Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Bezbetlik shunchalikki, ular o‘zlari qonunni buzsa chora ko‘rishmaydi, aybini ko‘rsatganni esa qonunbuzarga chiqarishadi — R.Kusherbayev
5.02.2021 10:10,  
1625

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati R.Kusherbayev so‘nggi paytlarda Surxondaryo viloyatida ro‘y berayotgan voqealar haqida to‘xtalib o‘tdi.

«Qiziriq voqealari ko‘pchilikni esida bo‘lsa kerak.

Fermerlar o‘z yerlarining hokimiyat, prokuratura va IIB bosimi bilan majburiy olib qo‘yishayotganidan norozi bo‘lib Toshkentga, shu jumladan, Oliy Majlisga ham bir necha bor kelishgandi. Ular bilan jurnalist va blogerlar ham birga jarayonni yoritib borishdi.

Biz qonunlarga asosan zo‘ravonlarga chora ko‘rilishini va fermerlar huquqlarini himoya qilishni talab qilib bir qator idoralarga chiqdik. Hatto o‘zim Surxondaryoga bormoqchi bo‘ldim. Biroq fermerlarni ishi hal bo‘lmadi, qonunbuzar zo‘ravon joydagi hokim, prokuror va boshqa amaldorlar «farishta» ekanligi aniqlandi (faqat qanotlari oddiy odamlarga ko‘rinmas, ularni ishga qo‘ygan yuqori amaldorlarga ko‘rinarkan), meni esa nima qilib bo‘lsa ham Surxondaryoga borishimga yo‘l qo‘yilmadi.

Shuncha yugur-yugur natijasi nima bo‘ldi, degan savol qiziq albatta. Natija shuki, shu fermerlarni dardini yoritib ular bilan Toshkentgacha kelgan, Surxondaryo viloyati hokimini ham qo‘rqmay tanqid qilgan, o‘zini qamash uchun turli tadbirlar uyushtirishayotganini menga aytib yordam so‘ragan(meni ogohlantirgan edi hatto) o‘sha Otabek Sattoriy ismli bloger ko‘p o‘tmay tovlamachilikda ayblanib, qamoqqa tashlanyapti. U bilan birga Surxondaryodagi muammolarni ko‘targan "effect.uz" internet OAVning muxbiri Farxod Ismailov esa so‘roqqa chaqirilib, uyi tintuv qilinmoqda. Katta ehtimol bilan u ham qalloblik, tovlamachilik yoki giyohvand vositasini saqlashda ayblanib qamalsa kerak.

Bu ishlar shaxsan menga juda g‘alati va shubhali tuyulmoqda. Negadir Surxondaryo viloyati hokimini tanqid qilgan, joyida jamoatchilik nazoratini o‘rnatmoqchi bo‘lgan faol fuqarolar biri qamoqqa tashlangan, birini esa so‘roqma-so‘roq sudrashyapti.

Agar joydagi butun huquqni muhofaza qilish tizimi hokimni qo‘li bilan boshqarilayotgan bo‘lsa, bu dahshat va davlatchilik uchun sharmandalik. Buni o‘ylashni o‘zi qo‘rqinchli. O‘zbekistonlik, shu jumladan surxondaryoliklar baxti uchun ham unday bo‘lmasin ishqilib.

Aytgancha, qonunlarga tupurib qo‘ygan Surxondaryodagi amaldorlar harakatini men ham tanqid qilgandim. Bundan keyin ham to‘xtamayman. Axir qonunlarni nima uchun qabul qilamiz? Albatta ishlashi uchun-da. Lekin bezbetlik shunchalikki, ular o‘zlari qonunni buzsa chora ko‘rishmaydi, aybini ko‘rsatganni esa qonunbuzarga chiqarishadi. Lekin unutmaylik: bu dunyo o‘tkinchi: o‘rtoq hokim, prokuror, «nachalnik» bu yoqda qutularsiz, lekin u yoqda javobdan qochib  qutulmaysiz.

Bo‘layotgan ishlarni ko‘rib yaqin kunlarda meni ham tovlamachilik, qalloblik va yana boshqa balolarda ayblab, uyimda tintuv boshlashib qolsa hayron qolish kerakmas: hammasi tushunarli, deyaverasiz.

Bu yoqda esa davlat rahbari jurnalist va media makondagi faollarga «Sizlar menga yelkadoshsiz, yordamingizga tayanaman. Adolatni yetkazishdan to‘xtamanglar, qo‘rqmanglar. Ortingizda Prezident turibdi» deb ruhlantirmoqda. Bu yoqda esa...Kim kimga qarshi o‘zi?» deb yozadi u.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан