Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






AQSh xitoylik olimlarni quvib chiqarmoqda
30.12.2019 17:10,  
1451

Xitoylik olimlar AQShdan quvib chiqarilmoqda, xitoylik talabalarga viza berilmayapti, amerikalik olimlar xitoylik hamkasblari bilan (har qanday) aloqaga kirishsa, “FBR” ta’qibiga uchramoqda.

Endi ikki bahaybat davlat to‘qnashuvining yangi raundi boshlandi – ilg‘or texnologiya va ilm-fan uchun kurash. Bu qanday ro‘y beradi va qanday qurbonliklarga olib keladi? Bu haqda Ildiz kanalida maqola chop etildi. Maqolani to‘lig‘icha e’tiboringizga havola etamiz.

Bultur Silikon vodiysida zamonamizning eng mashhur fiziklaridan biri, Amerikaning Stenford universiteti professori, Nobel mukofotiga nomzod Chjan Shouchen halok bo‘ldi. Uning sirli o‘limi hozirgacha jiddiy o‘rganilmagan. Faqat bir narsa ma’lum: hayotining oxirgi yillarini olim ta’qibda o‘tkazgan.

2018 yil mart oyida AQSh savdo vakili Robert Laytxayzer “Xitoy tomonidan akliy mulk o‘g‘irligi” mavzusida hisobot bilan chiqib, unda Palo-Altoda muvaffaqiyatli faoliyat olib boradigan Chjan Shouchen kompaniyasini ham tilga olib o‘tdi.

Noyabr oyida hisobotning yangi talqini chiqdiki, unda Chjan Shouchen sal qolsa AQSh ilg‘or texnologiyalarining o‘g‘irlanishida asosiy aybdor deb topildi.

Hujjat “makkartizm” g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan, va o‘sha davrdagi “ajoyib” uslubda bitilgan edi.

Hisobot quyidagicha iboralar bilan to‘lib-toshgan edi: “Xitoyning AQSh ilg‘or texnologiyalariga sizib kirishi”, “xitoylik josuslarning ishga solinishi”, “Silikon vodiysiga xitoycha tuzum vakillarining kirib kelishi” va h.k.

Ham AQShdan, ham XXRdan olgan grantlari va mukofotlari bilan Chjan Shouchenning ajoyib karerasi yovuz maqsadga yo‘nalgan ayg‘oqchilik deb topilgan.

Olimga, shuningdek, xitoylik aql egalarini vatanga qaytarish bo‘yicha ishlab chiqilgan “Minglab iste’dod sohibi” dasturi doirasida uning xitoy hukumatidan olgan granti va Huawei kompaniyasi bilan hamkorlik ayblari ham qo‘yilgan.

Anchadan beri AQSh fuqarosi hisoblangan Chjan Shouchen doimiy ravishda Stenford universitetida ma’ruza o‘qib kelgan. Barcha ilmiy faoliyatini olim Amerikada ochiq tarzda olib borgan. Lekin Laytxayzerning ma’ruzasi undan qandaydir bir josusni yasadiki, bu xuddi 1940-yillardagi amerika filmlarini (films noires) eslatib yuboradi.

Robert Laytxayzer – Oq uyning ko‘zga ko‘ringan to‘rasi. AQShning tijorat vakilligi boshlig‘i sifatida, u AQSh savdo urushlarini nazorat qiladi – xususan Xitoy bilan.

Uning bayonoti AQSh maxsus xizmatlari uchun “ko‘rsatma” vazifasini bajardi, va noyabrda Chjan Shouchen idorasiga “feber”chilar taftish bilan keldi.

Tergov ishlari boshlandi. Chjan Shouchenni so‘roqqa tortishdi. 2018 yil 1 dekabrda Kanadada AQSh so‘rovi bo‘yicha Huawei kompaniyasi asoschisining qizi hibsga olindi. U bilan Chjan Shouchen hamkorlik qilgan. Shu kunning o‘zida olim o‘zini derazadan irg‘itdi.

Qarindoshlarining aytishicha, bu ruhiy siqilish oqibatida o‘z joniga qasd qilish bo‘lgan.

Lekin uning hamkasbi Skoltex professori Artyom Oganov “Ogonyok” jurnaliga bergan suhbatida “shu darajada sog‘lom, optimist va muvaffaqiyatli odamni o‘z joniga qasd qilishini tasavvur qilish qiyin”, deb aytdi.

Darhol ishga quvg‘indagi xitoylik oligarx Guo Venguy aralashdi. U olimni xitoy maxsus xizmati xodimlari o‘ldirgan bo‘lishi mumkinligiga shama qildi: go‘yoki u Xitoy Kompartiyasining AQSh texnologiyalarini o‘g‘irlayotgani to‘g‘risida qandaydir maxfiy ma’lumotlarga ega bo‘lgan.

Bunday holat faqat xitoylik olimlar bilan ro‘y bermagan: yadroviy fizika sohasidagi mashhur eronlik mutaxassislar ham umrining eng gullagan davrida g‘aroyib tarzda hayotni erta tark etishgan.

Mashhur xitoylik olimning jumboqli o‘limi atigi xamir uchidan bir patir bo‘ldi. Aslida xitoylik olimlarni ta’qib qilish AQShda bir necha yillardan beri davom etib kelmoqda. Bugungi kunda ular shunday ko‘lam kasb etdiki, ilmiy hamjamiyat vakillari ochiqchasiga ularni “etnik tozalash” deb atamoqda.

Ko‘p yillar davomida xitoylik talabalar (bugunda ularning soni AQShda 300 ming atrofida) mamlakatning ilg‘or universitetlarini dollar oqimi bilan muttasil ta’minlab keldi.

Xitoylik olimlar amerika laboratoriyalarida qoyilmaqom muvaffaqiyatlarga erishib keldi, kashfiyotlar qildi, o‘qitdi-o‘rgatdi, ilmiy mukofotlar oldi va AQSh ilm-faniga katta hissa qo‘shdi.

Lekin bugungi kunda Tramp ma’muriyati ikki davlat o‘rtasidagi har qanday hamkorlikni pachag‘ini chiqarmoqda. Talabalarga vizalar istar-istamas berilyapti. Olimlarga ko‘p hollarda viza berilmayapti.

Dong‘i ketgan olimlarni ta’qib qilish “alvasti ovi”ni g‘oyat esga soladi. Ikki yil oldin xitoylik er-xotin Li Syaochjan va Li Shixua (Atlantadagi Emori universiteti professorlari) antington tuzalmas kasalligi sohasida katta kashfiyot qilishdi.

Qandaydir vaqt davomida ular amerika matbuoti qahramonlariga aylanishdi. Lekin bir yil o‘tib ikkovini ham universitetdan chetlatishdi. Na 23 yillik mehnat staji, na AQShfuqaroligi ularga yordam berolmadi. Er-xotinlar Xitoyga qaytib ketishga majbur bo‘ldi.

O‘shanday taqdirga Vu Sifen xonim ham yo‘liqqan. U saraton kasalligi bilan kurash sohasida dunyodagi yetakchi mutaxassislardan biridir.

U ishlagan Texas tadqiqot markazi, “FBR” AQSh ilmiy markazlariga XXR dan kelgan olimlarni yo‘latmaslik to‘g‘risidagi ogohlantiruvidan keyin, uni vazifasidan chetlatishga majbur bo‘ldi.

Xonimning AQSh pasporti ham hech rol o‘ynamadi. Professor amerika texnologiyalarini o‘g‘irlashda ayblanib, mamlakatni tark qilishga majburlangan.

Boshida olimlarning qatag‘oniga bahona ularning kelib chiqishi xitoylik ekani bo‘lgan. Keyinchalik esa, bugunga kunda amerika hukumati xitoylik hamkasblari bilan aloqa qilmoqchi bo‘lgan hatto toza qonli amerikalik olimlarni ham qatag‘onlashga kirishdi.

Ish shunisi bilan murakkablashmoqdaki, Xitoy faol ravishda grant, stipendiya va turli xil mukofotlar bilan o‘z olimlari va xorijliklar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirmoqda.

Amerika ilm-fani byudjetining ilm-fanga kam mablag‘ ajratayotganligi manzarasida AQSh olimlari XXR grantlariga talabnomalar bermoqda. Lekin Xitoydan har qanday “moliyaviy ko‘mak” olish fakti tobora jinoyatdek bo‘lib bormoqda.

Xitoylik olimlar ta’qibi davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi va eng tepadan muvofiqlashtirib boriladi.

FBR direktori Kristofer Rey ilg‘or texnologiyalarini o‘g‘irlash borasida ochiqchasiga Xitoyni “milliy xavfsizlik uchun eng katta xavf” deb bilishini ma’lum qildi.

Qonun himoyachilarining eslatib o‘tishicha, XXR olimlariga qarshi terror Ikkinchi jahon urushida yaponlar bilan bog‘liq holatga o‘xshaydi. O‘shanda kelib chiqishi yapon bo‘lgan amerikaliklardan josuslik va zararkunandalikda gumonlanishgan va lagerlarga tiqishgan. Lekin qo‘yilgan ayblarning hech biri isbotlanmagan.

Amerika o‘zining ilg‘or texnologiyalari sizib ketishini oldini olish uchun har qanday chorani qo‘llamoqda. Lekin hamma tushunib turibdiki, poyezd allaqachon jo‘nab ketib bo‘lgan.

Baquvvat yuan Xitoyga butun dunyo bo‘ylab startaplarni sotib olishga imkon bermoqda.

Eslatma: Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан