Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






AQSh-Eron ziddiyatiga muqobil yondashuv: provokatsiyalar, sabotajlar va qutblashuv jarayonlari
1.10.2019 15:11,  
478

2019 yilning 14 sentyabr kuni Saudiya Arabistonining Abqaiq va Xuraysdagi neftni tozalash va qayta ishlash ob’yektlariga uyushtirilgan havo zarbalarining ortida Eron turgani haqidagi iddaolar Yaqin Sharqda urush ehtimoli bilan bog‘liq havotirlarni yanada yuksaltirdi. AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo Eron rahbarlarining maqsadi nizo chiqarish ekanini va uyushtirilgan hujum uchun javob qaytarilishini ta’kidladi.

Bir qarashda 2019 yilning 14 sentyabr kuni Saudiya Arabiston neftni tozalash va qayta ishlash ob’yektlariga qilingan hujum, 13 iyun kuni Ummon Ko‘rfazida Yaponiya va Norvegiyaga tegishli ikkita neft tankerining hujumga uchrashi, 12 may kuni esa Birlashgan Arab Amirliklarining (BAA) Fujayra portida amalga oshirilgan portlashlar AQSh va Eron o‘rtasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan urush ehtimolining yaqin ekaniga ishorat qilmoqda. Biroq voqealar rivojining parda orqasidagi voqealar vaziyatning ancha murakkab ekanini ko‘rsatmoqda.

Qurolli guruhlar tomonidan neft tankerlariga yoki AQShning mintaqadagi harbiy bazalariga nisbatan uyushtirilgan hujumlarda Eronning qo‘li borligi haqidagi yondashuv ko‘pchilik tomonidan e’tirof etilsa ham so‘ngi ikki holatdagi o‘xshash parallellar hujumlar ortida yashirin rejalar, fitnalar va sabotajlarning mavjudligi borasidagi shubhalarni yuzaga keltiradi. Shu sababli ham mazkur tahlil davomida joriy yilning 13 iyunida Ummon Ko‘rfazida neft tankerlariga nisbatan uyushtirilgan hujum va 14 sentyabr kuni Saudiya Arabistoniga qarashli neftni qayta ishlash ob’yektlariga qilingan hujumlarga oid muqobil yondashuvlar haqida so‘z boradi.

Ummon Ko‘rfazidagi tanker hujumlaridagi shubhali holatlar

Avalambor 13 iyun kuni neft tankerlariga nisbatan uyushtirilgan hujumlarda AQSh rasmiylarining Eronni ayblashga qaratilgan bayonotlari faqatgina Angliya tomonidan qo‘llab quvvatlanishi va hujum borasidagi qarama-qarshi fikrlarning paydo bo‘lishi voqealarga nisbatan turli gumonlarni keltirib chiqardi.

AQSh Prezidenti Donald Tramp AQSh harbiylari tomonidan taqdim qilingan video tasvirlarda Ummon Ko‘rfazidagi hujumni Eronning Inqilob Muhofizlari Korpusi (IMK) tomonidan amalga oshirilgani aks etganini ta’kidladi. Eron esa bu ayblovlarni keskin ravishda rad qildi.

Yaponiya tankeri egasi va kema ekipajining guvohlik berishicha, hujum AQSh harbiylari ta’kidlaganidek minalarning portlashi oqibatida emas, balki havo zarbalari orqali sodir bo‘lgan. Qiziqarli tomoni Yaponiya Eronga nisbatan hech qanday ayblovni ilgari surmadi. Ayni paytda Germaniya ham AQSh tomonidan taqdim qilingan video-tasvirlarni dalil sifatida qabul qilmasligini bildirdi.

Ushbu holatlarda ko‘rilganidek bayonotlarning bir biriga zidligi haqiqatning yuzaga chiqishini qiyinlashtiradi. Buning ustiga tanker hujumlarining Yaponiya Bosh vaziri Shinzo Abining Eronga qilgan rasmiy ziyorati arafasida amalga oshirilishi esa alohida diqqatga molikdir. Bu holat esa hujumlarning ortida provokatsiya yoki sabotaj maqsadidagi harakatlarning mavjudligiga ishorat qilmoqda.

Tanker hujumlaridagi potensial provokatorlar va sabotajchilar

Ummon Ko‘rfazida neft tankerlariga uyushtirilgan hujum bo‘yicha ziddiyatli yondashuvlar mazkur amaliyotning provokatsiya ekaniga doir taxminlarni kuchaytiradi. Tanker hujumlari bevosita IMKning tashqi bo‘linmasi bo‘lgan Quddus kuchlari tomonidan amalga oshirilgan taqdirda ham Erondagi konservativ kuchlar tomonidan AQShga qarshi uyushtirilgan provokatsiya sifatida baholanishi mumkin. Biroq bu yerdagi asosiy masala hujumning Eron va AQSh o‘rtasida urush chiqishini juda istagan uchinchi kuchlar tomonidan uyushtirilgan bo‘lish ehtimolidir.

Boshqa tomondan Eronni urushga jalb qilish uchun provokatsiyaga keltirish masalasi AQShning Eron strategiyasida nazarda tutilgan rejalardan biri ekanini ham unutmaslik kerak. Bu haqda keyinroq batafsil to‘xtalamiz. Ushbu hujumlardan uch oy o‘tib Prezident Trampning Milliy Xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Jon Boltonning ishdan olinishi va Trampning Eronga nisbatan harbiy kuch qo‘llashdan ko‘ra iqtisodiy bosim siyosatini afzal ko‘rishi inobatga olinadigan bo‘lsa, Oq Uyda AQShning Eron siyosati borasida fikr yakdilligi mavjud emas degan xulosaga kelish mumkin. Bu holatda endilikda sobiq maslahatchi Jon Bolton va Davlat kotibi Mayk Pompeo AQSh Prezidenti Donald Trampning Eron siyosatiga qarshi asosiy potensial provokatorlar sifatida gavdalanadi. Biroq bu taxmin ham navbatdagi muqobil yondashuvdir albatta. Chunki AQSh va Eron o‘rtasida urush chiqishini istovchilar haqida so‘z borar ekan avvalambor Isroil va Saudiya Arabiston kabi davlatlarning provokatsiya uyushtirish ehtimolini unutmaslik lozim.

Tanker hujumlaridagi yana bir jihat, hujumlarning Yaponiya Bosh vaziri Shinzo Abining Tehronga rasmiy ziyorati paytida amalga oshirilishidir. Bu holat ham hujum amaliyotiga nisbatan sabotaj ehtimolini kuchaytiradi. Yaponiyaning AQSh va Eron o‘rtasidagi inqirozning yechim topishidagi rolining muhim ekaniga hech qanday shubha yo‘q. Biroq, Yaponiyaning o‘z geosiyosiy manfaatlarining mavjudligini ham unutmaslik kerak. Rasmiy uchrashuvlar vaqtida Yaponiyaning Chabahor porti loyihasiga investitsiya kiritishiga doir muzokaralarning o‘tkazilishi kunchiqar davlatning Eron orqali Afg‘oniston va O‘rta Osiyoga chiqish niyatining borligini ko‘rsatadi. Bu esa Yaponiyaning an’anaviy raqibi bo‘lgan Xitoy atrofini o‘rab olishga intilish sifatida baholanishi mumkin. Boshqa tarafdan esa, Yaponiyaning bu tashabbuslari iqtisodiy raqobat jihatidan Xitoyni, mustaqil tashqi siyosat yuritishga urunishi jihatidan esa AQShni bezovta qilishi mumkin. Shu sababli ham Shinzo Abining Tehronga qilgan rasmiy ziyorati paytida Yaponiyaga tegishli neft tankerining hujumga uchrashi yuqoridagi davlatlardan biri tomonidan amalga oshirilgan sabotaj bo‘lish ehtimoli ham mavjuddir.

Endi asosiy gumondor bo‘lgan Eron IMK Quddus kuchlari masalasiga qaytadigan bo‘lsak “o‘yin ichida o‘yin” formulasiga duch kelamiz. Chunki bu yerda eng katta ehtimol IMK Quddus kuchlari hujumni aynan Shinzo Abining tashrifi arafasida amalga oshirib aybni boshqalarning gardaniga yuklashni rejalashtirgan bo‘lishi mumkin. Bunday rejaning amalga oshirilish ehtimolini kuchaytiradigan yana bir jihat esa AQShga bo‘lgan ishonchsizlikni orttirishdir. Shu yo‘l bilan IMK AQSh bilan muzokaralarga iliq yondashadigan Erondagi islohotchi qatlam va urush tarafdori bo‘lgan konservatorlar o‘rtasidagi tortishuvlarga chek qo‘yishni rejalashtirgan bo‘lishi mumkin.

Aramco hujumlaridagi shubhali holatlar

Saudiya Arabiston neftni tozalash va qayta ishlash ob’yektlariga qilingan hujum ortidan AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo hujumlar uchun Eronni aybladi. Eron esa har doimgidek bu ayblovni rad qildi. Umuman olganda hujumlar uchun mas’uliyatni zimmasiga olgan Yamandagi Xusiy isyonchi guruhi ortida Eronning turgani barchaga ma’lum bo‘lgan haqiqatdir. Hattoki Eron IMKning Yamandagi harbiy instruktorlari hujum amaliyotida bevosita ishtirok etgan bo‘lishi ehtimoli ham juda yuqori. Biroq shu o‘rinda vaziyatni chigallashtiruvchi quyidagi holatlar alohida e’tiborga loyiqdir:

Birinchidan, xusiylarning harbiy jihatdan yagona qo‘mondonlik ostida vertikal tarzda birlashmagani, zamonaviy dronlarni boshqarish malakasining yetishmasligi inobatga olinsa shu paytgacha hech qaysi davlatning xusiylar bayonotiga jiddiy e’tibor qaratmaganining sababi ayon bo‘ladi. Bundan tashqari xusiylarning joriy yilning may oyida amalga oshirgan havo hujumlarida qo‘llangan dronlar bilan Aramco hujumlarida qo‘llanilgan dronlar mutlaqo boshqa kategoriyadagi texnika vositalari sanaladi.

Ikkinchidan, hujumlarda dronlar bilan birga qo‘llanilgan qanotli raketalarning qoldiqlari Eronda ishlab chiqarilgan Quds-1 raketalariga tegishli ekani aniqlandi. Biroq, bu o‘z-o‘zidan xusiylarning iddaolarini yo‘qqa chiqaradi. Chunki Yaman chegarasidan Saudiya zavodlarigacha bo‘lgan masofa ming kilometrdan ortiq. Eronda ishlab chiqarilgan Quds-1 raketalar 700 kilometrgacha bo‘lgan masofada hujumga yaroqli sanaladi. AQSh raketalarning Erondan, to‘g‘rirog‘i 300 km masofadagi Fors Ko‘rfazining narigi qirg‘og‘idan otilgan degan gumonda. Saudiya Arabiston esa raketalarning Iroqning janubidagi tomonidan otilgan degan taxminni ilgari surdi. 450 kim masofadagi bu hududlar esa Eron tomonidan dastaklanadigan Xashd ash-Shaabi (Ommaviy Safarbarlik Kuchlari) kuchlari tomonidan nazorat qilinadi.

Uchinchidan, Aramco hujumlaridan ikki haftacha oldin Isroilning Jerusalem Post gazetasi Isroil maxsus xizmatlari tomonidan Livan hududidagi Eronga tegishli dron bazasiga hujum uyushtirilgani va dronlarni boshqarishni o‘rganayotgan Xizbulloh jangarilarining o‘ldirilgani haqida yozdi. Gazeta havo zarbalarida o‘ldirilgan jangarilar bilan birga Eronda ishlab chiqarilgan dronlar va raketalarning rasmlarini ham joyladi. Aramco hujumlari oldidan Eronda ishlab chiqarilgan dronlarning Isroil maxsus xizmatlari qo‘liga tushganligi ham hujumlar borasida qo‘shimcha shubhalarga zamin yaratadi.

To‘rtinchidan, hujumlardan bor-yo‘g‘i uch kun oldin, 11 sentyabr kuni Invest Brothers saytida e’lon qilingan xabarda Moskva birjasida jismoniy shaxslar orasida tuzilgan neft savdosi bo‘yicha uzoq muddatli fyuchers bitimlari sonida keskin ortishi haqida yozildi. Xabarda yozilishicha, jismoniy shaxslar orasidagi bitimlar soni bir kunda 173%ga ortib 605.9 mingtaga yetgan. Joriy yilning may oyida xusiylar tomonidan Saudiya Arabiston neft ob’yektlariga uyushtirgan hujumlar oldidan ham xuddi shunday holatning kuzatilgani tasodiflar ehtimolini deyarli yo‘qqa chiqaradi. Demak yagona taxmin sifatida Rossiyadagi ba’zi shaxslarning Aramco hujumlarini oldindan bilishgani ilgari surilishi mumkin. Bu esa hujum ortidagi provokatsiya ehtimolini kuchaytiradi.

Aramco hujumlaridagi potensial provokatorlar va sabotajchilar

Aramco hujumlari borasidagi bahs va munozaralarda o‘rtaga tashlangan muqobil yondashuvlardan biri hujumlarning bevosita jahon bozorida neft narxining ko‘tarilishini istagan kuchlar tomonidan amalga oshirilganidir. Masalaning neft narxi bilan bog‘liq jihati qanchalik haqiqatdan yiroq bo‘lsa ham yondashuvning qaysidir ma’noda spekulyusiya va provokatsiyaga ishorat qilishini hisobga olib quyidagi holatlarga e’tibor qaratish maqsadga muvofiqdir.

Hech qanday “qora kuch” yoki “oq kuch” qisqa muddatli spekulyasiya hisobidan foyda olish uchun bu turdagi tavakkalga yo‘l qo‘ya olmaydi. Ayniqa neft ishlab chiqarish sohasida. Chunki neft narxining uzoq muddatli ortishi haqida gap bo‘lishi mumkin emas.

Abqaiq va Xuraysdagi neftni qayta ishlash ob’yektlariga uyushtirilgan havo zarbalarining jahon bozorida neft narxining keskin oshishiga sabab bo‘lmagani ham buning yaqqol dalilidir. Neft narxining oshishiga yo‘l qo‘ymagan real faktlar esa quyidagilardan iborat:

Birinchidan, Saudi Aramco kompaniyasi 48 soat ichida neft qazib olish hajmini hujumlardan oldingi holatning 1/3 qismiga yetkazish va ikki hafta ichida neft hajmini oldingi holatga chiqara olish imkoniyatiga ega ekanini ma’lum qildi.

(Izoh: Kompaniya bayonoti aksar aksar kuzatuvchilar tomonidan shubha ostiga olinsa ham hujumlarlan ikki hafta o‘tib 2019 yilning 29 sentyabr kuni Saudi Aramco kompaniyasining neft qazib olishni 9,8 million barrelga yetkazgani haqida xabarlar chiqdi. Bu esa hujumlardan oldingi hajmning qayta tiklanganini angatadi).

Ikkinchidan, Saudiya Arabistonning Gollandiya, Yaponiya va Misr portlarida joylashgan neft zaxiralari qazib olishdagi uzilishlar o‘rnini qoplashga yetadi.

Uchinchidan, hujumlar ortidan AQSh Prezidenti Tramp Tvitter akkaunti orqali yozgan postida zarurat tug‘iladigan bo‘lsa mamlakatning strategik rezervlari hisobidan bozordagi bo‘shliqni to‘ldirishi mumkinligini ma’lum qildi.

To‘rtinchidan, neft qazib olishda uzoq muddatli uzilishlar bo‘lgan taqdirda ham AQShdagi mavjud katta hajmdagi sintetik neft rezervlari narx muvozanatini saqlashga qodir.

Demak neft narxidagi qisqa muddatli oshishlarni hujum maqsadi sifatida talqin qilish bilan bog‘liq yondashuv haqiqatga mutlaqo ziddir.

Boshqa bir muqobil yondashuv esa Saudi Aramco kompaniyasining IPO (Initial Public Offering/Birlamchi ommaviy taklif) protsedurasidan o‘tishi bilan bog‘liq. Qiymati 2 trillion dollarga yaqin ekani aytiladigan kompaniyaning 1% aksiyasi sotuvga chiqarilish arafasida aksiya qiymatini tushishidan manfaatdor kuchlarning hujumga aloqasi bo‘lish ehtimoli yo‘q emas. Biroq bu yerda jiddiy e’tibor qaratilishi kerak bo‘lgan jihat shuki, dastlabki IPO bosqichi mahalliy darajada o‘tkazilishi avvaldan ma’lum qilingan. Demak ushbu provokatsiya ehtimoliga jiddiyroq yondashiladigan bo‘lsa hujum orqasida turgan yoki dastaklagan kuchlar Saud qirollik oilasi atrofidan izlanishi kerak bo‘ladi.

Saudiya Arabistoni ichki siyosatidagi o‘zaro kurashlar mavzusiga kirilar ekan, haqiqatga yanada yaqinroq bo‘lgan boshqa bir muqobil yondashuvdan so‘z yuritish kerak bo‘ladi.

Ma’lumki, Saudi Aramcoga tegishli neftni tozalash va qayta ishlash ob’yektlari AQShdan sotib olingan Petriot PAC-2 mudofaa tizimlari bilan qo‘riqlanadi. Ushbu mudofaa tizimining qanotli raketa va dron hujumlarining bartaraf qilolmagani ko‘plar savollarni o‘rtaga chiqardi. Asosiy e’tirozlar mudofaa tizimining funksiyasi faqatgina qanotli raketalarni urib tushirish emas, balki radar tizimi orqali 100 mil radiusdagi har qanday jismni aniqlay olishi va bu haqda signal berish salohiyatiga nisbatan bildirildi. Bildirilgan ayrim izohlarda esa Petriot tizimi o‘sha kuni 18 ta dron va 7 ta qanotli raketani aniqlagani, biroq Qirollik kuchlari dronlarga qarata pala-partish o‘t ochishlari natijasida neft ob’yektlariga yetkazilgan katta zararning oldi olinmagani aytiladi.

Bunday izohlar Saudiya Arabistoni qurolli kuchlarini noqulay bir vaziyatga qo‘yishi mumkin albatta. Biroq bunday layoqatsizlik ataylab qilingan bo‘lsachi degan savol tug‘iladi. U holda uyushtirilgan sabotaj hujumni amalga oshirilgan tashkilotchilarga ichkaridan dastak sifatida baholanishi mumkin. Agar haqiqatan ham shahzoda Muhammad ibn Salmonga raqib bo‘lgan kuchlarning hujumga aloqasi bo‘lsa hech qanday mudofaa tizimi natija bermasligi aniq.

Saudiya Arabistoni ichki siyosatidagi potensial sabotajchilar borasida esa ikkita taxminni ilgari surish mumkin:

Birinchisi, bevosita qirol oilasi a’zolari orasida shahzoda Salmonga raqib bo‘lgan kuchlar tashqi dushmanlarga ichkaridan dastak bergan holda shahzoda Salmonni diskreditatsiya qilishga urinishlari mumkin. Bunday kuchlarning boshida tura olishi mumkin bo‘lgan eng muhim ismlardan biri esa shahzoda Salmonning salafi bo‘lgan Muhammad ibn Nayfdir. 2017 yilning iyun oyida bir vaqtning o‘zida ham valiahdlikdan, ham Ichki Ishlar Vaziri va Vazirlar kengashi a’zosi sifatidagi barcha lavozimlaridan chetlatilgan shahzoda Nayfning bu ishga aloqadorlik ehtimolining sababi faqatgina alamzadalik bilan cheklanmaydi albatta. Avvalambor shahzoda Nayfning tashqi siyosat borasida Qatar va Eron bilan aloqalarni yaxshilashga intilishi shu o‘rinda muhim ahamiyatga ega. Shunday ekan shahzoda Nayfni valiahd shahzoda Salmonning siyosatiga qarshi sabotaj uyushtirish ehtimoli uchun eng munosib nomzod deyish mumkin. Buning ustiga 2018 yilning oktyabr oyida Saudiya Arabistonning Istanbuldagi konsulligida o‘ldirilgan jurnalist Jamol Qoshiqchi jinoyati borasida ham Qirollik oilasi ichidagi o‘zaro raqobat bilan bog‘liq sabotajlar haqidagi munozaralar esga olinsa bu ehtimol ham e’tiborga molikdir.

Ikkinchisi, Qirollik oilasiga oid bo‘lmagan ichki siyosatdagi kuchlar bilan bog‘liqdir. Ma’lumki 2018 yilning oktyabr oyida shahzoda Salmon mamlakat siyosatida muhim rol o‘ynaydigan bir qancha qabila boshliqlarini hibsga olishni buyurgandi. Hibsga olinganlardan ba’zilari esa a’zolari soni 5 milliondan ortiq bo‘lgan Shammar qabilasining yetakchi kishilaridir. Asli kelib chiqishi Yamanga borib taqaladigan Shammar qabilasi nafaqat ichki siyosat, balki Saudiya Arabistonning Suriya va Iroqdagi aloqalarida ham muhim rol o‘ynaydi. Eng qiziqarli tomoni Abqaiq va Xuraysdagi neftni tozalash va qayta ishlash ob’yektlarini muhofaza qiluvchi Milliy Gvardiya tarkibi ham aynan Shammar qabilasi vakillaridan iborat ekanidir.

Shahzoda Salmon va nufuzli qabilalar o‘rtasidagi nizolarning yana bir sababi esa shahzoda Salmonning “Saudi Vision 2030” loyihasi bilan bog‘liqdir. Saudiya Arabistonni neft eksportiga qaramlikdan qutqarishga qaratilgan ushbu loyiha asosiy boyliklarini neft sotish orqasidan to‘plagan qabilalarning manfaatlariga mutlaqo ziddir. Shunday ekan neft ob’yektlariga uyushtirilgan hujumlarda ichkaridan dastak berilgani ehtimoli juda yuqoridir.

AQShning Eron strategiyasida “provokatsiya rejasi”

Yuqorida AQShning Eron siyosati borasida Oq uy vakillari orasida fikr yakdilligshini mavjud emasligi va Prezident Trampning Eron siyosatiga qarshi ichki sabotaj ehtimollari haqida so‘z yuritdik. AQShning Eron srategiyasi bilan bog‘liq ichki ziddiyatlarning muhokamasi so‘ngi oylarda Yaqin Sharq mintaqasi va Ko‘rfazda ketma keta sodir bo‘layotgan sirli hujumlardan manfaatdor kuchlarni aniqlash nuqtai nazaridan muhimdir.

Prezident Trampning iqtidorga kelgan ilk kunlardan boshlab Mayk Pompeo va Jon Bolton kabi Eronga qarshi bo‘lgan ismlarni atrofiga to‘plashi AQShning Eronga qarshi harbiy harakatlar boshlash ehtimolini kun tartibiga olib chiqdi.

2019 may oyida Boltonning Yaqin Sharqqa 120000 askar yuborish rejasini ochiqlashi ortidan urush ehtimoli bilan bog‘liq munozaralar qaytadan jonlandi. Biroq oradan ikki hafta o‘tib Trampning mintaqaga yuboriladigan askarlar sonini 1500 ga kamaytirgani esa Oq uyda Eron siyosati bilan bog‘liq ziddiyatlarning mavjudligiga oid iddaolarni paydo qildi. Chunki avval boshdanoq Bolton va Pompeo Eronga qarshi harbiy kuch qo‘llash tarafdori ekanliklarini yashirmas ekan Tramp ijtimoiy tarmoqlar orqali bir necha marotaba Eronni muzokara stoliga da’vat qilib o‘zini vaziyatni qutqaruvchi sifatida namoyon qilishga harakat qildi. Boshida bu Tramp va atrofidagilarning o‘zaro “yomon va yaxshi politsiya” o‘yini sifatida ham talqin qilingandi. Biroq Boltonning ishdan olinishi Oq uydagi ziddiyatlarning haqiqatga yaqin ekanini ko‘rsatdi.

2009 yili AQShdagi yirik moliyaviy doiralar tomonidan dastaklanadigan The Brookings Institution tomonidan “Qaysi yo‘l Eronga olib boradi: Eronga qarshi yangi AQSh strategiyasi uchun tanlovlar” (Which Path to Persia? Options for a New American Strategy towards Iran) sarlavhali 170 betlik bir tadqiqot e’lon qilgandi. Taqdiqotdagi eng muhim nuqta “AQShning Eronga qarshi harbiy aralashuvini amalga oshirish uchun Eronning provokatsiyaga keltirilishi va provokatsiya uyushtirmasdan qilingan har qanday hujumning moddiy badali juda og‘ir bo‘lishi” ochiqchasiga yozilganidir. Tadqiqot mualliflariga ko‘ra, provokatsiyalar AQShning Eronga qarshi havo zarbalarini amalga oshirishi uchun bahona sifatida qo‘llanilishi lozim. Provokatsiya qanchalik razil va qurbonlar soni ko‘p bo‘lsa harbiy harakatlarni boshlashda AQSh uchun shunchalik yaxshi bo‘ladi. Tadqiqotdagi boshqa bir jihat esa Eronni provokatsiyaga keltirish uchun ba’zi usullarning taklif qilinishidir. Bulardan biri esa ba’zi shartlar asosida Eron bilan bitim tuzish va keyinchalik esa bitim shartlariga rioya qilmaganlikda Eronni ayblashdir.

Shu ma’noda AQShning 2015 yili imzolangan “Keng qamrovli qo‘shma harakatlar rejasi”dan (Yadro bitimi) chiqish qaroriga sabab o‘laroq, AQShning sobiq prezidenti Barak Obama va Donald Tramp o‘rtasidagi siyosiy qarashlardagi ixtilof sabab o‘laroq ko‘rsatilsa ham aslida Eronga bitimning taklif qilinishi, imzolanishi va keyinchalik AQShning bitimni tark etishi yuqoridagi tadqiqotda ta’kidlanganidek, Eronga qarshi harbiy harakatlarni asoslash uchun bahona sifatida ishlatish uchun oldindan ishlab chiqilgan reja ekanini taxmin qilish mumkin.

Biroq keyingi voqealar reja va amaliyotning o‘zaro mos kelmaganini ko‘rsatmoqda. Bu esa o‘z navbatida quyidagi ikkita holat bilan izohlanishi mumkin:

Birinchisi, yuqorida tilga olingan tadqiqot tayyorlanganidan beri o‘tgan 10 yil mobaynida Eronning harbiy salohiyatida katta yuksalish bo‘ldi. 2003 yilgi Iroq urushidan so‘ng mintaqa bo‘ylab ta’sir doirasini kengaytira boshlagan Eron bugun harbiy jihatdan o‘z tarixida eng yuksak darajaga yetdi deyish mumkin. Bu holatda Eron bilan urush AQSh uchun yirik yo‘qotishlarga sabab bo‘lishi mumkin. Bu sabablar esa Trampning Eron siyosatida harbiy aralashuv o‘rniga iqtisodiy bosim o‘tkazish yo‘lini afzal ko‘rdi deyishga asos bo‘la oladi.

Ikkinchisi, yuqorida ta’kidlanganidek, iqtidorga kelishining ilk kunlarida Pompeo va Bolton kabi ismlarni atrofiga to‘plagan Tramp dastavval Eronga qarshi harbiy harakatlar borasida atrofidagilar bilar hamfikr bo‘lsa ham an’anaviy ittifoqchilari bo‘lgan Yevropa davlatlarining Eron yadro bitimi borasida farqli yo‘ldan ketishi Oq uydagi rejalarning buzilishiga sabab bo‘ldi deyish mumkin.

AQSh-Eron ziddiyati fonida global va mintaqaviy kuchlar orasidagi qutblashuv jarayonlari

AQSh va Eron o‘rtasidagi ziddiyatni yanada kuchaytiradigan har qanday hodisa ayni paytda global va mintaqiviy kuchlarning manfaatlariga ta’sir qiladi. Shu nuqtai nazardan Yaponiya Bosh vaziri Shinzo Abining Eronga tashrifining Hindiston manfaatlariga ta’siri e’tiborga molikdir. Yuqorida ta’kidlanganidek, Yaponiya Eronning Chabahor porti loyihasiga investitsiya kiritar ekan ayni paytda Hindiston bilan ham hamkorga aylanadi. Chunki Chabahor loyihasiga 500 million dollarlik investitsiya kiritigan Hindiston portning kattagina qismida boshqaruv huquqiga egadir. Shu bilan birga Yaponiya va Hindistonni birlashtirgan boshqa bir omil esa Xitoydan keladigan tahdid sanaladi. Shunga qaramasdan bu uchala davlatning Erondan neft oluvchi eng yirik mijozlari ekani ularni AQSh-Eron ziddiyatida muhim kuchlarga aylantiradi.

Raqamlarga qaralsa Xitoy, Hindiston va Yaponiyaning Eronning neft savdosida o‘ta muhim rol o‘ynaydigan davlatlar ekani ayon bo‘ladi. AQShning Eronga qarshi sanksiyalari kuchga kirgandan so‘ngi davrda, 2018 yilning noyabr va 2019 yilning mart oylarida Eron eksport qilgan kunlik 930 ming barrel neftning 740 ming barreli yuqoridagi uch davlat hissasiga to‘g‘ri keladi. AQSh sanksiyalar kuchga kirishi bilan 8 ta davlatga import imtiyozlarining bekor qilinishi ortidan Yaponiya va Hindiston Erondan neft sotib olishni to‘xtatishgandi. Biroq Xitoy esa Erondan neft sotib olishni davom ettirdi. Hindiston va Yaponiya Erondan neft sotib olishni qaytadan yo‘lga qo‘yishlari haqida turli bayonotlar bergan bo‘lishlariga qaramasdan AQShga qarshi borishga botinishmadi. Shu sababli ham Eronning xalqaro neft bozoridan ajralib qolmasligi va AQSh sanksiyalarining oqibatlarini yumshatishi uchun hozirda Xitoy Eron uchun eng muhim hamkor mavqeidagi davlat deyish mumkin. Eron Yaponiya va Hindiston bilan ham aloqalarni davom ettirishiga qaramasdan Xitoyning Erondan neft sotib olishdan voz kechmaganining yana bir sababi esa AQSh va Xitoy o‘rtasidagi tijorat urushi bilan izohlanishi mumkin. Xitoyning AQSh tomonidan qo‘llaniladigan moliyaviy jazolarga qaramasdan Erondan neft sotib olishni davom ettirishi aslida AQSh bilan bo‘layotgan tijorat urushlarida Erondan foydalanishdir. Chunki Xitoyning umumiy neft importida Eron neftining ulushi atigi 6% ekani hisobga olinsa Xitoyning Eron neftidan voz kechishi mamlakat iqtisodiyotiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmaydi.

AQSh-Eron ziddiyatida Yaponiya va Hindistonning Xitoyga qarshi tarafda joy olishi bilan bir ayni paytda AQSh hamda Eron bilan ham qalin aloqa ichida ekanini ta’kidlash lozim. AQSh va Xitoy o‘rtasidagi tijorat urushi hisobga olinganda Xitoyga qarshi AQSh-Yaponiya-Hindiston uchligining ayni bayroq ostida birlashganini ko‘rish mumkin. Biroq bu ittifoq qarshisida Xitoyning yolg‘iz emas albatta. Eron bilan qalin aloqada bo‘lgan Xitoy ayni paytda boshqa bir global kuch bo‘lgan Rossiya bilan ham qaysidir ma’noda ittifoq holda harakat qilmoqda.

2019 yilning 29 oktyabr kuni AQSh Senatida bo‘lib o‘tgan xisobot majlisida Milliy Razvedka direktori Den Koats va Markaziy Razvedka Boshqarmasi boshlig‘i Gina Xaspellar tomonidan taqdim qilingan “AQShga qarshi global tahdidlar bilan bog‘liq doklad”da Rossiya va Xitoyning hozirda AQSh manfaatlari uchun eng katta tahdid ekani aytiladi. Rossiya va Xitoyning o‘tmishda raqobat qilishgani e’tiborga olinsa ularning yaqinligini an’anaviy hamkorlik deyish qiyin. Biroq hozirda bu ikki davlatni AQShga qarshi manfaatlar birlashtirmoqda deyish mumkin. Rossiyaning ham Eron bilan ijobiy aloqalarni davom ettirayotgani inobatga olinsa yuqoridagi uchlikka qarshi Xitoy-Rossiya-Eron uchligining shakllanganini ko‘rish mumkin.

Albatta bu qutblashuvlar Ko‘rfaz tashqarisidagi kuchlar orasidagi manfaat to‘qnashuvlari bilan bog‘liqdir. Biroq AQSh va Eron orasidagi ziddiyatga ta’sir ko‘rsatish salohiyati hisobga olinganda ro‘yxatning boshida Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Isroil kabi davlatlar uchligini ko‘rish mumkin.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, AQSh va Eron o‘rtasidagi ziddiyat o‘z navbatida mintaqaviy va global kuchlar orasida ham qutblashuv jarayonlarining boshlanishiga sabab bo‘ldi. Shu sababli ham bu ziddiyatning bir qismi bo‘lgan turli hujumlar mintaqada urush boshlanishidan manfaatdor bo‘lgan kuchlar tomonidan uyushtirilgan provokatsiya yoki turli tashabbuslarga qarshi sabotaj harakatlari bo‘lish ehtimoli muqobil yondashuv sifatida ko‘rib chiqilishi lozim.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан