Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Adham Olimov va boshqa blogerlarning hibsga olinishi qonun ustuvorligi uchun jiddiy sinov
1.09.2018 20:19,  
49

Feysbukda Musannif Adham nomi bilan tanilgan bloger Adham Olimov va boshqa blogerlar hibsga olinishida Sovet qatag‘oni va islohotlar boshlanmasidan oldingi noqonuniy usullarni kuzatish mumkin.

Adham Olimov 28 avgust kuni kechqurun soat 18:00larda sakkiz nafar kishi tomonidan hibsga olindi va Olmazor tumani IIBga olib ketildi. Tashrif buyurgan kishilar ism-familiyasini aytmagan, xizmat guvohnomasini ko‘rsatmagan. Uyni tintib, telefon, fleshka, xard disk kabi ashyolarni olib ketishgan. O‘z harakatlarini asoslash uchun Toshkent shahar prokurori sanksiyasi bor, deb aytganlar, ammo uy egalariga biror-bir hujjat ko‘rsatmaganlar.  

Oila a’zolari hozir Olimovga qarshi ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanilganini biladilar, ammo ulardan birontasi sud majlisi haqida xabardor qilinmagan. Ularga sud qarori nusxasi ham berilmadi. Hozirgacha Olimov qayerda ekanligini noma’lum.

Xo‘sh, 2016 yil oxiridan beri huquqiy davlat qurish borasida qabul qilingan o‘nlab qator qonunlar, qarorlar va Prezident topshiriqlari nimaga bajarilmayapti? Olimovning hibsga olinishi qonun ustivorligi uchun jiddiy sinov bo‘lib, vaziyatga qonuniy tus berish uchun tegishli hukumat organlari qonunbuzarliklarga qarshi zudlik bilan chora ko‘rib, Olimovni ozod etishlari kerak.

Mazkur ishning ahamiyati nimada?

Olimov mashhur bloger. Xalqaro munosabatlar, diniy va davlat, vijdon erkinligi, qonun ustuvorligi sohalarida Feysbuk orqali o‘z fikr-mulohazalarini bo‘lishib yurgan. U biron marta davlatning konstitutsiyaviy tuzumiga qarshi kuch ishlatish, Islomiy davlat o‘rnatish, turli ekstremistik guruhlarga yordam berish haqida post qilgani kuzatilmagan. Fikr bildirishda xolisligi bilan ajralib turgan. Masalan, Nikita Makarenkoga qarshi boshlangan qoralash kampaniyasiga qarshi chiqqan.

Uning asossiz hibsga olinishi bir tomondan so‘z erkinligining cheklanishi bo‘lsa, boshqa tomondan vijdon erkinligiga qarshi cheklovlar qaytyapti, deb shubha qilishga sabab bo‘lmoqda. Qolaversa, 2016 yil oxiridan beri boshlangan qonun ustuvorligi borasidagi islohotlarga ishonchni so‘ndirmoqda. 

Qaysi huquqlar buzildi?

2016 yil 16 sentyabrda “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi, 2017 yil 16 martda kuchga kiradi. Qonun fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga alohida urg‘u beradi. Jumladan, 8-moddada Ichki ishlar organi xodimi fuqaroga murojaat etganida: [1] o‘z lavozimini; [2] unvonini; [3] ism-sharifini; [4] fuqaroning talabiga ko‘ra xizmat guvohnomasini ko‘rsatishi shart deyiladi. Ichki ishlar xodimi mazkur xatti-harakatlarni bajargandan keyingina murojaat qilishining sababini va maqsadini ma’lum qilishi shart. Mazkur ishda esa IIB xodimlari o‘zlarini tanishtirmadilar, hech qanday guvohnoma ko‘rsatmadilar. Olimovni hibsga olishga ruxsat beruvchi sanksiyani taqdim etmadilar. Uyga ish vaqtidan keyin kelish va tintuv o‘tkazish sababi va zarurati ham aytilmadi.  

8-moddada fuqaroga nisbatan uning huquq va erkinliklarini cheklovchi choralar qo‘llanilgan taqdirda, bunday choralar qo‘llanilishining sababi hamda asoslari, shuningdek, fuqaroning shu munosabat bilan yuzaga keladigan huquqlari va majburiyatlarini unga tushuntirilishi shart. Mazkur huquq va majburiyatlar doirasiga oila a’zolariga va/yoki advokat bilan bog‘lanish huquqi ham kiradi. Demak, ushbu qonun talablari amalda bajarilganda, bloger Olimov allaqachon ahvoli va qayerdaligi haqida oilasiga xabar bergan bo‘lar edi. Ammo hozirgi vaziyat unday emas. Ma’muriy chora ko‘rilgan, ammo uning qayerda ekanligi haligacha noma’lum.

 9-moddada Ichki ishlar organlari o‘z faoliyatini ochiq va shaffof tarzda amalga oshirishi belgilangan. Bu degani, Olimovning oila a’zolari IIB va/yoki prokuratura bilan bog‘langanda to‘liq ma’lumot olishlari kerak edi. Qonunning mazkur talabi ham qo‘pol buzilmoqda. Olimovning oila a’zolari turli davlat organlariga murojaat qilishlariga va hibsga olinganiga uch kun o‘tganligiga qaramay Olimov qayerdaligi haqida ma’lumot ololmadilar.

Qolaversa, Jinoyat Protsessual Kodeksining 217-moddasiga ko‘ra, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga nisbatan ushlab turish tarzidagi majburlov chorasini qo‘llaganida, bu haqda 24 soatdan kechiktirmasdan uning oila a’zolaridan biriga ma’lum qilishi shart. Mazkur talab ham bajarilmadi. Hibsga olinganidan keyin qariyb uch kun o‘tganligiga qaramasdan Olimovning qayerda saqlanayotgani haqida ma’lumot yo‘q. 

Olimov nimaga zudlik bilan ozod etilishi kerak?

Olimovga qarshi ko‘rilgan choralarning birontasi qonun asosida amalga oshirilmagani uchun, u zudlik bilan ozod etilishi, ma’muriy qamoq jazosi bekor qilinishi, unga qarshi noqonuniy chora ko‘rgan IIB xodimlari esa jazolanishi kerak. Oilasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, 28 avgust kechki 18:00da boshlangan majburlov choralari qator qonunbuzarliklari bilan amalga oshirilgan. IIB xodimlari o‘zlarini tanishtirmagan, hibsga olish uchun sanksiyani taqdim etmaganlar, noqonuniy tintuv o‘tkazib, dalolatnoma tuzmasdan bir necha elektronika ashyolarini olib chiqib ketganlar.

29 avgust kuni ma’muriy sud bo‘lib o‘tib, unga 15 kunlik ma’muriy qamoq jazosi tayinlangani aytiladi, ammo sud majlisi haqida na Olimovning oila a’zolari, na advokat xabardor etilgan. Shu tufayli sud majlisida ishtirok ham etmaganlar. Blogerning qayerdaligini o‘rganish uchun 3 kundan beri IIB va prokuraturaga qilingan turli murojaatlar javobsiz qolgan, Olimovning qayerdaligi hamon noma’lum.

Yuqoridagilar O‘zbekistonda qonun ustivorligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar uchun jiddiy sinov. Xalqning islohotlar va Ichki ishlar xodimlariga qarshi bo‘lgan hurmati va ishonchi oshib borayotgan vaqtda, mazkur hodisa hukumat obro‘siga jiddiy putur yetkazishi mumkin. Bunga yo‘l qo‘yilmasligi uchun Olimov va boshqa blogerlar ozod etilishi, qo‘pol qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘ygan IIB xodimlari jazoga tortilishi kerak. Aks holda qonunlar, qarorlar va Prezident topshiriqlari qog‘ozda qolayotgani, amalda esa hech qanday jo‘yali o‘zgarish bo‘lmayapti, deb aytayotganlarning ovozi balandroq eshitiladi.

Mirakmal Niyazmatov, huquqshunos

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан