“ArMI–2021”: “Harbiy-tibbiy estafeta” musobaqasida O‘zbekiston chempion

“ArMI–2021”: “Harbiy-tibbiy estafeta” musobaqasida O‘zbekiston chempion

Markaziy harbiy okrugning “Forish” tog‘ poligonida Xalqaro armiya o‘yinlari doirasida o‘tkazilayotgan “Harbiy-tibbiy estafeta” musobaqasining so‘nggi sharti — “Jamoaviy birinchilik” bellashuvlari bo‘lib o‘tdi.

Unda ishtirokchi jamoalar vakillari – kichik va o‘rta tibbiyot xodimlari erkaklar va ayollar guruhlariga bo‘lingan holda birdamlikda shiddatli bahslarga kirishdi.

“Jamoaviy birinchilik” shartiga ko‘ra, ishtirokchilar muhandislik to‘siqlaridan emaklab o‘tib, shartli yaradorga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, tibbiy zambil orqali va arqon yordamida suvli to‘siq ustidan olib o‘tish, sanitar harbiy texnikaga joylashtirib, barcha aslahalarni yig‘ishtirib olish, keyin esa ularni xavfsiz hududga olib chiqish kabi mashqlarni bajarishdi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, mazkur shartda har bir ishtirokchining shaxsiy mahorati umumjamoa kuchini tashkil qilishda muhim rol o‘ynaydi. Bunda yuqori natijaga erishish uchun jamoaning har bir a’zosidan chaqqonlik va epchillik, xususan, birgalikda, hamjihatlikda harakat qilish, qat’iyat talab etiladi.

Musobaqa o‘tkazilayotgan hudud shartli ravishda jang maydonidek ko‘rinishga keltirilgan. Harbiy xizmatchilarning o‘qotar qurollardan havoga otayotgan o‘quv mashqlarida foydalaniladigan o‘qlaridan taralgan ovoz va o‘quv portlovchi vositalar shovqini, musobaqa yo‘lagi atrofida tomoshabinlarning qo‘llab-quvvatlashi, hali chekinmagan issiq yoz havosi hamda hayajon qorishib, mas’uliyatni yanada oshiradi.

Ammo bahslarda qo‘lni qo‘lga berib, o‘zi va sheriklarining harkatlarini bir xilda nazorat qilgan, birgalikda va bir-birlarini tushungan hamda qo‘llab-quvvatlagan holda marra tomon odimlagan jamoalar yuqori natijalarni qayd eta oldi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, “Jamoaviy birinchilik” bosqichida erkaklar hamda ayollar bahslarida O‘zbekiston jamoasi yuqori natijalarni ko‘rsatib, birinchi o‘ringa sazovor bo‘lishdi.

O‘zbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi bu yil ham mazkur musobaqaning “Jamoaviy birinchilik” bosqichida o‘tgan yilgi natijalarini yangilab, rekordlar qayd etishdi. Mazkur shartni bajarish uchun hamyurtlarimiz erkaklar o‘rtasida 5 daqiqa 28,4 soniya (o‘tgan yil – 6ʻ28,8), ayollar o‘rtasida esa 7 daqiqa 51,3 soniya (o‘tgan yil – 10ʻ09,2) vaqt sarf qilishdi.

Barcha shartlar bo‘yicha to‘plangan umumiy natijalarga ko‘ra:

– O‘zbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi (13426 ball) – birinchi o‘rin;

– Rossiya Federatsiyasi (10386 ball) – ikkinchi o‘rin;

– Xitoy Xalq Respublikasi (9726 ball) – uchinchi o‘rinni egalladi.

Keyingi o‘rinlar quyidagicha taqsimlandi — Vetnam, Belarus Respublikasi, Myanma, Tojikiston, Falastin.

Eslatib o‘tamiz, mazkur musobaqada hamyurtlarimiz mana, 3 yildirki, mutlaq g‘olib bo‘lib kelishmoqda.

Muhammadjon Xo‘jayev,

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti