Andijon va Surxondaryoda yarim milliard so‘m budjet mablag‘i talon-toroj qilindi

Andijon va Surxondaryoda yarim milliard so‘m budjet mablag‘i talon-toroj qilindi

Andijon va Surxondaryo viloyatlarida uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi hamda Xalq ta’limi bo‘limi xodimlari tomonidan umumiy hisobda 594,4 million so‘m budjet mablag‘lari o‘zlashtirib olingan. Bu haqda O‘zA xabar beradi. 

Andijon viloyati uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi mansabdor shaxslari tizimda ishlamayotgan shaxslarga ish haqi yozib, mablag‘ni o‘zlari olib kelgan. Buning natijasida 239,1 million so‘m byudjet mablag‘lari talon-toroj qilingan.

Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Andijon viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fosh etilgan bu holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida esa Xalq ta’limi bo‘limi hisobchisi X.K. tumandagi 27-sonli maktabda muqaddam ishlab ketgan fuqaro M.Q., N.T., O.E. va haqiqatda ishlamagan Sh.Q.ning nomiga bank plastik kartasini rasmiylashtirib, 2016-2020 yillar davomida jami 355,3 million so‘m byudjet mablag‘ini talon-toroj qilgan.

Bu holat bo‘yicha Departamentning Sariosiyo tumani bo‘limi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.