Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Bilimsizlik ommaviy epidemiyaga aylandimi?
19.05.2020 11:20,  
1881

Hayotda guvoh bo‘lganimiz ba’zi holatlarni unutish qiyin. Har bir xodisa insonda xursandchilik, hayrat, qo‘rquv yoki nafrat tuyg‘ularini uyg‘otadi. Men hozir nazarda tutayotgan narsa esa ushbu tuyg‘ularning kulminatsion nuqtasiga chiqqandagi unutilmas holatlardir. Bugun meni hayratga solgan shunday epizodlardan ba’zilarini esga oldim. (Aslida bunday holatlar ko‘p bo‘lgan)

1. Oliygohni tugatib harbiy xizmatga bordim. Tabiiyki men bilan birga xizmat o‘tayotgan yigitlarning ko‘pi endi maktabni yoki kollejni tugatib kelgan yigitlar edi. Bir kuni yigitlardan biri nimadir qilgan noto‘g‘ri ishi uchun starshina undan tushuntirish xati yozishni talab qildi. Qo‘liga qog‘oz va ruchka tutgan askar yigit hech narsa yozmasdan turaverdi. Bundan jahli chiqqan starshina va ofitserlar uni do‘pooslay ketishdi. Yigit ancha baquvvat edi va qancha kaltak esa ham tushuntirish xati yozmadi.

Shunda ofitserlardan biri meni chaqirib "bu to‘nkaga ayt, agar tushuntirish xatini yozib bermasa mayib qilib qo‘yamiz" dedi. Og‘zi burni ko‘karib shishib ketgan yigitning oldiga bordim va nega o‘jarlik qilayotganini so‘radim. Indamadi. Nima yozishni bilmasang men aytib turay sen yozib ol dedim. Shunda haligi yigit menga qarab, "yozishni bilmayman" dedi.

Ochig‘i tushunmadim va yana o‘zim aytib turaman nima yozishingni deb takrorladim. Yigit yig‘lamsirab men umuman yozishni ham o‘qishni ham bilmayman, harflarni ajrata olmayman, maktabga bormaganman dedi. Yoshi 18-19 atrofidagi yigitdan bu gapni eshitib juda hayratga tushganman. Bu hodisa 2005 yili bo‘lgandi.

2. 2019 yil 9 may kuni Moskvada bo‘lib o‘tayotgan "O‘lmas polk" yurishida qatnashayotgan o‘zbek muhojirlari haqida Ozodlik radiosi muxbiri tayyorlagan bir video lavhani ko‘rib qoldim. Muhbir qo‘llarida bayroqlar ko‘tarib olib bayram qilishayotgan o‘zbek muhojirlariga "Ikkinchi Jahon Urushi qachon bo‘lgan? Stalin va Gitler kim bo‘lgan?" kabi savollar beradi. Muhojirlardan kimdir urush 1441 yil boshlangan desa boshqasi Stalin boshlovchi bo‘lgan deydi, yana biri esa Gitler o‘rislarning eng katta boshlig‘i bo‘lgan deydi. Xullas javoblar bir biridan hayratli, kuzatilayotgan holat esa qo‘rqinchli...

3. Bir necha kun avval tuman deputatlaridan biri o‘z chiqishlari bilan ijtimoiy tarmoqlarda kalaka mavzusiga aylangandi. Avvalo uning o‘ta maddohligi e’tiborimni tortgandi. Biroq ikki kun o‘tib ko‘rsatgan karomati oldida maddohligi hech narsa bo‘lmay qoldi. Atigi 14 ta so‘zdan iborat yozgan matnida 17 ta imloviy va uslubiy xato bor. Bu holatni bemalol savodsizlik deb atash mumkin. Bunday odamning bir tumanda deputat etib saylangani esa juda hayratlanarli hol.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan biri bu holatga munosabat bildirar ekan "mamlakatda obro‘ degan narsa qolmabdi" dedi. Boshqa vaziyat bo‘lganda mamlakat va davlat tushunchalari boshqa deb e’tiroz qilgan bo‘lardim. Biroq bu safar u haq. Na davlatni na uning qonun chiqaruvchi hokimiyati vakili bo‘lgan savodsiz shaxsni saylagan xalqni obro‘-e’tiborga loyiq deyish mumkin.

4. So‘ngi paytlarda bir yigitning ijtimoiy tarmoqlar orqali turli mavzularda video chiqishlar qilayotganini kuzatdim. Avvalroq qilgan bir videosini ko‘rib hayolimdan "yaxshigina notiq ekan, biroq o‘zi ustida biroz ishlab bilimini oshirsa bo‘larkan" degan fikr o‘tgandi. Kuni kecha esa ayni notiqning yangi bir videosi ijtimoiy tarmoqlardagi deyarli barcha guruhlarda aylanayotganini ko‘rib qoldim.

Notiq mamlakatdagi inflyasiya sabablari va boshqa holatlar haqida jon kuydirib gapirardi. Videoni diqqat bilan ko‘rdim. Bu safar esa notiqlik va bilim o‘rtasidagi muvozanat butunlay izdan chiqib ketgan degan xulosaga keldim. Ko‘tarib chiqilgan mavzu borasida notiqda elementar iqtisodiy bilim yetishmasligi yaqqol seziladi. Meni hayratga solgan narsa undagi bilim yetishmasligi emas, balki video tagida qoldirilgan yuzlab izohlar...

Chunki biroz o‘qib o‘rganish bilan bilimni oshirish mumkin. Biroq har qanday ma’lumotni biroz tahlil qilmasdan ko‘r ko‘rona ergashib ketadigan olomon esa jiddiy masala.

Izoh qoldirganlarning deyarli hammasi yigitni olqishlagan, hatto ba’zilar "bu yigit moliya vaziri bo‘lishi kerak", "uni prezident qilib saylash kerak", "mana haqiqiy oltin bosh" kabi fikrlar qoldirishgan. Iqtisodni tushunadigan bir-ikkita odamning e’tiroziga esa olomon "baxillar ko‘rolmayapti", "o‘ta aqlli bo‘lsang o‘zing tushuntirib ber" va hokazo fikrlar bildirishgan. Yigitning shijoatini so‘ndirmaslik uchun men ham izohimda biroz o‘z ustida ishlasa yanada yaxshi chiqishlar qilishini maslahat bergan bo‘ldim. Biroq olomonning notiqqa bo‘lgan olqishlari shovqinida izohim izsiz yo‘qolib ketdi.

XULOSA

Biz qachon bu holga keldik. Yoki azaldan shundaymidik va men endi anglab yettimmikan. Dastlabki uchta misolni savodsizlik va bilimsizlik bilan bog‘liq alohida holatlar deb oladigan bo‘lsak so‘ngi misol esa bilimsizlikning ommaviy epidemiyaga aylanganini ko‘rsatmoqda.
Bu holatdan chiqish uchun nima qilish kerak? Bu haqda hali yakuniy bir to‘xtamga kelmadim. O‘ylayapman...

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан