Abdulla Aripov Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon bilan uchrashdi (video+foto)

Abdulla Aripov Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon bilan uchrashdi (video+foto)

O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Tojikiston poytaxti Dushanbe shahriga tashrifi davomida mazkur mamlakat prezidenti Emomali Rahmon bilan uchrashdi.

O‘zbekiston hukumati rahbari Tojikiston prezidentiga qabul uchun minnatdorlik izhor etib, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning samimiy salomi va tilaklarini yetkazdi.

Emomali Rahmon, o‘z navbatida, O‘zbekiston Prezidenti nomiga o‘zining salomi va ezgu tilaklarini bildirib, oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishda hukumatlararo komissiya faoliyati muhim o‘rin tutayotganini ta’kidladi.

Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, energetika, qishloq va suv xo‘jaligi hamda boshqa yetakchi sohalardagi hamkorlik yildan yilga rivojlanib borayotgani qayd etildi.

Xususan, birgina O‘zbekiston Respublikasi bilan Tojikiston Respublikasi o‘rtasidagi hamkorlikni jadallashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar rejasiga muvofiq, sentyabr oyining o‘zida Dushanbe shahrida taniqli olimlar, tadqiqotchilar va yetakchi ekspertlar ishtirokida ilmiy-amaliy anjuman tashkil etildi. O‘zbekiston—Tojikiston parlamentlararo hamkorlik guruhlari ishchi yig‘ilishi o‘tkazildi. So‘g‘d viloyatining Spitamen tumanida O‘zbekiston tomonidan 630 o‘quvchiga mo‘ljallangan umumiy o‘rta ta’lim maktabi qurilib, foydalanishga topshirildi.

Ushbu qator sohalarni qamrab olgan tadbirlar o‘zaro aloqalarni mazmunan yanada boyitgani qayd etildi.

Ochiq va samimiy ruhda o‘tgan muloqot davomida mamlakatlar hamkorligini rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi hukumat delegatsiyasi Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning 7-yig‘ilishida ishtirok etish uchun 2020 yil 29 sentyabr kuni Tojikiston poytaxti Dushanbe shahriga tashrif buyurdi. Tashrif davomida Abdulla Aripov Tojikiston bosh vaziri Qohir Rasulzoda bilan ham uchrashdi.