2022 yilda ta’lim va tibbiyot tizimiga 58 trillion so‘m ajratiladi

2022 yilda ta’lim va tibbiyot tizimiga 58 trillion so‘m ajratiladi

Xabar berilganidek, Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida 2022 yil uchun soliq tushumlari hamda byudjet parametrlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi.

Davlat rahbari mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, odamlar hayotini yaxshilash bosh maqsad etib belgilangani, bu tamoyillar byudjetni shakllantirishda ham bosh mezon bo‘lishi zarurligini ta’kidladi.  

Shu bois kelgusi yilga mo‘ljallangan davlat byudjeti loyihasida, avvalo, ijtimoiy yo‘nalishlarga katta e’tibor qaratilgan. Xususan, ta’lim va tibbiyot tizimiga 58 trillion so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Prezidentimiz bu mablaqqa qo‘shimcha tarzda yana 12 trillion so‘m ajratish taklifini bildirdi. Chunki hududlardagi ehtiyoj va aholi talabidan kelib chiqib, kelgusi yilda 55 ta yangi dastur amalga oshirilishi belgilangan.

 Jumladan, chekka joylarda 1 ming 600 ta bolalar bog‘chasi tashkil etish, Milliy ta’lim dasturi doirasida 40 ta yangi maktab qurish va 235 tasini ta’mirlash, darsliklarni yangilash hamda kompyuter sinflari ochish kabi ko‘plab chora-tadbirlar mo‘ljallangan.

Shuningdek, bakalavr yo‘nalishida davlat grantlari, magistratura va doktoranturaga qabullar sonini oshirish, davlat-xususiy sheriklik asosida yotoqxonalar qurishga subsidiya berish hamda 80 mingdan ortiq talabalar ijara xarajatlarining bir qismini qoplash rejalashtirilganligi ta’kidlandi.