Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Atom elektrostansiyasi raqamlarda
17.01.2018 00:48,  
364

Atom elektrostansiyasi (AES) - boshqariladigan yadro reaksiyalari natijasida ajraladigan energiyani elektr energiyasiga aylantiruvchi stansiyadir. Sodda qilib aytganda, reaktorda yadro reaksiyalaridan ajralib chiqayotgan issiqlik suv bug‘i hosil qilishga sarflanadi va suv bug‘ini elektr energiyasi olish uchun turbinalarga jo‘natiladi. Ya’ni an’anaviy usullar kabi suvning muhim o‘rni bor. Atom energetikasining ekologiyaga zarari an’anaviy energetikaga nisbatan ancha kam. Samarasi esa ancha yuqori. Masalan, 1kg uran 3000 tonna ko‘mir bera oladigan issiqlik energiyasini generatsiya qiladi. Lekin inson faktori va tabiiy omillar aralashuvi natijasida sodir bo‘ladigan falokatlarni ta’riflash uchun Chernobil va Fukusima voqealarini eslash yetarli. 

Keling, endi raqamlarga yuzlanamiz. Dunyoda elektr ishlab chiqarishning 11% ulushi atom energetikasiga tegishli (quyosh energetikasi 6,9%). Hozir 449ta ishlab turgan reaktor bo‘lib, yana 60ta yangi reaktor ishga tushishi kutilmoqda (manba: NEI report). AESning yillik energiya ishlab chiqarishdagi ulushi bo‘yicha Fransiya yetakchilik qilmokda (72,3%). Ishlab chiqarish quvvati va reaktorlar soni bo‘yicha esa AQSh yaqqol lider. AQShda 99ta reaktor mavjud bo‘lib, 2016 yilda ular 805.3 teraVatt•soat energiya ishlab chiqardi.

Endi ekspluatatsiya masalasiga kelsak. Savol tug‘iladi: AES loyihalashtirilib, ishga tushishi uchun qancha vaqt kerak? 2018 yil Finlyandiyaning Olkiluoto shahrida ishga tushishi kerak bo‘lgan reaktorni qurish 2005 yilda boshlagan. Ya’ni aynan shu reaktor bitishi uchun 13 yil talab qilindi. Shuni aytib o‘tish kerakki, loyiha bunchalik cho‘zilishning asosiy sababi uzoq yil davomida narxlar o‘zgarishi va byudjetni qayta ko‘rib chiqishdagi muammolar. Bizga tanish muammolar-a? Umuman olganda, reaktorni ishga tushirishga ketadigan o‘rtacha vaqt hozir 7,5-10 yil oralig‘ida (manba: Energy matters). Solishtirish uchun 100-500 mVt quyosh elektrostansiyasini ishga tushirish uchun 6 oydan 1 yilgacha vaqt talab qilinadi. Demak, biz bugun harakatni boshlasak, mevasini 2025-2030 yillarda yer ekanmiz. Xo‘sh, unda AESlarning ishlash muddati qancha? Bu masalaga turli davlatlar turlicha qaraydi. Lekin, o‘rtacha ishlash davri 30-40 yil oralig‘ida. Ishlash davri tugash atrofida esa maxsus komissiya xulosasi bilan 5 yildan 10 yilgacha cho‘zsa buladi. Quyosh energetikasi ham shu davrni va’da beradi, faqat maxsus komissiya va MAGATEsiz. AESning ishlash davri tugagandan so‘ng, o‘sha territoriya ma’lum muddatga to‘liq konservatsiya qilinadi. 

Xom ashyo resurslari masalasiga kelsak. Yokilgi sifatida boyitilgan uran ishlatiladi. Ya’ni bizda qazib olinadigan uran boyitilishi lozim. Uranni boyitish jarayoni deb, uran tarkibidagi U235-izotopi ulushini oshirishga aytiladi. Tabiatda uran 99% U238 izotopidan iborat bo‘lib, U235 izotopi 0.72% ulushni tashkil qiladi. U238 izotopi stabil bo‘lgani sabab, o‘z-o‘zidan zanjirli yadro reksiyasini hosil qilolmaydi. Shu sababli yadro reaksiyalari ketishi uchun uran tarkibida U235 izotop ulushini oshirish talab kilinadi. Energetika uchun 20%gacha boyitilgan uran ishlatiladi. Umuman olganda energetika uchun 5% boyitilgan uran yetarli.

Uranni boyitish bo‘yicha dunyoda sanoqli kompaniyalar faoliyat yuritadi. Bizga eng yaqin bo‘lgani Rossiyaning «Rosatom»iga tegishli bulgan «TVEL» yoqilg‘i kompaniyasidir. Xullas, O‘zbekiston sharoitida yoqilg‘i import qilinadi. Ishlatib bo‘lingan yoqilg‘i esa, maxsus qabristonlarda utilizatsiya qilinadi. Chunki ushbu chiqindilar o‘zlaridan katta miqdorda radiatsiya chiqarib, tirik organizmga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu salbiy ta’sirlar genetik o‘zgarishlar, nurlanish va boshqa kasalliklar ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. Shu sababli radioaktiv chiqindilarni utilizatsiya qilish sohasida katta ilmiy va texnik ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Buning natijasi sifatida maxsus qabristonlarni ko‘rishimiz mumkin. Bizga geografik jihatdan eng yaqinlari Rossiyada. 

Eng bizni qiynashi mumkin bo‘lgan eng asosiy masalaga o‘tsak. Qiziqish uchun AQSh, Rossiya va Yevropadagi AESlarning xaritada joylashuviga e’tibor bering. Barchasi yirik daryolar, okean qirg‘oqlari va yirik suv omborlari atrofida joylashgan. Nega? Chunki AES katta miqdorda energiya ishlab chiqaradi va buni elektr energiyasiga aylantirish uchun esa mos ravishda katta miqdorda suv kerak. Shuningdek, suv sovutuvchi agent vazifasini ham bajaradi. Bugungi ma’lumotlarga qaraganda, 1 MVt•soat energiya ishlab chiqarish uchun 3270 litr suv talab qilinadi (manba: WEF). Bu degani 100 megavattlik bir AES 24 soat ishlashi uchun 78.5 million litr suv kerak bo‘ladi. Bu suvning 6-10 % qismi bug‘lanish oqibatida yo‘qotiladi. Biz esa teravattlik AESni orzu qilayapmiz. Suv resurslari bo‘yicha mutaxassis bo‘lmaganim sababli ushbu savolni ochiq qoldiraman. AESning eng katta yutuqlaridan biri bu kichik maydonda katta energiya olishdir. Bu jabhada quyosh energetikasi yaqin ham kelolmaydi.

So‘z yakunida shuni ta’kidlaymanki, AES energiya tanqisligi davrida ideal yechim bo‘la olishi mumkin, agar biz o‘z resurslarimizni to‘g‘ri baholay olsak va loyihalashtirish jarayonida hech bir savolni ochiq qoldirmasak. Xulosa sizdan.

Rustam Ashurov, tadqiqotchi, fizik

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан