Andijondagi ko‘zbo‘yamachilikda aldanib qolgan ayol o‘z joniga qasd qilishga urindi

Andijondagi ko‘zbo‘yamachilikda aldanib qolgan ayol o‘z joniga qasd qilishga urindi

Andijon viloyati hokimligi vakillari ijtimoiy himoyaga muhtoj bir necha ayolga yangi qurilayotgan kottejlardan berilishini aytgan, Prezidentning may oyida Andijonga tashrifi yakunlangach ayollar kottejlardan chiqarib yuborilgandi. Bosh prokuratura tomonidan ko‘zbo‘yamachilik deb topilgan ushbu hodisadan keyin jabrlangan ayollardan biri, tikuvchi Muyassar Rahimova «Daryo»ga bergan intervyusida Rossiyaga butun umrga ko‘chib ketmoqchi bo‘lganini aytgandi. Intervyu olinib, e’lon qilinguncha bo‘lgan muddatda, ya’ni 23 iyul kuni Muyassar Rahimova o‘z joniga qasd qilishga uringan. «Daryo» muxbiri ayolning o‘z joniga qasd qilish sabablarini o‘rganish uchun qilgan suhbatida Muyassarxon Rahimova «Hammani qaqshatib, bolalarni ko‘chaga qo‘yib qurilayotgan Andijon City’ning kimga keragi bor edi», degan savolni o‘rtaga tashladi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmatining bergan ma’lumotiga ko‘ra, 23 iyul kuni soat 20:00 larda Andijon shahrida yashovchi Muyassarxon Rahimova oila a’zolari bilan o‘zaro kelishmovchilik natijasida, o‘zini yomon his qilib «diazolin», «glitsirin» va boshqa dori vositalarini iste’mol qilib zaharlanish tashxisi bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Andijon filialiga yotqizilgan. Shifokorlar tomonidan unga dastlabki tez tibbiy yordam ko‘rsatilib, ichki a’zolari zaharlanishdan tozalanib, shu kunning o‘zida yashash xonadoniga ruxsat berilgan. Hozirda Rahimovaning zaharlanganligi holati yuzasidan Andijon shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon filiali toksikolog-shifokori Nurbek Hojimatovning aytishicha, Rahmonova 23 iyul kuni 19:38 da toksikologiya bo‘limiga tez tibbiy yordam orqali qabul qilingan. Psixiatrop dorilarni me’yoridan ortiq miqdorda qabul qilib, o‘z joniga qasd qilgan. Toksik koma holatida markazga qabul qilingan. Birinchi yordam ko‘rsatilib, oshqozoni yuvilgan, infuzion, dezintoksikatsion va simptomatik davolar qilingan. Bemor vaqtida markazga keltirilgani va tibbiy muolajalar o‘z vaqtida qilingani uchun tirik qolgan. Bemor hushiga kelib, sog‘ligi me’yoriga kelgandan so‘ng, o‘zining xohishiga ko‘ra muolajani davom ettirishni istamagani uchun 24 iyul kuni yashash uyiga javob berilgan. Unga salomatligini yanada tiklab olish uchun muolajani davom ettirish tavsiya etilgan.

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi matbot xizmati «Daryo»ga bergan ma’lumotiga ko‘ra, Muyassar Rahimova onasi bilan janjallashib, ruhiy zo‘riqish sababli o‘zi muntazam iste’mol qiladigan dorilarni me’yoridan ortiqcha ichgan.

Rahimova o‘z joniga qasd qilish sababini quyidagicha izohladi: «Yashashga kuchim yetmayapti shekilli, charchadim. Sobiq turmush o‘rtog‘im ‘Qizimni Rossiyaga olib ketib qolar ekan’, deb qizim uchun zarur bo‘lgan hujjat ishlarini qilib bermayapti, tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasini olvolgan, ‘Qizni tashlab, qayerga chiqib ketsang, ketaver’ deyapti. Bolalarimdan ayrilib qolishdan qo‘ryapman. Qolib qololmayapman, ketib ketolmayapman».

Uning aytishicha, dorilarni ichib, o‘z joniga qasd qilgan vaqtda onasi kelib qolgan. Tez tibbiy yordam mashinasi olib ketgan va bir kun koma holatida bo‘lgan. Shundan so‘ng, Andijon shahar prokuraturasi qasd qilish holatini o‘rganish bo‘yicha surishtiruv boshlagan.

— Andijon shahar prokuraturasidan «Nima sababdan dori ichdingiz, nima uchun ijara uyda o‘tiribsiz kabi masalalarga aniqlik kiritish uchun sizni chaqirtiramiz», deyishdi. Ularga viloyat hokimidan so‘rasanglar nimaga ijara uyda o‘tirganimni, nima uchun ko‘chada qolganimni, shu ahvolga tushganimni aytadi, dedim, — deya ta’kidladi u.

Rahimovaning Rossiyaga ketishi haqida internet-nashrlarida xabar tarqalgandan so‘ng u ishlagan sexning kadrlar bo‘yicha sobiq bo‘lim mudiri Mavluda ismli ayol va mahhala fuqarolar yig‘ini xodimlari kelib, u haqida surishtiruv olib borishgan. Bu ishlardan u qo‘rqayotganini bildirdi.

— Mavluda opa uyimizga kelib, onamdan «Mashinada ketasizlarmi yoki samolyotdami, necha kishi ketyapsizlar» deb surishtiribdi. U Andijon shahar uy-joy bo‘limiga boshliq bo‘lib qolibdi. Bularni hammasi nayrang. Mavluda opani hamma ishda ayblab bo‘shatishdi-yu, uy-joy bo‘limiga boshliq qilib qo‘yildi. Onamga ‘boshlang‘ich to‘lov puli bilan kelinglar, navbatsiz uy olib beraman, meni rahbar qilib qo‘yishdi, endi hamma narsaning ilojisi bor’, debdi. Ulardan keyin mahalla fuqarolar yig‘ini xodimlari ham kelib, kim qayoqqa ketayotgani haqida so‘rabdi. Bular menga to‘siq qo‘yib, chiqarib yubormasligi ham mumkin», — dedi u.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning viloyatga tashrifi chog‘ida Andijon City’ni qurish rejasi namoyish qilingan edi. Rahimovaning ma’lum qilishicha, Andijon City tushadigan joyda turmush o‘rtog‘i bilan sotib olgan uyi bo‘lgan va u yerda bolalari bilan ro‘yxatda turgan. Turmush o‘rtog‘i bilan ajrashgandan so‘ng, u uydan chiqib ketishni istamagan. Lekin viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Manzura Yunusova bir haftada kottejga ko‘chirib qo‘yaman, deb uyni bo‘shattirgan. Hozir o‘sha uy Andijon City qurilishi uchun buzib tashlangan. Buzib tashlangan uy o‘rniga hokimlik tomonidan berilgan kottejda Rahimovaning sobiq eri shar’iy nikohdagi uchinchi xotini bilan yashab kelmoqda. Bu orada Rahimova hokimlik vakillari gapiga ishonib uysiz qolgan.

«Hammani qaqshatib, bolalarni ko‘chaga qo‘yib qurilayotgan Andijon City’ning kimga keragi bor edi? Yashab yuruvdik, kichkina uy bo‘lsa ham boshpanamiz bor edi. Bunaqa holatga tushgan bitta men emasman, qanchadan-qancha oilalar shunaqa qiynalib yuribdi. Chiroyli uylar bersa ham, bu noshukrlik qilyapti, deb o‘ylarsizlar. Uyni bergani bilan tekinga bergani yo‘q-ku. Bizning uyimizni bo‘shatib olib, kreditga uy taklif qilyapti. Summani kimdir to‘lay oladi, kimdadir imkoniyat yo‘q. Mendan oldin ham to‘rtta bolali ayolga katta va’dalarni berib, uydan chiqarishgan ekan. Bechora sarson yuribdi. Omborxonada yashab yuruvdilaring, deb gapirishni bilishadi. Bu darajada ko‘chaga odamlarni chiqarib qo‘yib, qurayotgan uyining kimga keragi bor?!»

4