Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Federalist №1: Davlatga poydevor qo‘ygan "uch bloger" (2-maqola)
30.12.2019 18:51,  
1267

1787-yilning shamol uchirib ketgan kunlari... Shimoliy Amerikaning birlashgan shtatlaridan iborat 11 yasharlik davlat o‘zining eng muhim siyosiy inqirozini boshdan kechirayotgan edi. Bu inqirozdan chiqish oson kechmadi, lekin AQSh davlatchiligi poydevori yanada mustahkamlanib oldi. Amerikalik ilg‘or ziyoli qatlam siyosiy islohotlar jararayonida o‘ta muhim bo‘lgan ma’rifiy va g‘oyaviy vazifani o‘tab berdi.

O‘sha davrdagi poytaxt Filadelfiya shahrida yig‘ilgan majlis yangi konstitutsiya loyihasini barcha shtatlarga taqdim etdi. Ko‘pgina shtatlar va ayniqsa eng nufuzli Nyu-York shtatida yangi konstitutsiyani qabul qilmaslik kayfiyati kuchli edi. Qarshilikning asosiy sababi: shtatlar yagona markazga bo‘ysunib qolishi oxir-oqibatda o‘zlari ajralib chiqqan Britaniya imperiyasining nusxasini hosil qiladi, deb baholadilar. Undan tashqari ba’zi doiralarga tegishli tor siyosiy va iqtisodiy manfaatlarning o‘rni ham katta edi.

Shunda amerikalik uch siyosatchi o‘z ismlarini yashirib, “Publius” (qadimgi Rim respublikasi asoschilaridan biring ismi) taxallusi ostida yangi konstitutsiyaning g‘oyaviy asoslarini bayon qiladigan maqolalarni gazetalarda chiqara boshladilar. Bu uch muallif: Aleksandr Hamilton, Jeyms Madison, Jon Jey. Sarlavhada biz ularni shartli ravishda blogerlar deb atadik.

Mualliflar dastlab 25 maqola chiqarmoqchi bo‘ldilar, ammo jamoatchilikdagi qizg‘in bahslar sababli maqolalar soni 85 ga yetdi. Bu gazeta matnlari hozirgi kunda zamonaviy davlatchilik nazariyasiga oid jonli mumtoz asarlar qatorida ko‘riladi.

Darvoqe, uch anonim “blogerlar” keyinchalik yetishgan cho‘qqilari haqida ikki og‘iz so‘z:

  • - Aleksandr Hamilton 1795-yilda mamlakatning moliya vaziri etib tayinlangan.
  • - Jeyms Madison 1808-yilda AQShning to‘rtinchi prezidenti bo‘lib saylanadi.
  • - Jon Jey 1784-yilda Tashqi ishlar vaziri, 1789-yilda Oliy Sud raisi, 1795-yilda Nyu-York gubernatori lavozimlarini egallagan.

Ushbu va keyingi maqolalarimizda “Federalist” umumiy nom ostida chiqqan mazkur siyosiy esselarning g‘oyalarini qisqa shaklda bayon qilmoqchimiz. Umid qilamizki, bu maqolalar o‘quvchilarda zamonaviy davlat boshqaruvi va siyosiy bilimlarga oid asosiy tushunchalar shakllanishiga imkon beradi.

Federalist №1: Umumiy kirish

Birinchi maqola Hamilton tarafidan yozilgan bo‘lib, “Independent Journal” gazetasida 1787 yilning 27 oktyabrida chop etilgan. Maqola Nyu-York aholisiga murojaat deb boshlanib, unda quyidagi g‘oyalar aks etgan:

  1. Muallif barcha shtatlar ustidan federal markaz boshqaruvi bo‘lishi zarurati tarafdori ekanligin aytiladi. Keyingi chiqadigan maqolalarida buning foydasi haqida aqliy dalillarga asoslab berilishi va’da qiladi.
  2. Odamlar o‘z aqllari va ixtiyorlari bilan yaxshi ishlaydigan davlat tizimini bapro qila oladilarmi? Yoki har safar bo‘lganidek, davlat zo‘ravonliklar va tasodiflar natijasida shakllanishga mahkummi? Mana shu savollarga ijobiy javobni amerikaliklar o‘z harakatlari va namunalari bilan bera olishlariga muallif ishora qiladi. Amerikaning butun insoniyat oldidagi missiyasi mana shu vazifadan iborat bo‘lishi mumkinligi aytiladi.
  3. Tarqoq shtatlarni birlashtiradigan yangi konstitutsiya tarafdorlari va ularga qarshi taraflar turli niyatda bo‘ladilar. Raqiblar ichida g‘arazli maqsaddagilar ham, umumiy manfaatni ko‘zlovchi xolis niyatli shaxslar ham mavjudligini e’tirof etish kerak. Ezgu niyatli siyosatchilarga turli tuhmatlar qilib, ularning yaxshi ishlarini to‘xtatib qo‘yish xavfi bor. Shuningdek, xalq uchun kurashni da’vo qilib chiqqan demagoglar hokimiyatga kelganda zolimga aylangani tarixda ko‘p uchragan.

Motivlar (ichki maqsadlar, niyatlar) maxfiy qolishini e’tirof qilgan holda, u yoki bu siyosiy g‘oyalar aqliy dalillar asosida muhokamada bo‘lishi lozim. Siyosiy g‘oyalar diniy aqidalar kabi kuch bilan odamlar ongiga singdirilmasligi shart.

  1. Kuchli hukumat respublika prinsiplariga binoan ishlasa, xalq va inson erkinliklariga tajovuz qila olmaydi.

Keyingi maqola davlatning asosini birlashgan xalq tashkil etishi haqida bo‘lib, uni Publius taxallusi ostida Jon Jey yozgan. Federalist №2 “The Independent Journal”da 31-oktabr 1787-yilda chop etilgan.

Bu haqda navbatdagi maqolamda yozaman.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан