Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Tojikistonda O‘zbekiston kinosi kunlari yakunlandi
22.05.2021 20:10,  
74

Avval xabar qilinganidek, 19-22 may kunlari Tojikiston Respublikasida O‘zbekiston kinosi kunlari o‘tkazildi.

Unda ishtirok etish uchun O‘zbekiston Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov, O‘zbekiston xalq artistlari Xayrulla Sa’diyev, Tesha Mӯminov, Ӯzbekistonda xizmat kӯrsatgan artist Tohir Saidov, O‘zbekistonda xizmat kӯrsatgan madaniyat xodimi Jahongir Ahmedov kabi taniqli kino arboblari qo‘shni mamlakatga tashrif buyurdi.

Delegatsiya a’zolari dastlab Tojikiston Ommaviy axborot vositalari akademiyasida tashkil etilgan matbuot anjumanida ishtirok etdi. Tadbirda ikki mamlakatning kino va media sohasi vakillari malakasini oshirish, bu borada o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari xususida so‘z yuritildi.

Shundan so‘ng o‘zbekistonlik kinoijodkorlar Abu Abdulloh Ro‘dakiy nomidagi Milliy kutubxonaga bordi. Kutubxonaning nodir manbalar bo‘limida Firdavsiy, Nizomiy Ganjaviy, Mirzo Bedil, Abdurrahmon Jomiy singari ulug‘ allomalarning qo‘lyozmalari o‘rin olgan. Ular orasida Alisher Navoiyning 1801 yilda Buxoro amirligida ko‘chiriligan “Xamsa” qo‘lyozmasi ham bor.

Kutubxonaga “O‘zbekiston madaniy merosi dunyo to‘plamlarida” turkumidan chop etilgan kitob-albomlar to‘plami sovg‘a qilindi. 
O‘zbekistonlik mehmonlar shu kuni Dushanbe shahridagi Alisher Navoiy bog‘iga tashrif buyurdi. Tadbirda hazrat Navoiy she’rlaridan namunalar o‘qildi. Mazkur bog‘ 2018 yilda ochilgan, uning ochilishida ikki davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmon ishtirok etishgan. Bog‘ to‘rida Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy haykallari qad rostlagan. Ulug‘ mutafakkirlar poyiga gulchambarlar qo‘yildi.

Dushanbe shahridagi “Vatan” kinoteatrida o‘tgan “Tojikistonda O‘zbekiston kinosi kunlari”ning tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston Kinematografiya agentligi bosh direktori F.Abduxoliqov, O‘zbekiston xalq artisti Tesha Mo‘minov, “Tojikfilm” Davlat muassasasi bosh direktori Mahmasaid Shohiyon va boshqalar mazkur anjumanning ikki mamlakat madaniy hayotida tutgan o‘rni, o‘zbek va tojik kinematografiyasini rivojlantirish bo‘yicha ko‘zda tutilayotgan loyihalar xususida to‘xtalib o‘tdi.

Markaziy Osiyo mintaqasida kinematografiyaning taraqqiy etishida o‘zbek va tojik xalqlarining yetuk ma’rifatparvar vakillari katta hissa qo‘shishgan. E’tiborli jihati, o‘zbek va tojik kinematografiyasi rivojini bir-biridan ayro holda tasavvur qilish mumkin emas. Milliy kinomiz darg‘alari har jihatdan bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelgan. O‘zbek kinosining atoqli ustozlaridan biri Komil Yormatov Tojikistonda, Konibodomda tug‘ilib o‘sgan bo‘lsa, tojik kinosining Boris Kimyogarov, Anvar To‘rayev, Samariddin Sa’diyev singari mashhur arboblari Samarqandda tavallud topgan. Har ikki yurt kinematografiyasi rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan Latif Fayziyev, Tohir Sobirov, Rashid Malikov, Baqo Sodiqov singari taniqli kinorejissyorlar xizmatini ham alohida ta’kidlab o‘tish joiz.

Tojikiston kinoustalari yaratgan Hasan aravakash”, “Rustam va Suhrob”, “Siyovush haqida qissa”, “Temirchi Kova”, “Men bir qizni uchratdim” singari badiiy filmlar o‘zbek tomoshabinlar qalbidan chuqur joy olgan. “Shahrizodaning yangi ertaklari”, “Shahrizodaning so‘nggi kechasi” filmlarida Ulug‘bek Muzaffarov, Ubaydulla Omon, Dilorom Qambarova singari o‘zbek san’atkorlarini ko‘rishimiz mumkin. “Tojikfilm”da Rashid Malikov suratga olgan “G‘aroyib sarguzasht” filmida o‘zbek kinosining taniqli vakillari Husan Sharipov, Bahrom Matchonov bosh rollarni ijro etgan. 

O‘z navbatida, o‘zbek filmlarida tojik aktyorlari ham yorqin obrazlarni yaratib qoldirgan. Jumladan, Tojikiston xalq artistlari – Sayram Isayeva Maysara, Nodirabegim singari obrazlari bilan o‘zbek kinomuxlislarini maftun qilgan bo‘lsa, Ato Muhammadjonov Imom al-Buxoriy siymosini to‘laqonli gavvdalantira olgan.

So‘zga chiqqanlar keyingi yillarda O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar yanada mustahkamlanib borayotgani, bu borada O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmonning uchrashuvlari, ikki tomonlama imzolangan hujjatlar muhim o‘rin tutishini qayd etdi.

Shundan so‘ng tomoshabinlarga rejissyor Jahongir Ahmedov tomonidan 2020 yilda suratga olingan “Ilhaq” badiiy filmi namoyish qilindi. Tomoshabinlar filmni hayajon bilan kutib olishdi.

– Film tomoshabinlarga manzur bo‘lganidan juda mamnunman, – dedi rejissyor Jahongir Ahmedov. – Zal tomoshabin bilan to‘lgani va ular namoyish so‘ngiga qadar zalni tark etmagani meni juda xursand qildi. Muxlislar filmni ko‘zda yosh bilan tomosha qilganini aytmoqda. Ushbu filmda ijodiy guruhimiz bilan faqat o‘zbeklar emas, urush dahshatlarini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan barcha xalqlarning umumiy dardi, musibatini ko‘rsatishga harakat qilganmiz. Agar film millati yoki vatanidan qat’i nazar, har qanday muxlis qalbiga yo‘l topa olsa, menimcha bu rejisyorning katta yutug‘idir.

20 may kuni o‘zbekistonlik kino ustalari Hisor shahrida bo‘ldi. Shahar madaniyat saroyida o‘tkazilgan uchrashuv chog‘ida kino xalqlar va davlatlar o‘rtasidagi mustahkam ko‘prik ekani, o‘zbek kinosi kunlarining xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni tiklashdagi ahamiyati xususida so‘z yuritildi.

Tashrif davomida o‘zbekistonlik mehmonlar Hisor shahrining diqqatga sazovor maskanlari, tarixiy obidalari bilan tanishdilar. Xususan, bir paytlar Bobur Mirzoning ham qadami tekkan ko‘hna Hisor qal’asiga sayohat kinoijodkorlarga manzur bo‘ldi.

O‘zbekistonlik kinoijodkorlarning Tojikiston Milliy muzeyiga tashrifi ham mazmunli o‘tdi. 2011 yilda tashkil topgan muzey nafaqat Tojikiston, balki Markaziy Osiyo xalqlarining o‘tmishini o‘zida aks ettiruvchi maskanlardan biri sanaladi. Muzeyda Tojikiston hududidan topilgan qadimgi nodir buyumlar, qo‘lyozmalar, tangalar, qurol-aslahalar, uy-ro‘zg‘or buyumlari, amaliy va tasviriy san’at namunalari, xususan, Maschoh tumanidan keltirilgan Zahiriddin Muhammad Bobur topshirig‘iga ko‘ra, shoh baytlar tushirilgan bitiktosh ham o‘rin olgan.

Muzeyda “O‘zbekiston madaniy merosi dunyo to‘plamlarida” kitob-albomlarining taqdimoti ham o‘tkazildi. Mazkur kitob-albomlar O‘zbekistonda yaratilgan va turli sabablarga ko‘ra, dunyoning turli hududlariga borib qolgan osori atiqalar haqida hikoya qiladi.

Mehmonlar tojik kinematografiyasining yetuk namoyandalaridan biri Boris Kimyogarov (1920-1979) qabrini ziyorat qilishdi. 

21 may kuni O‘zbekiston delegatsiyasini Vahdat shahrida ham kino muxlislari katta xursandchilik va tantana bilan kutib oldi. Vahdat madaniyat saroyida o‘tkazilgan uchrashuv so‘ngida rejissyor Ayub Shahobiddinov suratga olgan “Rangsiz tushlar” badiiy filmi namoyish qilindi.

Shu kuni Dushanbe shahridagi “Zebuniso” kinoteyeatrida o‘zbek va tojik kinoijodkorlarining uchrashuvi o‘tkazildi. Unda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Kinematografiya agentligi direktori F.Abduxoliqov ikki davlat kinochilari hamkorligida rejalashtirilayotgan loyihalar haqida so‘zlab berdi.

– Ayni paytda tojikistonlik hamkasblar bilan ikkita muhim kinoloyiha rejalashtirilmoqda, – deydi F.Abduxoliqov. – Ularning biri bolalar va o‘smirlar hayoti haqida. Unda astronomiyaga qiziqadigan xo‘jandlik o‘quvchi qizning Samarqandga borib Mirzo Ulug‘bek rasadxonasini ko‘rish haqidagi beg‘ubor orzusi aks ettiriladi. Ikkinchi loyihada ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlik, og‘ir musibatlar chog‘ida ikki xalqning bir-biriga yelkadoshligi va albatta yoshlarning muhabbati haqida bo‘lishi kutilmoqda. Har ikkala loyiha o‘zbek va tojik kinoijodkorlari, rejissyor va aktyorlari ishtirokida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

Uchrashuv nihoyasida O‘zbekiston Kinemtaografiya agentligi bosh direktori F.Abduxoliqov hamda “Tojikfilm” Davlat muassasasi raisi M.Shohiyon ikki tomonlama hamkorlik memorandumini imzolashdi.

Shu kuni “Tojikfilm” Davlat muassasasi tomonidan suratga olingan “Suv bolasi” (“Bachai obiy”) filmi tomoshabinlar e’tiboriga havola qilindi. Olis tojik qishloqlari aholisining turmush tarzi haqida hikoya qiluvchi filmda bosh rollardan birini O‘zbekiston xalq artisti Ubaydulla Omon ijro etgan. Ma’lum sabablarga ko‘ra delegatsiyada tarkibida Tojikistonga borolmagan Ubaydulla Omon anjuman ishtirokchilariga videomurojaat yo‘llab, boshlanayotgan ezgu ishlarga muvaffaqiyat tiladi.

“O‘zbekiston kinosi kunlari”ning yopilish marosimida ham mazkur madaniy tadbirning ahamiyati, tojik kinomuxlislarining o‘zbek kinolariga qiziqishi ortib borayotgani, kelgusidagi rejalar va ularni amalga oshirish mexanizmlari haqida so‘z bordi. O‘zbekistonlik kinoijodkorlar samimiy uchrashuvlar, e’tibor va mehmondo‘stlik uchun mezbonlarga tashakkur bildirdi. 

Yopilish marosimida 1985 yilda o‘zbek rejissyori Melis Abzalov suratga olgan “Kelinlar qo‘zg‘oloni” badiiy filmi tomoshabinlar hukmiga havola qilindi.

Shu bilan Tojikistonda O‘zbekiston kinosi kunlari o‘z nihoyasiga yetdi. Uch kun davomida Tojikistonning bir qator shahar va tumanlarida tomoshabinlarga “Ilhaq”, “Rangsiz tushlar”, “Kelinlar qo‘zg‘oloni”, “Hamkorlik bo‘yicha navbatchi”, “Xalq yuragi”, “Sirli sandiq” singari badiiy, hujjatli va animatsion filmlar namoyish qilindi. 

Mazkur anjuman ikki xalq o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlashga, madaniy aloqalarni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан