Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






2019-nCoV koronavirusi qanday tarqalyapti?
23.01.2020 19:08,  
2114

Nafas yo‘llariga zarar beradigan va insondan insonga o‘tishi mumkin bo‘lgan Xitoydan tarqalayotgan yangi virus allaqachon yuzlab kishilarga .. Yangi virusning tarqalish markazi Xitoyning Xubey provinsiyasidagi Uxan shahri bo‘lib, u yerda 8,9 million kishi istiqomat qiladi.

2020 yil 22 yanvar, chorshanba kuni Xitoy mintaqaviy davlat televideniyasi mahalliy hokimiyatga tayanib tarqatgan xabarda aytilishicha, shu kuni soat 12:00 ga qadar Xubey provinsiyasida ushbu virus tufayli 17 kishi halok bo‘lgan. 

Jamoat transportining to‘xtatilishi

Chorshanba kuni Xitoy hukumati infeksiya tarqalishining oldini olish uchun Uxandagi jamoat transporti faoliyatini vaqtincha to‘xtatishga qaror qildi.

Avtobus, metro, parom va yo‘loovchilarni uzoq masofaga tashish bilan shug‘ullanadigan transport turlari mahalliy vaqt bilan 23 yanvar soat 10 dan boshlab ishlashni to‘xtatdi. 

Shahar aholisi uchun aeroport va temiryo‘l bekatlari ham yopildi. 

Virus ilk bor aniqlangan Uxan shahri 23 yanvar kuni tashqi dunyodan uzildi

 

Uxan – Pekin yoki Shanxayga solishtirganda ancha kichik, ammo u butun dunyo bilan transport va iqtisodiy aloqalar bilan bog‘langan yirik shahar. Uxandan London, Parij, Dubay va boshqa ko‘plab xorijiy shaharlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo qatnovlari mavjud. 

Xitoy hukumati mamlakat fuqarolariga bir joyda guruh bo‘lib to‘planmaslik va Uxanga bormaslik, Uxanda bo‘lganlarga esa u yerni tark etmaslikni tavsiya qildi. 

“Eng asosiysi – Uxanga bormang. U yerda bo‘lganlarni esa shahardan chiqmaslikka chaqiraman”, degan Xitoy Sog‘liqni saqlash davlat qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Li Bin. 

Virus qayerdan paydo bo‘ldi?

Hukumatning hisoblashicha, dengiz mahsulotlari, qushlar, ilonlar, quyon va boshqa jonivorlar sotiladigan Uxan bozori yangi virusning manbai bo‘lgan. Bu yerda allaqachon tirik qush va chorva mollarini sotish taqiqlandi; shaharning yirik transport tarmoqlarida ventilyasiya tizimining ishlashi kuchaytirildi; Uxanni tark etayotganlarga esa tana haroratini o‘lchatishi shart qilib qo‘yildi. 

“Biz bu kasalllik yovvoyi hayvonlarning noqonuniy savdosi bilan shug‘ullanilgan bozordan kelganini bilamiz. Ehtimol, virusning tashuvchisi biron-bir hayvon bo‘lgan, keyin u odamga o‘tgan”, dedi Kasalliklarni nazaorat qilish va oldini olish markazi direktori Gao Fu. 

Virus manbai Uxandagi Huanan dengiz mahsulotlari va tirik hayvonlari bozori deb taxmin qilinyapti 

 

Hozirgacha virus yuqtirilgan 630 ta holat aniqlangan, kasallik allaqachon Xitoyning boshqa provinsiyalariga ham tarqalgan, shuningdek, AQSh, Tailand va Janubiy Koreya hududlariga ham kirib borgan.

Mansabdorlarning aytishicha, 2019-nCoV deb atalgan virus asosan havo-tomchi yo‘li orqali o‘tadi. 

“Virusning odamdan odamga o‘tish yo‘lini aniq bilish hali oldinda turgan vazifa bo‘lsa ham uning mutatsiyaga uchrash (rivojlanib borish) ehtimoli bor. Shuningdek, kelgusida epidemiyaga aylanib ketish xavfi ham bor”, deb qo‘shimcha qilgan Li Bin.

2 000 dan ortiq inson virus bilan kasallangan bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan. Bundan tashqari, Uxanda kamida 15 nafar tibbiyot xodimi bemorlardan virusni yuqtirib olgan. 

Yuqumli kasallikning tarqalishi

Hukumat virusning tarqalish tezligi oshishidan xavotirda. Chunki oy taqvimiga binoan nishonlanadigan yangi yil bayrami vaqtida Xitoy bo‘ylab millionlab kishilar u yerdan-bu yerga sayohat qiladi, minglab xitoyliklar xorijga chiqib keladi. 

Mutaxassislar ko‘plab zararlanish holatlari haligacha aniqlanmay qolyapti, degan xavotirda. London imperial kolleji Yuqumli kasalliklarning global tarqalishini tahlil qilish markazi hisob-kitoblariga ko‘ra virusdan zararlanish holati 1 700 dan oshishi mumkin. 

Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti (JSST) chorshanba kuni dunyoga yangi epidemiya xavf solayotgan bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirdi. 

Yangi virus haqida nimalar ma’lum?

  • 2019-nCoV virusi – koronavirusning bir turi, shu paytgacha uning odamdan odamga o‘tish kuzatilmagan edi
  • Koronaviruslar – 38 turni o‘z ichiga olgan viruslar oilasi, ulardan faqat 6 tasi (yangisi bilan qo‘shib hisoblaganda 7 tasi) odam organizmini zararlantiradi
  • Tadqiqotchilarning aytishicha, virus odamlarga hayvonlardan o‘tgan, ammo odamdan odamga o‘tish qobiliyatiga ham ega
  • Ushbu virus bilan zararlanganlik alomatlari: yuqori tana harorati, yo‘tal, nafas olishning qiyinlashishi
  • Odamlarga hayvonlarga yaqinlashmaslik, qaynatilmagan yoxud qovurilmagan go‘sht va tuxum yemaslik, shuningdek, shamollash va gripp alomatlari bo‘lgan bemorlar bilan aloqaga kirishmaslik maslahat beriladi. 

Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti

Payshanba kuni Uxar xalqaro aeroportining ma’lumotlar ekranida faqat bitta asosiy xabar berildi: "Parvoz bekor qilindi" 

 

Britaniyaning xavotiri

Britaniya hukumati 2019-nCoV virusi tarqalib ketmasligi uchun Uxandan Londonning Hitrou aeroportiga keladigan uchib keladigan yo‘lovchilarini kuzatuvdan o‘tkazishga va’da berdi.  

Angliya Sog‘liqni saqlash boshqarmasi (Public Health England) kasallikning aholi uchun tahdidini “favqulodda quyi”dan “quyi” darajasigacha ko‘targan.  

Hukumatdagi manbalarning aytishicha, quyidagicha choralar ko‘rilishi belgilangan:  

  • Uxandan kelgan har bir parvoz yo‘lovchilarini tibbiy xodimlar kutib oladi
  • Parvoz vaqtida, Londonga yetib kelishdan oldin samolyot ekipaji yo‘lovchilarga ma’lumotnoma tarqatib, o‘zini betob his qilganlar bu haqda xabar qilishi kerakligini uqtiradi   
  • Uxandan kelayotgan samolyotlar Hitrou aeroportining alohida ajratilgan to‘rtinchi hududiga qo‘nadi. Chunki u yerda agar zarur bo‘lib qolsa, tibbiy xizmat ko‘rsatish osonroq

Uxandan Hitrouga bir haftada 3 ta parvoz bor. 

Hunan mintaqaviy telekanalining ayrim boshlovchilari ham tibbiy niqobda efirga chiqdi

 

Raqamlar

2020 yil 21 yanvar, seshanba kuni Xitoy hukumati ushbu virus bilan zararlangan olti kishining halok bo‘lganini bildirdi. 

So‘nggi ikki sutkada Xitoyda bu virus yana 139 kishiga yuqqan. Ularning aksariyati virus paydo bo‘lgan Uxan shahridan. Pekinda ikki kishi, Hongkong bilan chegaradosh Shenchjenda esa bir kishi kasallangani aniqlangan. Dekbar oyidan boshlab bu koronavirus bilan zararlanganlar soni 630 dan oshgan.    

Janubiy Koreyada bir kishi, Tailandda ikki kishi, Yaponiyada bir kishi virusdan zararlangani ma’lum. 

 

Virus qanday tarqalyapti?

Yangi virus paydo bo‘lgani haqida ilk xabar chiqqanidan uch hafta o‘tmay turib Xitoyda ikkita yirik shahar tashqi dunyodan uzilib qoldi:   

  • 31 dekabr: Xitoy Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkilotini Uxanda pnevmoniyaga (zotiljam) o‘xshash yangi holat paydo bo‘lgani haqida ogohlantirdi
  • 1 yanvar: Virus kelib chiqqan manba deb taxmin qilingan Uxandagi dengiz mahsulotlari va tirik hayvonlar sotiladigan bozor yopildi
  • 9 yanvar: Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti ushbu virus koronavirusning yangi turi ekanligini aytdi
  • 11 yanvar: Virus tufayli birinchi o‘lim holati tasdiqlandi
  • 13 yanvar: Virus Xitoydan tashqariga tarqaldi, Tailandda u bilan zararlangan birinchi bemor aniqlandi
  • 20 yanvar: Virus Pekin, Shenchjen va Shanxayga yetib bordi; Xitoy rasmiylari uning insondan insonga o‘tishi mumkinligini tasdiqladi
  • 21 yanvar: AQSh rasmiylari Shimoliy Amerikada 2019-nCoV virusi ilk bor qayd etilganini, Uxanga borib qaytgan erkak bu virusdan zararlanganini ma’lum qildi
  • 22 yanvar: Virusdan halok bo‘lganlar soni 17 nafarga yetdi, 630 dan ortiq zararlanish holatlari tasdiqlandi
  • 23 yanvar: Atrofdagi hududlar bilan qo‘shib hisoblaganda 11 millionlik aholiga ega Uxanda mahalliy vaqt bilan soat 10:00 da shahar ichida ham, uning tashqarisida ham transport harakati to‘xtatildi. Oradan bir necha soat o‘tib Xitoy hukumati unga eng yaqin shahar bo‘lgan Xuanganda ham yarim tundan boshlab ayni tartib kuchga kirishini e’lon qildi.     
Uxan shahri yaqinida Yanszi (jigarrang) va Han (moviy rang) daryolari qo‘shiladi

 

Uxan haqida nima bilamiz?

Ma’lumotlarga ko‘ra, Uxan dunyoning yirik shaharlari ro‘yxatida 42-, Xitoy bo‘yicha esa 7-o‘rinda turadi

BMTning hisob-kitoblarida Uxanda 9 milliondan sal kamroq odam yashashi aytilgan. Shahar hokimiyati esa 11 million aholisi borligini aytadi. 

Shaharning o‘lchami va uning iqtisodiy rivojlanganligi nega ushbu virus boshqa Osiyo davlatlarida ham tez tarqalayotgani va hatto AQShgacha yetib borganiga izohdir. 

2016 yilda Uxandagi Tyanxe xalqaro aeroporti 20 milliondan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan. Undan beri yo‘lovchilar oqimi yanada ko‘paygan. Uxandan London, Parij, Dubay va dunyoning boshqa ko‘plab shaharlariga bevosita havo qatnovlari bor. 

Uxan Yanszi daryosining qirg‘og‘ida joylashgan. Shahar o‘zining yuqori texnologik va an’anaviy sanoatiga ega. Uxanda ko‘plab sanoat hududlari va  52 ta oliy o‘quv yurti bor. Bu o‘quv yurtlarida 700 mingdan ortiq talaba tahsil oladi. 

Fortune Global ro‘yxatiga kiruvchi dunyoning eng yirik 500 kompaniyasidan 230 tasi Uxan mahalliy sanoatiga sarmoya kiritgan.    

 

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан