O‘zbekistonlik ikki muhojir Rossiyada yosh bolani qutqarib qoldi

O‘zbekistonlik ikki muhojir Rossiyada yosh bolani qutqarib qoldi

Foto Mk.ru

Moskva viloyatining Podolsk shahridagi 1-sonli uy-joylarni ta’mirlash korxonasi ishchilari Bekmurod Turdaliyev va Sherbek Soliyev shahar qahramonlari bo‘lishdi. Ular to‘rtinchi qavat balkonidan yiqilib tushgan ikki yoshli bolani qutqarib qolishdi: uni adyolga tutib qolishdi. Bu haqda MK sayti xabar bermoqda.

Bola balkondan tashqariga chiqib, 20 daqiqa davomida osilib turdi. Keyin esa qo‘llarini qo‘yib yuborib pastga quladi. O‘sha payt 21 yoshli onasi uyda uxlayotgan edi, politsiyaning aniqlashicha, ayol mast holatda bo‘lgan.

"Yigitlar maysaga qarayotgan edi. Keyin ular menga qo‘ng‘iroq qilishdi va 4 qavatdagi balkonning tashqarisida yosh bola osilib yotganini va qichqirayotganini aytishdi. U baland ovozda yig‘lab, onasini chaqirdi. Uchinchi qavatdagi bir ayol bizga choyshabni olib keldi. Biz adyolni pastki qavatga yoydik va yana 20 daqiqa kutdik. Keyin u charchagan qo‘llarini ochib yubordi va to‘g‘ri adyolning ustiga tushdi, - dedi Bekmurod Turdaliyev MKga, - Beshovimiz adyolni ushlab turdik, o‘sha uydagi mahalliy yigitlar bizga yordam berishdi".

Ma’lum bo‘lishicha, Bekmurod 10 yildan beri Podolskda yashaydi va shu vaqtgacha u okrug hududini rivojlantirish bo‘yicha brigadada ishlab kelyapti. U ko‘p bolaning otasi: olti o‘g‘il va uchta qizchasi bor, ulardan ikkitasi egizak. Oilasi bir muddat Podolskda yashagan va yanvarda Andijonga qaytishgan.