Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






«Afg‘oniston tomonidan O‘zbekistonga tahdid paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaymiz» – «Tolibon» vakili
15.09.2020 10:54,  
489

«Tolibon» harakatining Qatardagi siyosiy vakolatxonasi rahbari Mulla Abdulg‘ani Birodar O‘zbekistonning Afg‘oniston zaminida tinchlik o‘rnatilishi va mamlakat iqtisodiyotini tiklash borasidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholadi.

«O‘zbekiston o‘z tashqi siyosatida Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish masalasiga ustuvor masala sifatida qarashini yaxshi bilamiz. Shu yilning fevral oyida ham Doxada O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri bilan afg‘on muammosini ijobiy hal etish bo‘yicha fikr almashgandik. Tinchlik muzokaralari doirasida O‘zbekistonda ham tashrif bilan bo‘lganmiz va qator yuzma-yuz muloqotlarda qatnashganmiz.

Shu o‘rinda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning afg‘on zaminida tinchlik va barqarorlik hukm surishi uchun doimiy ravishda olib borayotgan sa’y-harakatlarini yuqori baholaymiz. Janob Mirziyoyevning tinchlikni ta’minlash borasidagi ko‘rsatmalari, yo‘nalishlari biz uchun qadrli. Chunki rasmiy Toshkent bu tashabbusi bilan nafaqat Afg‘oniston yoki O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo xalqlariga tinchlik va osuda hayotni ta’minlashni maqsad qilganini yaxshi bilamiz», dedi u.

Mulla Abdulg‘ani Birodar O‘zbekistonning Afg‘onistonni qayta tiklash ishlaridagi faolligini ham e’tirof etdi. 

«Bugun O‘zbekiston tomoni Afg‘onistonni qayta tiklash ishlarida ham faol. Ma’lumki, bugungi kunda O‘zbekiston tashabbusi bilan Afg‘onistonda amalga oshirilayotgan Mozori Sharif–Kobul–Peshovar yo‘nalishi bo‘yicha temir yo‘l, Surxon–Puli Xumri elektr uzatish liniyasi kabi yirik loyihalar tahsinga loyiq. Bu xayrli ishlar Afg‘oniston uchun juda muhim va bu afg‘on iqtisodiyotini ko‘tarishga muhim turtki bo‘lishiga ishonamiz.

Ushbu loyihalarni hayotga tatbiq etish uchun o‘zbekistonlik ko‘plab mutaxassislar Afg‘onistonda faoliyat yuritadi. Ularning xavfsizligini ta’minlash ham muhim masala. Bu jihatni e’tibordan chetda qoldirmagan holda, asosiy diqqatni shunga qaratamiz», dedi «Tolibon» vakili.

U bir necha oy muqaddam Doxada «Tolibon» harakati va AQSh o‘rtasida imzolangan tinchlik kelishuviga amal qilinishini ta’kidladi.

«Shu nuqtai nazardan aytishim mumkinki, kelgusida Afg‘oniston tomonidan O‘zbekiston yoki Markaziy Osiyodagi boshqa mamlakatlarga xavf yoki tahdid paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaymiz. Ishonchim komilki, O‘zbekiston bilan qo‘shnichilik aloqalari yanada mustahkamlanadi, iliq va samimiy munosabatlar har ikki mamlakat barqarorligi uchun xizmat qiladi.

Yana shuni alohida qayd etib o‘tmoqchimanki, kelgusida afg‘on zaminida radikal kayfiyatdagi guruh va tashkilotlar, terrorchilik guruhlari bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi», deb qo‘shimcha qildi Mulla Abdulg‘ani Birodar.

Uning ta’kidlashicha, tinchlik kelishuvida nafaqat Tolibon, balki Amerika tomonining ham majburiyatlari bor.

«Unga ko‘ra, rasmiy Vashington Afg‘onistondan o‘z harbiy qo‘shinlarini olib chiqib ketadi. Harbiylar mamlakatni tark etgach, biz Afg‘onistonni osudalik, tinchlik uyiga aylantiramiz. Mamlakatda barqarorlik hukm surishiga erishamiz.

Sir emas, so‘nggi yillarda Afg‘onistonda harbiy harakatlar tufayli vayronagarchiliklar kuzatildi, afg‘on xalqining hayoti izdan chiqdi. Ana shu urush talafotlarini bartaraf etishda qo‘shni mamlakatlar, xususan, Markaziy Osiyoning yirik mamlakatlaridan biri hisoblangan O‘zbekiston tomoni yaqindan yordam berayotganini qadrlaymiz», dedi «Tolibon» harakatining Qatardagi siyosiy vakolatxonasi rahbari.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан