Bill Geyts pandemiyaga aloqasi borligi haqidagi gaplarga javob berdi

Bill Geyts pandemiyaga aloqasi borligi haqidagi gaplarga javob berdi

Emlash haqida ishonchsiz gaplarning tarqalishi koronavirus pandemiyasining cho‘zilishiga olib kelishi mumkin. Bunday fikrni Microsoft asoschisi Bill Geyts Suddeutsche Zeitung nemis nashriga bergan intervyusida aytib o‘tdi. U, shuningdek, pandemiyaga aloqasi borligi haqidagi mish-mishlarni yana bir bor rad etdi. 

“Odamlar oddiy yechimlarni izlashi katta chaqiriqdir. Ularda bu pandemiya ortida kimdir turmaganmikin, degan savol tug‘iladi”, deb aytgan Geyts.

Tadbirkorning ta’kidlashicha, uning jamg‘armasi avval ham odamlar tomonidan vaksinaga ishonchsizlik bildirilishi holatiga duch kelgan.

“Poliomiyelitga qarshi kurash vaqtida Pokiston yoki Nigeriya kabi davlatlarda vaksina xavfsiz emasligi va ayollarda bepushtlikka olib kelishi haqida gaplar yurgandi”, deb qo‘shimcha qilgan Geyts.

Milliarderning ta’kidlashicha, bunday xato qarashlarga qarshi kurashish uchun nufuzli odamlar, jamiyatning katta obro‘ga ega vakillari yoki diniy yetakchilarga murojaat qilish lozim. Ulargina vaksinaning ustunliklarini aholiga tushuntira olishlari mumkin.

Koronavirus pandemiyasi boshidanoq ijtimoiy tarmoq va internetda Geytsning pandemiyaga aloqadorligi haqida gaplar urchigandi. Ba’zi portallar va internet-foydalanuvchilar milliarder go‘yoki Yer aholisi ortidan global kuzatuv olib borish maqsadida emlash orqali odamlarni chiplayotgani haqida yozishgan. Geyts bu farazlar javob berib o‘tirishga arzimaydigan “ahmoqona” mish-mishlar ekanini aytgan.