Bag‘doddagi AQSh elchixonasi hududiga raketa otildi

Bag‘doddagi AQSh elchixonasi hududiga raketa otildi

Foto: AP

Bag‘doddagi “yashil hudud” tarkibiga kiritilgan AQSh elchixonasi hududi raketadan o‘qqa tutildi. Bu haqda BAAning Al Arabiya telekanali xabar bermoqda.

Bag‘doddagi AQSh elchixonasi yaqiniga raketa otilganligini, AFP’ning amerikalik harbiylar orasidagi manbasi ham tasdiqladi.

Qurbonlar yoki jabrlanganlar haqida hozircha ma’lumot mavjud emas.

Otilgan raketalar “Katyusha” rusumida bo‘lgan. Al Hadath agentligining yozishicha, raketa otilishidan keyin “yashil hudud”da sirenalar yoqilgan va harbiy vertolyotlar Bag‘dod osmoniga ko‘tarilgan.

Raketalar AQSh boshchiligidagi harbiy koalitsiya bazasiga otilgan. Baza AQSh elchixonasi yaqinida joylashgan.

Yanvar oyida Iroq poytaxtining yashil hududi bir necha bor bombardimon qilindi.

Yangi yilning boshida AQSh tomonidan eronlik general Qosim Sulaymoniyning o‘ldirilishi voqeasida ham Bag‘doddagi AQSh elchixonasiga hujum qilinganligi sabab sifatida ko‘rsatilgan edi.