Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






«AQSh ta’lim tizimining biznikidan farqi ― u yerda kitob o‘qiladi» (video)
12.03.2020 14:51,  
3008

AQShning Kolumbiya universitetiga umrbod professorlik (tenure track) lavozimiga qabul qilingan ilk o‘zbek olimasi Aziza Shonazarova ayni kunlarda O‘zbekistonda bo‘lib turibdi.

Shonazarova OAV va jamoatchilik vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida O‘zbekiston va AQSh ta’lim tizimidagi bir qator farqlarni sanab o‘tdi.

“AQShda kitob o‘qishadi”

― Bizning ta’lim tizimimiz bilan AQSh ta’lim tizimining farqi ― u yerda kitob o‘qiladi. Kitobni faqat talaba o‘qimaydi, professor ham o‘qishga majbur. O‘zining sohasida chiqayotgan yangi kitob va tadqiqotlardan xabardor bo‘lishi kerak. Bilishi va o‘sha narsa haqida gapira olishi kerak. 

Bizning o‘z tizimimiz atrofida, o‘z qobig‘imizda qolib ketayotganimizning sababi ham shu: biz dunyoda bo‘layotgan yangiliklardan boxabar emasmiz. Shuning uchun faqat o‘zimizda, O‘zbekiston ichida aylanayotgan eski gaplarga nimadir qo‘shib, yangidan nimalardir qilmoqchi bo‘lamiz. Shuni to‘g‘rilashimiz ham kerak.

“Talabalar o‘ziga yoqqan fanlarni o‘qiydi”

― Sharqshunoslikni bitirganman. Bizda jadval, "raspisaniye" bo‘lardi. Biz o‘sha bo‘yicha o‘qirdik. Bu narsa Amerikada yo‘q. Birinchi kurslarda bor, ularning majburiy oladigan kurslari bo‘ladi. Ikkinchi kursdan buyog‘iga talabalar o‘ziga yoqqan mutaxassislik bo‘yicha dars oladi. Talaba o‘zining dasturini o‘zi tuzadi. Rahbarlar biriktiriladi, ular bilan maslahatlashib, o‘ziga yoqqan darslarga yoziladi.

O‘qish juda ham qimmat. Shuning uchun ular o‘zining xohshi bilan o‘qiydi. Shu ham bizda katta farq bo‘lsa kerak.

MAVZUGA DOIR: Aziza Shanazarova Kolumbiya universitetining ilk o‘zbek professori bo‘ldi

“Faqat quruq yodlash emas”

― Darslarda eslayman, konspektlar yozdirishardi. Ko‘p konspektlar yozganim esimda. Domla kitobdan o‘qib berardi. Bu narsa AQShda umuman yo‘q. Nima qilamiz biz? “Syllabus” degan narsa bor. Bu – domla tomonidan har bir dars uchun tuziladigan jadval. O‘sha jadvalda baho qanday qo‘yilishi, talabaning “5” baho olish uchun nima ishlar qilishi kerakligi, har hafta qanday kitoblar o‘qilishi jadvali beriladi.

Birinchi dars boshlanganda o‘sha jadval hammaga tarqatiladi. Domla bilan talaba o‘rtasida o‘sha jadval asosiy vositachi bo‘ladi. Talaba domladan nima qilishimiz kerak, nima o‘qishimiz kerak, deb so‘rayvermaydi, o‘zi mustaqil ravishda o‘rganadi.

Darsliklar ham yo‘q. Talabalar har bitta haftaga bo‘lingan mavzu bo‘yicha dunyoning eng nufuzli manbalaridagi maqolalarni o‘qiydi. Biz darslik o‘qitmaymiz. Yoki kitoblardan bo‘laklar. Buning uchun domlaning o‘zi nima nufuzli ekanligini yaxshi bilishi kerak. Talabalar juda ham ko‘p o‘qishadi. 

Darslarimda 2-, 3-, 4-kurslar bor. Ular haftasiga 100 bet o‘qiydi. Bu me’yoriy holat hisoblanadi. Bu bitta darsdan faqat. Bir vaqtda minimum 5tacha kurs oladi.

Darsga o‘qib kelganidan keyin o‘sha bilimini men bilan birga tahlil qiladi. Faqat quruq yodlash emas. Talabaning o‘qiganini tekshirish yo‘llari bor. Biz asosan tahlilga e’tibor beramiz. Tahlilda ham shunchaki tahlil emas, balki tanqidiy tahlil.

MAVZUGA DOIR: Prezident yetmishga yaqin ayollarni faxriy unvon, orden va medallar bilan mukofotladi (ro‘yxat) ​

Talabalar nafaqat o‘qishi, balki o‘sha maqolaga nisbatan o‘zida fikr paydo bo‘lishi kerak. Maqola deganda men 25 bet atrofidagi materialni aytyapman. Bu narsa bizda yo‘q. Agar bizda shular ichki tizimga o‘rnatilsa, nafaqat talaba, balki domlani ham o‘qishga o‘rgatsa, natija bo‘ladi. Ular shu darsdan nimadir olib chiqib ketishi kerak.

Yoshligimda tengdoshlarimda shunaqa tushuncha bo‘lardi: institutga kirdim, endi diplom olib keta olaman. Amerikada unaqa emas. O‘qishlar qimmat bo‘lgani uchun ular agar chindan xohlamasa, nima qiladi pulini ketkazib? Shu narsani tushunib yetishimiz kerak. O‘qish talabaning o‘ziga kerak. Diplom hech narsa olib bermaydi, bu shunchaki qog‘oz. Oladigan narsasi – kallasidagi bilimi".

Ma’lumot uchun, Aziza Shonazarova Toshkent davlat sharqshunoslik institutida bakalavr va magistratura, Polshadagi Varshava universiteti, AQShning Indiana-Blumington oliygohida magistratura bosqichida o‘qigan.

Dunyoning yetakchi Ohayo, Manchester, Varshava, Illinoys, Sorbonna, Bonn, Pekin universitetlari bilan ilmiy hamkorlik olib boradi. Gender tarixi, ayollarning Markaziy Osiyo tarixidagi o‘rni, so‘fiylik – uning ilmiy ish mavzulari hisoblanadi.

MAVZUGA DOIR: Prezident e’tirofidan keyin Aziza Shonazarova Sharqshunoslik institutida faxriy professor va kafedra mudiri bo‘ldi

Aziza Shonazarova Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda davlat rahbari tomonidan “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан