25 sentyabrgacha ayrim tumanlarda o‘zaro ishni tashkil qilishning yagona elektron tizimi ishga tushiriladi

25 sentyabrgacha ayrim tumanlarda o‘zaro ishni tashkil qilishning yagona elektron tizimi ishga tushiriladi

«Davlat organlari va tashkilotlariga yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari faoliyatini eksperiment tariqasida tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida» Hukumat qarori (561-son, 17.09.2020 y.) qabul qilindi.

Qarorga muvofiq davlat organlari va tashkilotlariga yuridik xizmatlar ko‘rsatish markazlari Namangan shahrida 5 ta, Marhamat tumanida 4 ta, Qarshi tumanida 3 ta shtat birliklaridan iborat bo‘ladi.

Qaror bilan Namangan shahri, Qarshi va Marhamat tumanlaridagi yuridik xizmatlar shtati (23 ta) qisqarayotgan davlat tashkilotlari ro‘yxati tasdiqlandi.

Mazkur tashkilotlar tomonidan markaz bilan kelishilmagan holda qabul qilingan buyruq, farmoyish, shartnoma va yuridik tusdagi boshqa hujjatlar haqiqiy emas deb hisoblanadi. Markaz xodimlari tanlov asosida ishga qabul qilinadi.

Qarorga ko‘ra, 2020 yil 25 sentyabrga qadar eksperiment doirasidagi tuman (shahar)larda markazlar hamda davlat organlari va tashkilotlari o‘rtasida o‘zaro ishni tashkil qilishning yagona elektron tizimi ishga tushiriladi.

Shuningdek, qaror bilan Davlat organlari va tashkilotlariga yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari faoliyatini eksperiment tariqasida tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Nizomga ko‘ra, markaz boshlig‘i Adliya vazirligi bilan kelishilgan holda viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i tomonidan lavozimga tayinlanadi.

Markaz faoliyati mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.

Eslatib o‘tamiz, Prezident Farmoniga asosan mazkur markazlarni eksperiment tariqasida tashkil etish belgilangandi.