Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Alisher Navoiy, g‘isht, ohak va keramika
23.07.2019 21:41,  
150

Dastlab navoiyshunoslikka doir tadqiqotlari bilan tanilgan, qamalgach, Abdulloh Nusrat taxallusi bilan siyosiy maqolalar ham yozgani yuzaga chiqqan Akrom Malik bugun 6 yillik qamoq jazosini Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida joylashgan 48- (avvalgi 69) manzil-muassasada  o‘tab kelmoqda. Akrom Malik "Xamsa"ni Alisher Navoiy fenomenining muhim manbasi sifatida o‘rganishni boshlagan edi. U o‘zbek adabiyotshunosligiga qadimgi yunon va XX asr boshlaridagi G‘arb olimlarining qarashlarini tadqiq qilib, fenomen va fenomenologik metod atamasini olib kirayotgan edi. O‘zbek ilm-fanida hali-hanuz o‘rganilmagan fenomenologiya yo‘nalishining aniq, konseptual jihatlarini Suqrot, Arastu, Aflotun kabi qadimgi yunon mutafakkirlari va Edmund Husserl, Gadamer, Diltey, Erix From kabi XX asr Ovrupo olimlarining nazariyalarini musulmon Sharqining buyuk so‘fiy shoirlari Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiyning falsafasi bilan ham qiyosiy, ham tahliliy o‘rganish misolida ochib bermoqchi edi. Akrom Malik bu boradagi tezislarini yozib yurgani, ko‘rgan manbalarini ustozlari O‘zbekistonning eng yirik navoiyshunoslari D. Yusupova, R. Zohidov, O. Davlatov, U. Jo‘raqulov hamda Sh. Sirojiddinovlar bilan o‘rtoqlashgani bizga ma’lum. U Alisher Navoiy falsafasini bugungi dunyodagi real ahamiyati haqida bosh qotirar, shoir g‘oyalari zamonaviy odamlar ongi va hissiyotiga qanday ta’sir etishini analizdan o‘tkazishga qiziqardi. Bu boradagi izlanishlarini AQShning Prinston universitetida bo‘lib o‘tadigan xalqaro ilmiy konferensiyada keng jamoatchilikka yetkazish niyatida bo‘lgan.

Ammo Akrom Malikning haqiqatparvarligi va taraqqiyparvar siyosiy qarashlari 2016 yil 22 iyul kuni uning qamalib ketishiga olib keldi.

Alisher Navoiyning muhibi Navoiy shahridagi 4- (avvalgi 29) qamoqda qiynoqqa solindi, g‘isht va ohak zavodlarida majburan ishlatildi. Akrom Malik jazoning uchdan bir qismini o‘tagach, kodekslarda belgilangan insonparvarlik dalolatnomasi qo‘llanishi asosida manzil-muassasaga ko‘chirildi. Bu yerda ilmiy faoliyatda to‘xtamadi va "Alisher Navoiyning Iloh, olam va odam haqidagi falsafasi" nomli tadqiqotini ziyouz.com saytida e’lon qildirdi. O‘z yurtdoshi taqdiriga befarq bo‘lmagan o‘zbekistonliklarning besh yuz nafardan ko‘prog‘i uning ozod etilishini so‘rab 2019 yil 4 fevral kuni petitsiya orqali Respublika Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga murojaat qilishdi. Petitsiyaga hukumat javob bermadi. 2019 yilning  8 may kuni Akrom Malikning advokatlari Oliy sudga shikoyat arizasi topshirdilar. Unda Akrom Malikning nohaq qamalgani isbotlanib, uni oqlash zarurligi so‘ralgandi.

Shu asnoda yosh navoiyshunosning prezident Shavkat Mirziyoyevga ochiq xati internet saytlarida e’lon qilindi. Oradan ikki oy o‘tib, ya’ni 2019 yilning iyul oyi boshlarida Oliy sud hay’ati shikoyat arizasini rad qildi va Akrom Malikning prezidentga yo‘llagan ochiq xati ham ochiq qoldi.

Advokatlar esa o‘tgan hafta Oliy sud raisi o‘rinbosariga va Respublika Bosh prokuroriga Akrom Malik ishini qayta ko‘rishlarini so‘rab ariza kiritdilar.

Ayni paytda Akrom Malik o‘zi saqlanayotgan manzil-muassasa ma’muriyatining shartnomasi asosida Toshkent shahridagi keramika zavodida menejer sifatida ishlayapti. Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur zavodni modernizatsiya qilayotgan xorijiy keramika mutaxassislari ishchi-mahkumlar orasidan Akrom Malik bilan ishlash istagini bildirganlar. Akrom Malik bu taklifni qabul qilgan va keramika sohasidagi yangiliklarni amaliyotga joriy qilishga bel bog‘lagan. Zavod rahbariyati Akrom Malikning ishchanligi, ishchilarni boshqarishdagi bag‘rikengligini, mas’uliyatini va qisqa fursatda yuzaga chiqayotgan yaxshi natijalarni e’tirof etmoqdalar.

Alisher Navoiy keng siyosiy va jamoatchilik ishlari bilan bir qatorda juda ko‘p qurilishlarni amalga oshirgan, me’morchilik bilan shug‘ullangan va bu hol uning ijodiga aslo xalal bermagan. Ozodlikda yurgan paytlarida keramika sohasidan mutlaqo bexabar bo‘lgan, she’riyat muxlisi Akrom Malikning qamoq sharoitida bu masalada ish boshqaruvchi o‘laroq muvaffaqiyatga erishayotgani uning buyuk ajdodlarimizga munosib bo‘lishga intilishi yoki amaliy faoliyatlardagi qobiliyati bilan izohlansa, ne ajab.

Biz ko‘p hollarda ko‘p jiddiy mavzular kabi o‘zimizdagi siyosiy mahkumlar haqida BBC, Ozodlik yoki Amerika ovozi kabi baynalmilal axborot manbalaridan ma’lumot olamiz.

Ammo yurtimizda faoliyat olib borayotgan ba’zi saytlar ham Akrom Malikning taqdiriga befarq emas. Xususan, sof.uz sayti u haqdagi yangiliklarni 2017 yildan buyon e’lon qilib keladi. Shuningdek, 2019 yilning may oyida human.uz saytida jurnalist Muslim Mirzajonov Akrom Malik bilan video intervyu o‘tkazish taklifini bergan. Akrom Malik bu taklifni qabul qilgan, ammo ruxsat Respublika Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasidan berilishini aytgan. Human.uz saytining Respublika Jazoni ijro etish bosh boshqarmasiga Akrom Malik bilan videosuhbat o‘tkazish masalasida ruxsat so‘rab qilgan murojaati qondirilmagan ko‘rinadi, bu borada biror amaliy ish bo‘lgani yo‘q. Va biz hamon Akrom Malik va boshqa siyosiy mahkumlar haqida xorij saytlaridan bilib olyapmiz.

Qamalganiga rosa uch yil to‘lgan Akrom Malikka tez orada ozodlik tilab, maqolaga nuqta qo‘yamiz.

Akrom Malikning bir guruh do‘stlari

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан