Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Beslan: Rossiya tarixidagi eng qora dog‘
16.09.2019 19:00,  
1169

“Do‘zaxning eshigi ochilmoqda”

Dunyoni titratgan Beslan fojiasiga 15 yil to‘lgan sanada, 2 sentyabr kuni rossiyalik bloger Yuriy Dud o‘zining “Beslan. Yodda saqla” filmini Yutubda e’lon qildi. Blogerning “Kolima”dan keyingi ikkinchi katta siyosiy filmini tarmoqda 14 000 000 kishi tomosha qildi.

3 soatlik filmda Yuriy Dud Beslan fojiasi jabrdiydalari bilan uchrashadi, ularning hozirgi hayoti haqida qiziqadi. Shuningdek, qutqaruv operatsiyasida ishtirok etgan amaldorlar, hodisani yoritgan va tadqiq etgan jurnalistlar bilan suhbatlashadi.

Bloger filmda Beslan misolida davlatning aybi tufayli halokat yuz berdimi, endi davlat barcha jabrdiydalarni oxirigacha har tomonlama qo‘llab-quvvatlashi kerak degan fikrni ilgari suradi.

Yuriy Dud maktabdagi otishmalar boshlanishiga Rossiya maxsus kuchlarining qo‘shni uy tomidan granatamet orqali sportzalni nishonga olgani sabab bo‘lgan degan versiyani ham beradi. Shuningdek, “davlat terroristlar bilan muzokara olib bormaydi” prinsipi har doim ham foyda bermasligini ta’kidlaydi.

Tabiiyki, Dudning filmi kremlparast jurnalistlarga yoqmadi. Uni muxolifatchi, degenerat, xorijiy dushmanlardan pul olgan, Beslanni umuman bilmaydigan mishiqiga chiqarishdi. Ba’zi amaldorlar uni qamash kerakligini aytishdi. Ashaddiy kremparast jurnalist Solovev “U no‘noq bir sport jurnalisti edi, endi boshqa narsalarga burnini suqyapti. Bu maraz nimani targ‘ib qilyapti? Unga kim pul beryapti? O‘sha liberallar uni ko‘tar-ko‘tar qilyapti. Bu bilan ular Do‘zaxning eshigini ochishmoqda” deya baqirda radiodagi intervyusida.

15 yil oldin Beslanda nima bo‘lgan edi?

2004 yil 1 sentyabr kuni Shimoliy Osetiyaning Beslan shahrida joylashgan 1-maktab binosiga qurollangan jangarilar bostirib kiradi va bu yerga yig‘ilgan mingga yaqin o‘quvchi, o‘qituvchi va ota-onalarni garovga olishadi.

Garovga olingan begunoh va ma’sum go‘daklarni maktab sport zaliga qamagan terrorchilar o‘quv yurti hududiga qo‘lbola bomba va detanatorlarni o‘rnatib chiqishadi. Qarshilik qilgan ba’zi asirlarni otib tashlashadi.

Terrorchilar bilan muzokaralar deyarli natija bermaydi. Faqatgina 2 sentyabr kuni Ingushetiya prezidenti Ruslan Aushev bir o‘zi maktab hududiga kirib terrorchilar bilan yuzma-yuz muzokara olib boradi. Aushev jangarilar bilan kelishib, 24 kishini (chaqaloqlar va ularning onalari) qamaldan olib chiqib ketishga erishadi.

Aushev orqali terrorchilar Rossiya hukumati oldiga ikkita talabni qo‘yadi: Ingushetiya ma’muriy markaziga qarshi uyushtirilgan hujumlarda asir tushgan terrorchilarni ozod qilish va Chechenistondan Federatsiya qo‘shinlarini olib chiqib ketish.

Qamalning uchinchi kuni ovqat va suvsiz qolgan bolalarning ko‘pi qiyin ahqolda qolgan edi. Soat 13:05 da sportzal tarafda ikki marta portlash yuz beradi. Shundan so‘ng otishmalar boshlanadi. Federal xavfsizlik kuchlari binoni halqa shaklida o‘rab olib, maktab ichkarisiga kirib boradi.

Garovdagilarni ozod qilish operatsiyasida 34 terrorchining 33 tasi o‘ldiriladi, bittasi qo‘lga olinadi. Biroq ikki o‘rtadagi to‘qnashuv paytida yuzlab maktab o‘quvchilari, ota-onalar, muallimlar, xavfsizlik kuchlari xodimlari ham qurbon bo‘ladi.

So‘nggi rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, jangarilar 1128 bola, ota-onalar va o‘qituvchilarni asirga olgan. Terakt oqibatida 333 kishi hayotdan ko‘z yumgan. Ulardan 186 nafari bolalar, 111 nafari ota-onalar va mehmonlar, 17 nafari o‘qituvchilar, 10 nafari FSB xizmatchilari, 6 nafari qutqaruvchi fuqarolar, 2 nafari MChS xizmatchilari va 1 nafari militsiya xodimi edi.

Beslan va men

2004 yili Beslan fojiasi haqida ilk xabarni kechqurun BBC radiosidan eshitdim. O‘shanda universitetda 3-kursda o‘qir va “Ma’rifat” gazetasida ishlardim. Tushdan so‘ng ishxonaga borib, internetda bu fojianing yangi tafsilotlaridan xabardor bo‘ldim. Rossiya telekanallaridagi lavhalarni ko‘rdim. Ta’limga ixtisoslashgan gazeta bo‘lgani uchun “Ma’rifat”dagilar ham bu fojia tafsilotlarini kuzatib borar, lekin uni nashrimizda yoritish biroz qaltis edi. U paytlarda terror haqida yozish uchun yuqorining bir qancha chig‘iriqlaridan o‘tishga to‘g‘ri kelardi.

Shunday bo‘lsa-da, muharririmiz Halim Saidov terakt haqida xabar beramiz, dedi. 5 sentyabr kuni Beslan fojiasi haqida xabar, 7 sentyabr kuni Sherzod Ahmatov muallifligida sharh-maqola e’lon qilindi. 9 sentyabr kuni jurnalist do‘stim Sobirjon Yoqubov “Hurriyat” mustaqil gazetasida kattagina sharh berdi. Men odatda muhim maqolalarni gazetalardan olib, o‘sha kuniyoq ziyouz.com saytiga joylardim.

Men Beslan voqealarini hayajon bilan kuzatardim. Chunki 2002 yildagi xuddi shunga o‘xshash “Nord-Ost” voqeasini kuzatgan va o‘rgangan edim. Moskvaning Dubrovkasida 2002 yil 23-26 oktyabr kunlari 41 jangari “Nord-Ost” myuzikliga kelgan tomoshabinlar va aktyorlardan iborat 916 kishini asirga olishadi. Ular Chechenistondan Rossiya qo‘shinlari chiqib ketishini talab qilishadi. Qutqaruv operatsiyasida teatr ichiga gaz yuboriladi. Terrorchilar bilan to‘qnashuv va gaz ta’sirida rasman 130 kishi, jumladan 10 bola (“Nord-Ost” jamoat tashkilotiga ko‘ra, 174 kishi) halok bo‘ladi.

Ichimda ishqilib, bu safar xato qilinmasin-da, bolalar o‘lmasin-da deb Xudodan so‘rar edim. Rossiya telekanallarida dastlab garovdagilar sonini 354 kishi deb aytishgandi. Ortiqcha vahima ko‘tarmaslik uchun shunday qilinganmi, bilmadim, keyinchalik asirlar 1128 kishi bo‘lgani rasman ochiqlandi.

Qurshovning 1-2-kunlari ham halok bo‘lganlar haqida xabarlar berilar, kuzatuvchilarning xavotiri ortib borar edi. 3-kuni terrorchilardan biri sportzaldagi detanatorni portlatib yuborgani, yong‘in bo‘lgani, so‘ng hujum boshlangani haqida xabarlar berildi. Undan uyog‘i ma’lum: o‘lgan bolalar, yig‘lagan ota-onalar, karaxt bo‘lgan o‘quvchilar, qutqarilganlar…

Yo‘q, bu safar ham men o‘ylagandek bo‘lmadim. Qurbonlar juda ko‘p. Norasida, gunohsiz bolalar qurbon bo‘ldi.

Men fojianing asl sabablari, nima uchun Rossiya hukumati teraktning oldini olmagani, terrorchilar bilan oxirigacha muzokara olib bormagani, Basayev va Masxadov bilan bevosita muloqot qila oladigan Anna Politkovskaya va Andrey Babitskiylarning Beslanga borish oldidan sun’iy ravishda yo‘ldan olib qolingani haqida batafsil so‘zlamoqchi emasman. Uzun mavzu, og‘ir mavzu.

Menimcha, bu fojia Rossiyada tarixidagi eng katta xatolardan biri. Har qanday chora, har qanday resursni ishga solib, bolalarni asrab qolish mumkin edi. Imkon bor edi. Ammo…

Iloyim, bu fojia hech qachon takrorlanmasin! Hech kimning bolasi bevaqt o‘lmasin!

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан