Andijonda yuk mashinasi 10 va 3 yoshli qizaloqlarni bosib ketib, uylarning biriga borib urildi

Andijonda yuk mashinasi 10 va 3 yoshli qizaloqlarni bosib ketib, uylarning biriga borib urildi

Foto: IIV Tergov departamenti

Andijon viloyatining Buloqboshi tumanida ayanchli YTH sodir bo‘ldi. Volvo yuk mashinasi haydovchisi ikki nafar qizaloqni bosib ketdi va xonadonlarning biriga borib urilib, o‘zi ham halok bo‘ldi.

Foto: IIV Tergov departamenti

IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, voqea 28 sentyabr kuni soat 17:20 larda sodir bo‘lgan. Qirg‘iziston fuqarosi bo‘lgan 28 yoshli haydovchi Sh.L. Volvo (Qirg‘izistonga tegishli) yuk mashinasida Buloqboshi tumani «Sanoat» MFY, Gastrol ko‘chasidan o‘tgan Buloqboshi—Andijon avtomashina qatnov yo‘lining Buloqboshi yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanib kelayotgan vaqtida boshqaruvni yo‘qotib, qarama-qarshi yo‘nalishga o‘tib ketgan. So‘ng yo‘l chetida harakatlanib kelayotgan qizlar — 10 yoshli B.A. va 3 yoshli K.N.ni bosib o‘tib, shu yerdagi xonadonlarning biriga borib urilgan.

Ma’lum qilinishicha, qizlar kasalxonada, haydovchi esa voqea joyida vafot etgan.

YTH yuzasidan Buloqboshi tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi «a» bandi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda jinoyat ishi kelgusi tergov harakatlarini o‘tkazish uchun Andijon viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi ish yurituviga o‘tkazilgan.