Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Xusiylar hujumi AQSh va Saudiya Arabistoni belgilagan o‘yin qoidalarini o‘zgartiradimi?
19.09.2019 17:45,  
4714

Ar-Riyod 2015 yil mart oyidan boshlab Yaman mojarosida harbiy ishtirok etishga qaror qilganidan beri, Saudiya Arabistoni neft ishlab chiqarish tizimi xusiylar xujumidan ancha aziyat chekib keldi. So‘nggi hujum 14 sentyabrning erta tongida yuz berdi. Saudiya Arabistonining Abqaiq va Xuraysdagi ob’yektlarida yuz bergan portlashlar dunyo hamjamiyatini va neft bozorini ham bir zumda oyoqqa turg‘izdi.

Faktlar

Abqaiq Saudiya Arabistoni neft tizimining yuragidir, chunki har kuni har xil konlardan olib kelinadigan 7 million barrel neft (milliy ishlab chiqarishning 70 foizi) uning ob’yektlarida qayta ishlanadi, keyinchalik bozorga chiqish uchun bu neft muqarrar ravishda Abqaiq quvurlaridan o‘tishi kerak. Yana shuni aytib o‘tishim kerakki, Abqaiq aslida klassik tushunchadagi, ya’ni neftdan benzin, kerosin, mazut vahokazo maxsulotlar oladigan neftni qayta ishlash zavodi emas. U yerda dunyodagi eng yirik neft koni bo‘lgan Gavar konidan olib kelinadigan, neftdan shunchaki vodorod sulfidi va shunga o‘xshash neftni ifloslantiruvchi moddalar ajratib olinib, toza neft holiga keltirilib qayta ishlanadigan zavoddir. O‘z navbatida, Xurays Saudiya Arabistonida kunlik qazib olinadigan 1,45 million barrelga teng Gavardan keyingi ikkinchi neft konidir.

Saudiyaning davlat neft monopoliyachisi Saudi Aramco uzoq vaqtdan beri ommaviy IPO ga chiqishni rejalashtirmoqda, shu munosabat bilan kompaniya yaqinda 2018 yil uchun moliyaviy hisobotini e’lon qildi — 111 milliard dollar sof foyda (kompaniyaning bahosi hanuzgacha noma’lum, chunki u hali ham ommaga oshkor qilinmagan, ammo u, taxminan 2 trillion dollarga yaqinroq). Bu kompaniyaning va o‘z navbatida Saudiya Arabistonining asosiy aktivlari, birinchi navbatda super gigant Gavar va Xurays koni va unga xizmat qiladigan Abqaiq zavodidir.

14 sentyabr, shanba kuni tongda mana shu “yurak”larga nisbatan hujum sodir bo‘ldi. Natijada bir nechta ob’yektlar yonib ketib, shunchalik katta zarar ko‘rildiki, olovni boshqarib, darhol normal holatga qaytish uchun birinchi signalni bergan Saudiya Arabistoni Energetika vaziri Abdulaziz bin Salmonga ko‘ra, (atigi bir hafta oldin lavozimni egallagan) neft qazib olish noma’lum vaqtga ikki baravarga kamaytirildi (kuniga 9,8 million barreldan 5,7 gacha).

Hujumni zudlik bilan Yamanning amaldagi hukumatiga oppozitsiyada bo‘lgan isyonkor Xusiylar o‘z zimmasiga olishdi. Bu guruh rasmiy Ar-Riyod tomonidan qo‘llab-quvvatlangan va xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olingan Yaman prezidenti Abd Rabbo Mansur Hadiga, Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlangan xolda qarshi turadi. Shuning uchun ham darhol AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo rasmiy Tehronni to‘g‘ridan-to‘g‘ri hech qanday dalil keltirmay ayblab chiqdi. Ko‘pchilik tahlilchilar bu qaynoq nuqtani aslida Saudiya Arabistoni va Eron o‘rtasidagi qarama-qarshilik deb hisoblashadi, demak Yamanning amaldagi tan olingan hukumati va Ansorulloh (xusiylar) guruhlari esa, mintaqadagi bu ikki yirik o‘yinchi uchun shunchaki o‘ziga xos VPN vazifasini o‘tab beradi xolos.

Bu borada, xozircha nima bo‘lganligi borasida xamma hamfikr emas. Xusiylar tomonidan bo‘lgan ba’zi manbalar Yamandan Abqaiq va Xuraysga yetib borish uchun, bir necha ming kilometr masofaga uchib bora oladigan, portlovchi moddalar bilan to‘ldirilgan o‘nta dronlar haqida gapirishmoqda. Boshqalar esa, hujum Iroqdan qanotli raketalar yordamida uyushtirilganligini da’vo qilmoqdalar

Tahlil

Bu hodisalardan kelib chiqadigan asosiy muammolar, nazarimda, ayrim tahlilchilar tomonidan ilgari surilgan energiya sohasida bo‘lishi mumkin bo‘lgan muammolar emas. Bir tomondan, zararlangan ob’yektlarni qayta tiklash uchun bir necha hafta kerak bo‘ladi. Lekin Ar-Riyodda o‘z mijozlarining ehtiyojini bu vaqt ichida qondirib turish uchun Rotterdam (Niderlandiya), Okinava (Yaponiya) va Sidi Kerir (Misr) portlarida joylashgan o‘zining katta zaxiralari mavjud. Bu esa zararlangan inshootlar qayta tiklangunicha, o‘z mijozlariga neft yetkazib berishning hozirgi darajasini saqlab turish uchun yetarli.

Bundan tashqari, ba’zi OPEKka a’zo neft ishlab chiqaruvchi davlatlar, yozning boshida narxlar pasayishining qayta boshlanganidan beri, narxlarni hozirgi darajada ushlab turish uchun har qanday vaziyatga yaxshi tayyor bo‘lishlarini tasavvur qilish mumkin. Va nihoyat, OECD ga a’zo mamlakatlar 90 kunlik iste’mol uchun o‘z zaxiralariga ega deb taxmin qilinadi va Oq uy har qanday yetkazib berish muammolarini yumshatish uchun o‘zining strategik zaxiralaridan foydalanishga tayyor. Muxtasar qilib aytganda, narxlarning keskin ko‘tarilishi ushbu hujum tufayli yuzaga keladi deb o‘ylamayman, garchi doimiy o‘zgarib turadigan energiya bozoridagi spekulyativ vasvasalar har qanday oqilona yondashuvni buzishi mumkin bo‘lsada.

Yana bir mutlaqo boshqa narsa - bu Saudiya monarxiyasiga jiddiy ta’sir ko‘rsatgan asosiy muammodir. Saudiya Arabistoni neft kompaniyasining gultoji (Aramco) shu tarzda osongina “kaltak yegan”ligi, Saudiya mudofaasining o‘z mol-mulki ximoyasini kafolatlashga qodir emasligini, bunga Vashington tomonidan cheklovlar borligi to‘g‘risidagi gaplar aniq ayon bo‘lib qolmoqda.

Ma’lumki, Saudiya qirolligi dunyodagi yetakchi qurol-yarog‘ importchisi hisoblanadi (AQSh va Xitoydan keyin mudofaga eng ko‘p pul sarflovchi dunyodagi uchinchi davlat) ammo bu sarflangan mablag‘lar, unga nisbatan bo‘lgan harbiy tahdidlarga teng mudofaa tizimiga ega ekanini anglatmaydi. Bunday sharoitda, Aramco’ning dunyo fond bozoriga kirishiga qiziqqan potensial investorlar dunyodagi eng daromadli kompaniyaning kapitalida qatnashishdan unchalik manfaatdor bo‘lmasligi mumkin.

Shu sabab, hujum uyushtirganlar xusiylar yoki eronliklar bo‘lishidan qat’i nazar bu hodisa, Saudiya va Amerikaning mintaqadagi strategik qiziqishlalariga teng darajada ta’sir qiladi. Agar xusiylar bu hujum orqali Saudiya Arabistonining sharqiy, asosiy neft mintaqalarida istiqomat qiluvchi va Ar-Riyod tomonidan cheklangan shia ozchiligiga yordam ko‘rsatganliklarini nazarda tutgan bo‘lishsa, bu hujum milliardlab dollar mablag‘ tikilgan Ar-Riyod harbiy kuchlari, to‘rt yildan ortiq vaqt o‘tgach ham, nazariy jihatdan past harbiy jangovar qobiliyatiga ega bo‘lgan xusiylar tahdidini bartaraf eta olmayotganini namoyish etadi. Agar hujum eronliklar tomonidan amalga oshirilgan bo‘lsa, bu aniqki, hatto Donald Tramp tomonidan amalga oshirilgan "maksimal bosim" ham Tehronni qo‘shnilarining ishlariga aralashishga va yangi yadro bitimini qabul qilishiga to‘sqinlik qila olmadi.

Bu holatda, xarajatlar va foyda olishning oddiy hisob-kitobi, Ar-Riyod va Vashingtonni Fors ko‘rfazida o‘zlari tomonidan tuzilgan o‘yin qoidalarini global ravishda qayta ko‘rib chiqishni taqozo qilishi kerak. Ammo shunga o‘xshash narsa bo‘lishini hozircha hech narsa ko‘rsatgani yo‘q.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан