18 sentyabr kuni Andijonda 6 ta avtomobil ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi Bosh boshqarmasi Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, soat 18:05da viloyatning Oltinko‘l tumani hududidan o‘tuvchi 4R130 avtomobil yo‘lining 6-kilometrida:
- 1989 yilda tug‘ilgan haydovchi G‘.A. boshqaruvidagi Dongfeng yuk avtomobili;
- 1992 yilda tug‘ilgan haydovchi B.Yu. boshqaruvidagi Damas;
- 1973 yilda tug‘ilgan haydovchi Sh.M. boshqaruvidagi Damas;
- 1958 yilda tug‘ilgan haydovchi M.A. boshqaruvidagi Nexia;
- 1958 yilda tug‘ilgan haydovchi M.J. boshqaruvidagi Matiz;
- 2000 yilda tug‘ilgan haydovchi X.A. boshqaruvidagi Damas rusumli avtomobillar ishtirokida YTH sodir bo‘lgan.
Buning oqibatida, Damas avtomobili yo‘lovchisi – fuqaro M.F. shifoxonada vafot etgan.
Xabarga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan Oltinko‘l tumani IIB tergov bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.