Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Andijon voqealari bo‘yicha rasmiylardan ikki xil fikr – Endi tinch aholiga o‘q uzilgani rad etildi (video)
22.06.2020 17:44,  
2645

2005 yilgi Andijon voqealari vaqtida bir joyda yuz bergan otishma oqibatida 100 kishi halok bo‘lgan — ular orasida huquq-tartibot xodimlari ham, jangarilar ham bo‘lgan. Bu haqda O‘zbekiston IIVning sobiq rahbari, ayni vaqtda mamlakat ichki ishlar vaziri maslahatchisi Zokirjon Almatov «Kun.uz»ga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

"Meni 2005 yilgi Andijon voqealarining sababchisi deb ko‘p tanqid qilib gapirishadi. Men buni ochiq-oydin gapiraman. Ha, men o‘sha yerda shtab boshlig‘i bo‘lganman, qarorni men qabul qilganman. Lekin kim Andijonga qurol ko‘tarib keldi? Kim chegaradan qurol bilan o‘tdi? Xo‘p, uning ichida Andijon xalqidan ham vakillar bo‘lgan. Kim IIVga qarashli post-patrul xizmati idorasini o‘qqa tutib, u yerni egalladi, qurol-yarog‘ga ega chiqdi? Kim harbiy qismga hujum qilib, u yerdagi qurol-yarog‘ni oldi? Kim tergov hibsxonasiga hujum qilib, 500 dan ortiq ashaddiy jinoyatchilarni chiqarib yubordi? Kim hokimlik binosini egallab, unga o‘t qo‘ydi? Kim 100 ga yaqin sud-huquq tizimidagi xodimlarni qo‘lga olib, tutqunda ushlab turdi, ko‘pini qatl etishdi? Maqsad nima edi? Xo‘sh, hukumat nima qiladi, qarab turishi kerakmi?

Biz ularga: «Chiqib ketinglar», dedik. Adashmasam, 34 nafar militsiya xodimi halok bo‘ldi. Prokuratura xodimlari, tez yordam mashinasi xodimlari otib tashlangan. Odamlarni bo‘yniga sirtmoq solib, shahardan olib chiqib ketmoqchi bo‘lishgan. Biz shularga: «Chiqib ketinglar», dedik. Ba’zilar: «Tinch aholiga o‘q uzilgan», deydi. Yo‘q! 12 soat oldin ularning 600—700 ga oila-a’zolarini Andijondan chiqarib, Qirg‘izistonga o‘tkazib yuborganmiz.

Bular (terrorchilar) kelayotganda harbiy qism xodimlaridan bir kapitanni otib qo‘yishgan. Shunday holatdan keyin harbiylar, oddiy askarlar nima qiladi? Ikki tomon o‘rtasidagi otishma sabab bir joyda 100 kishi halok bo‘lgan. Ularning ichida bizning xodimlar ham, terrorchilar ham bo‘lgan. Jami 187 kishi halok bo‘lgan. Bu aniq raqamlar, Allohning oldida rost gapni gapiraman.

«O‘zbekistondagi voqeani yoritamiz», deb o‘sha kuni 30 ga yaqin jurnalist O‘sh viloyati chegarasida turgan. Qirg‘izistonning chekka bir shaharchasida qayerdan paydo bo‘lib qoldi ular? To‘g‘rimi? Bu uyushtirilgan, O‘zbekistonda fuqarolar urushini keltirib chiqarishga qaratilgan voqea edi hammasi" - dedi sobiq ichki ishlar vaziri.

Avvalroq O‘zbekiston bosh prokurori o‘rinbosari Svetlana Ortiqova «Qalampir.uz» nashriga bergan intervyusida jurnalistning «Tinch aholiga nisbatan o‘q uzilgani haqidagi gaplar ham haqiqatga yaqin» degan gapini «Albatta», deya tasdiqlab, «shuning uchun ham o‘sha odamlar jinoiy javobgarlikka tortilgani»ni ma’lum qilgan edi.

Bosh prokuror o‘rinbosari Andijon voqealarida tinch aholiga o‘q uzilganini tasdiqladi (video)

Quyida Svetlana Ortiqovaning nashr muxbirining savollariga bergan javoblari keltiriladi.

— Andijon voqealarida davlat harbiylari tinch aholiga nisbatan o‘q uzganmi?

— Ba’zi bir jihatlar orqali qurolni ishlatish nomutanosib bo‘lgan.

— Ya’ni tayyorgarligi bo‘lmagan?

Aloqa vositalari shir-shir bo‘lgan. Vaqtida aytilgan, joy ochilgan, Qirg‘izistonga chiqib ketishsin ular deyilgan. Aloqa vositalari yaxshi ishlamagan. Vaqtida komandir u yo bu topshiriqni anglamagan. Tayyorgarlik bo‘lmagan. Sabablar ko‘p.

— ...va bo‘lib o‘tgan. Tinch aholiga nisbatan o‘q uzilgani haqidagi gaplar ham haqiqatga yaqin.

Albatta. Shuning uchun ham o‘sha odamlar jinoiy javobgarlikka tortilgan. Buni ham ovoza qilganman. Hatto jazosini o‘tab kelib, tinch hayotda yashashyapti.

— Ular lavozimdagilarmi?

— Lavozimdagilar ham bor edi. Qancha kishi lavozimidan judo bo‘lgan. Bizning ham xatomiz bor edi va Ortiqova o‘sha vaqtlarda har bir hisobotni «Bizning ham xatomiz bor edi» degan gap bilan boshlardi.

“Albatta, o‘sha vaqtda juda qiyin ahvol bo‘lgan. Hozir bu voqealarni eslasam, erkak kishi bo‘lsangiz ham yig‘lab yuborasiz.

Bu bilan nima demoqchiman: agar men o‘zimning gapimga ishonmasam, agar men qonunga tayanmasam, Konstitutsiya meni negizim va hayotim bo‘lmasa, men hech qachon gapirmayman va maydonga chiqmayman. Men o‘zim tergovda qatnashganman, Andijonga borib, o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman, ayblanuvchilar bilan gaplashganman, jabrlanuvchilar bilan gaplashganman, bevosita tergov jarayonida qatnashgan ayol sifatida aytamanki, haqiqatan bu terroristik xuruj edi”, — deydi Svetlana Ortiqova o‘sha kunni xotirlab.

Ma’lumot uchun, Andijonda 2005 yil 13 may kuni yuz bergan voqealar oqibatida, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 187 kishi halok bo‘lgan — shundan 60 nafari tinch aholi vakillari (ularning ichida ikki nafar voyaga yetmaganlar va bir nafari ayol) edi. 287 nafar kishi, jumladan, 91 nafar tinch aholi vakillari, 49 nafar huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari va 59 nafar harbiy turli darajadagi tan jarohatlari olgan.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан