ochiq-oshkora va samarali sotish uchun xalqaro moliyaviy va huquqiy maslahatchilarni jalb etish yuzasidan davlatimiz rahbari tomonidan vazifalar belgilangan edi. Mazkur belgilangan vazifalar ijrosi doirasida bir qator ishlar amalga oshirildi.

Xususan, Prezidentimizning 2020 yil 27 oktyabrdagi “Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilinib, 556 ta davlat aktivi xususiylashtirishdan oldin tayyorlash va jozibadorligini oshirgan holda xususiy sektorga to‘liqligicha ommaviy savdolar orqali sotilishi hamda agentlik tomonidan 39 ta korxonada korporativ boshqaruv va moliyaviy audit joriy etgan holda ularning operatsion samaradorligining oshirilishi belgilangan.

Shuningdek, davlatimiz rahbarining 2020 yilda 11 fevraldagi “Davlat aktivlarini xususiylashtirish jarayonlarini yanada jadallashtirish to‘g‘risida”gi Farmoni bilan 29 ta yirik davlat aktivi, jumladan, “Qizil suv sport sog‘lomlashtirish” MChJ, “Beldirsoy”, “Chorvaq”, “Sijjak” dam olish maskanlari, “Ichan qal’a” mehmonxona majmuasi, “Poytaxt” biznes majmuasi va boshqa davlat aktivlarini sotish ko‘zda tutilgan.

Farmonlar ijrosi yuzasidan bugungi kunda 541 ta davlat ulushi mavjud korxonaning 247 tasi 2,3 trillion so‘m qiymatda savdoga chiqarilib, shundan 115 tasi 611,2 milliard so‘mga sotildi. Shu bilan birga, “Sosa-sola ichimligi” korxonasi, “O‘zagroeksportbank” va “Poytaxt bank” tijorat banklari, “Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi”, “Kvars”, “Trest-12” korxonalari va “Kafolat” sug‘urta kompaniyasining davlat ulushini sotish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.

Qolaversa, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 29 martdagi “2021-2025 yillarda davlat ishtirokidagi korxonalarni boshqarish va isloh qilish strategiyasini tasliqlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, davlat ishtirokidagi korxonalarga nisbatan “sot yoki tushuntir” tamoyili amaliyotga joriy etiladi. Natijada davlat ishtirokidagi korxonalar soni 2021 yilda 30 foizga, 2023 yilda 65 foizga va 2025 yilda 75 foizga qisqarishi rejalashtirilgan.

Davra suhbatida korporativ boshqaruv, davlat korxonalarini qayta tashkil etish va sohada mavjud muammolarni aniqlash, fikr almashish va zamonaviy yondashuv hamda usullar asosida agentlik faoliyatini tashkil etishning asosiy yo‘nalishlarini ishlab chiqish bo‘yicha ekspert Kengashini tuzish maqsadga muvofiqligi bildirildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining “Xususiylashtirish to‘g‘risida”gi va “Davlat mulkini boshqarish to‘g‘risida”gi qonunlarini ishlab chiqish hamda autsorsing, kraudsorsing, davlat ijtimoiy buyurtmasi, akkreditatsiya, sertifikatlashtirish va boshqa usullar orqali davlat funksiyalarini bosqichma-bosqich xususiy sektorga o‘tkazish asosida iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish va samarali raqobat muhitini shakllantirish hamda tadbirkorlar uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish takliflari o‘rtaga tashlandi.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан