Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






AQSh uyg‘urlar masalasi sababli Xitoyga viza berishda cheklovlar o‘rnatadi
10.10.2019 14:58,  
253

AQSh musulmon aholiga nisbatan qatag‘on siyosati olib borilayotgani tufayli xitoylik mas’ullarga nisbatan viza cheklovlarini o‘rnatishini aytdi.

Bu qaror Shinjon mintaqasida inson huquqlarini buzuvchi amaliyotlarga aloqador deb ko‘rilgan Xitoyning 28 ta muassasasi dushanba kuni AQSh Savdo departamenti “qora ro‘yxati”ga kiritilishi ortidan e’lon qilindi.

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Xitoy hukumati “o‘ta qattiq qatag‘on kampaniyasini tashkillashtirgani” haqida gapirgan.

Xitoy esa bu ayblovlarni asossiz deya rad etadi.

Davlat departamenti chiqargan bayonotda Mayk Pompeo Xitoy hukumati uyg‘urlar, shu bilan birga etnik qozoq, qirg‘iz musulmonlari va boshqa musulmon jamoasi vakillariga qarshi bosim o‘tkazayotganiga urg‘u bergan.

Bu bosim ommaviy qamoq lagerlari, muntazam kuzatuv, madaniy va diniy qarashlar, o‘ziga xosliklarni qat’iy nazoratga olish, xorijdagi musulmon fuqarolarini Xitoyga qaytishga majburlash kabilarni o‘z ichiga oladi.

Xitoy esa bunga “Bu yerda AQSh da’vo qilayotganidek hech qanday “inson huquqlari buzilishi” yo‘q”, deya javob qaytardi.

Viza cheklovlari Xitoy hukumati vakillari va Kommunistik partiya rasmiylari hamda ularning oila a’zolariga nisbatan qo‘llanadi.

“Amerika Qo‘shma Shtatlari Xitoy Xalq Respublikasini zudlik bilan Shinjondagi qatag‘on amaliyotlariga chek qo‘yish, barcha qamoq lagerlarida tutib turilganlarni ozod etish va xorijdagi xitoylik musulmon jamoalari vakillarini kuch bilan ortga qaytarishni bekor qilishga chaqiradi”, deyiladi Davlat departamenti e’lon qilgan bayonotda.

Xitoy so‘nggi yillarda mamlakatning eng g‘arbiy mintaqasi bo‘lgan Shinjonda ommaviy xavfsizlik amaliyotlarini o‘tkazib keladi.

Inson huquqlari guruhlari va BMT esa Xitoy bir milliondan ortiq uyg‘urlar va boshqa etnik ozchilik vakillarini qamoq lagerlarida tutib turgani, ularni Islomdan voz kechish, faqat Xitoyning mandarin tilida gapirish va kommunist hukumatga sodiq bo‘lishga majburlayotgani haqida aytadi.

Xitoy esa bu lagerlar “kasbga o‘rgatish markazlari” ekani, u yerdagilar ish o‘rganib, Xitoy jamiyatiga moslashishi uchun tutib turilgani, shu yo‘l bilan terrorchilikka qarshi kurashayotganini da’vo qiladi.

Ammo vaqt o‘tgan sari AQSh va boshqa davlatlarning Xitoy Shinjonda olib borayotgan siyosatiga qarshi tanqidlari ortib bormoqda. Masalan, o‘tgan hafta Vatikanda o‘tgan matbuot anjumanida Mayk Pompeo Xitoy “o‘z fuqarolarini Xudoga emas, hukumatga sig‘inishga majburlayotgani” haqida bayonot bergandi.

Joriy yil iyul oyida esa BMT Inson huquqlari qo‘mitasidagi 20 ta davlat Xitoyning uyg‘urlar va boshqa musulmon jamoalarga qarshi choralari qoralangan xatga imzo chekkan.

Uyg‘urlar kimlar?

Uyg‘urlar – etnik turk musulmonlari. Ular Shinjon mintaqasi aholisining 45%ini, Xitoy xanlari esa 40%ini tashkil etadi.

1944-1949 yillarda qisqa muddat mavjud bo‘lgan Sharqiy Turkiston Respublikasi qulaganidan keyin 1949 yili Xitoy Shinjon mintaqasida to‘liq o‘z nazoratini tiklagan.

Shundan buyon mintaqaga katta sonda xan xitoyliklar ko‘chirib keltirilgan, uyg‘urlar esa bu o‘zlarining madaniyatiga xavf solishidan qo‘rqadi.

Xitoy xuddi janubdagi Tibet singari Shinjon mintaqasiga ham rasman muxtoriyat maqomini bergan.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан