Amnesty delegatsiyasi 2004 yildan buyon O‘zbekistonga ilk bor tashrif buyurmoqda

Amnesty delegatsiyasi 2004 yildan buyon O‘zbekistonga ilk bor tashrif buyurmoqda

Amnesty International delegatsiyasi 2004 yildan buyon ilk marta 22−25 may kunlari O‘zbekistonga tashrif buyurib, qator rasmiy shaxslar bilan uchrashadi. Bu haqda xalqaro huquqni himoya qilish tashkilotining tahririyatga yuborilgan matbuot relizida so‘z boradi.

Adliya vazirligi va Ichki ishlar vazirligi Amnesty International tashkilotining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Mari Strazers va uning o‘rinbosari Denis Krivosheyev va boshqalar o‘rin olgan delegatsiyani qabul qilishga tayyor ekanliklarini tasdiqladi.

Mari Strazers O‘zbekistonning so‘nggi bir yarim yil ichidagi ijobiy qadamlari, jumladan qiynoqlarga chek qo‘yish borasidagi odimlarini qayd etdi.
Amnesty International bir qator tavsiyalarni tayyorladi. Jumladan, siyosiy motivlar bo‘yicha jinoiy ishlarni to‘xtatish va barcha ta’qib qilinganlarni reabilitatsiya qilish, o‘tmishda sodir etilgan inson huquqlariga qarshi jinoyatlarni xolis va samarali tergov qilish tavsiya qilinmoqda.

So‘nggi marta Amnesty International rasmiy vakili O‘zbekistonga 2004 yilda, Toshkentda AI «Onalar o‘lim jazosi va qiynoqlarga qarshi» o‘zbek huquq himoyasi tashkiloti hamkorlikda tashkil etgan xalqaro konferensiyada ishtirok etish uchun kelgan edi.

2017 yil iyulida tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov O‘zbekiston xalqaro huquqni himoya qilish tashkilotlarini qabul qilishga tayyor ekanini ma’lum qilgan edi. Sentyabrda esa Toshkentga Human Rights Watch delegatsiyasi tashrif buyurdi.