Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






"Birdaniga" demasdan imtihondan yiqilib, baribir o‘qishga kirganim haqida
26.10.2019 14:36,  
742

Men 1990 yili sharqshunoslik institutiga o‘qishga kirganman. U payt Toshkent davlat universiteti fakulteti edi.

Ilk kirish imtihonida diktant yozganmiz. Men birorta ham imlo xatosi qilmaganman, lekin bir joyda "ona" so‘zi gap o‘rtasida ham katta harf bilan yozilishi kerak ekan. Men kichik harf bilan yozganim uchungina to‘rt baho qo‘yilgan. Olgan bahomdan norozi bo‘lib, shikoyat qilganimda bilganman.

Kirish imtihonlarida bitta besh (jo‘g‘rofiya) va uchta to‘rt (ingliz tili, ... va tarix) olganman. Oxirgi tarix imtihonida abituriyentlarning saragi sarakka, puchagi puchakka chiqib qolgandi.

Men chiptani olib, partaga o‘tirdim. Savollarga javobni juda yaxshi bilardim. Tayyor bo‘lganim uchun, boshqalar qanday javob berayotganini kuzata boshladim.

Abituriyentlar zo‘rg‘a javob berishsa ham, "iltimos to‘rt qo‘yib bering" deb yolvorishardi. Domla "uchta uch olibsiz, to‘rt qo‘yganim bilan hech nima o‘zgarmaydi" desayam, "mayli, hech bo‘lmasa kechki bo‘limga ilashib qolaylik" deyishardi. Domla ularning hammasiga to‘rt qo‘yib berdi.

Sira menga kelganida chiptadagi hamma savollarga to‘liq javob berdim. Imtihon oluvchi domla hech qanday qo‘shimcha savol so‘ramasdan, to‘rt qo‘ydi. Shunda men norozi bo‘lib, "men to‘rtga javob berganim yo‘q, hech narsa bilmaganlarga ham to‘rt qo‘ydingiz, men ular bilan teng emasman, besh qo‘yishingiz kerak" deb, qattiq talab qildim.

Domla esa "to‘rt yomon baho emas, ikkita to‘rt, bitta beshingiz bor ekan" desa ham, men o‘z so‘zimda turib oldim. Qayta qurish davri bo‘lgani, o‘z bilimimga ishonganim uchun hech narsadan qo‘rqmaganman.

Domla tashqariga chiqib, kattaroq domlani yetaklab keldi. Jo‘g‘rofiyadan besh bahoga talabgor bo‘lganimda domlaning o‘zi yana boshqasini chaqirib kelgandi. Imtihon oluvchining bitta o‘zi besh baho qo‘yolmas ekan-da.

Kirgan domla hamma savollarga javobimni qaytadan tinglagan. Bitta savol Rossiyada 1860-yildan keyin sanoat nega rivojlanib ketgani haqida edi. Savolga to‘liq javob bersam ham domla "asosiy sababi nima edi?" deb, qayta-qayta so‘rayvergan.

Krepostnoylik tuzumi bekor qilinganligi, qishloqlardagi dehqonlar shaharlarga ko‘chib kelib, ishchilarga ehtiyojni qoplashini ham aytib o‘tdim. Lekin, domla baribir "asosiy so‘zni aytmayapsiz" deb turavergan va to‘rt qo‘yishini aytgan. Shunda men "ketishdan oldin eng asosiy so‘z nima ekanligini ayting, bilib ketay" dedim. Domla "aytaman-u, lekin buni aytganman deb qolishingiz mumkin" dedi. Men "baribir bilib olay" dedim.

Domla "1860-yilllarda Rossiya sanoati BIRDANIGA rivojlanib ketdi, "birdaniga" demadingiz" desa bo‘ladimi! Men "iye, men sabablarini aytdim, TEZDA RIVOJLANIB KETDI" dedim, anglami bir xil emasmi? " dedim. Domla "ana, aytdim-ku, aytganman deb turvolasiz, lekin BIRDANIGA demadingiz" dedi.

Men domlaning so‘z o‘yinidan qattiq xafa bo‘ldim. Domlaning gaplariga o‘xshatma qilib, shunday misol keltirdim: "Siz menga bu qanaqa daraxt?" deb savol berdingiz. Men "katta olma daraxti, shoxlari har tomonga tarvaqaylab ketibdi. Yuzlarcha meva liq to‘la, pishib yotibdi" desam, siz "aynan men ko‘rib turgan olma haqida gapirmadingiz" deyapsiz.

Televizor-gazetalarda qayta qurish, oshkoralik deb bong uryapsizlar-u, amalda hech narsa o‘zgarmabdi. Kirish bali 18 ekan, men kirmasligim uchun ataylab to‘rt qo‘yyapsiz. Men oliy ma’lumotliman, shu institutga kirmasam-kirmabman" deb, chiqib ketdim.

Mandatni ham kutmay, kechqurun poyezdga o‘tirib, Asakaga ketvorganman.

Sentyabrda yana o‘zim musiqa o‘qituvchisi o‘laroq ishlayotgan maktabda ishimni davom ettirdim. Bir kuni akam to‘yga borgani, u yerda ToshDUda ishlaydigan asakalik o‘qituchi bilan gaplashib qolgani, unga men mandatga qolmasdan kelganimni aytib beribdi. U kishi kunduzgi bo‘limga bali yetmaganlar kechki bo‘limga qabul qilinganini aytibdi.

Akam bu gaplarni menga yetkazdi. Baribir mandatdan o‘tishim mumkinligiga ishonmadim. Chunki, so‘nggi sinovda bo‘lgan mashmasha demokratik o‘zgarishlargayam, qayta qurishgayam ishonchimni so‘ndirgandi.

"Hujjatlarim qabul komissiyasida qolib ketgandi, baribir olib kelishim kerak" dedim. Chamasi, 9 sentabrda hujjatlarimni olish uchun Toshkentga qaytib bordim.

Fakultetga kirganimda hujjat beradigan domla necha bal olganimni so‘rab qoldi. "17 bal" desam, "iye, 17 bal olganlar qabul qilingan-ku?!" deb, ro‘yxatni tekshirdi. "Mana, familiyangiz kirganlar ro‘yxatida turibdi" desa bo‘ladimi! Shunda ot va familiyam oxiridan uchinchi bo‘lib turganini ko‘rdim.

"Talabamiz ekansiz, hujjatimni olib ketaman deysiz, tezda dekanatga boring" dedi xayratini yashirolmagan domla.

Dekanatdagilarning ham og‘zi ochilib qoldi. Fors tili bo‘limida ikkita O‘zbek va bitta o‘ris tili guruhi bor ekan, hammasi bo‘lib qirqqa yaqin talaba. O‘zbekcha bo‘limda joy yo‘q ekan. "O‘rischa guruhda o‘qiyverasizmi?" deb so‘rashdi. Oldin konservatoriyada ko‘p darslarni o‘rischa o‘qigandim. Shuning uchun "ha" dedim.

Dars o‘tilayotgan xona eshigini taqillatib ichkari kirdim. Yoshi katta O‘zbek ayol o‘qituvchi o‘rischalab "sizga kim kerak?" dedi. Hujjatlarimni olishga kelsam, o‘qishga kirganimni aytib, darsga yuborishganini aytsam, domla bechora "shunaqasiyam bo‘ladimi, tavba-tavba" deydi, xolos...

Shu tariqa, yigirma olti yarim yoshimda yana talaba bo‘lganman. Uylangan va bitta bolali edim. 1992 yili o‘qishni davom ettirish uchun ilk qaldirg‘ochlar qatorida Turkiyaga ketdim. 1996 yili magistraturani, 2002 yili Toshkent Davlat yuridik institutini, 2011 yili Torontodagi Herzing kolleji paralegal bo‘limini bitirdim.

Sharqshunoslik fakultetiga kelsak, chamasi, talabalarning uquvi pastligi haqida kimdir yuqoriga shikoyat qilgan bo‘lsa kerak, oktabr oyi o‘rtalarida hamma talabalar qaytadan diktant yozganmiz. Natijalar qandayligini tasavvur qila olasizmi? Bitta besh, ikkita to‘rt, yettitacha uch chiqqan! Qolgan hamma ikki olgan!

Bu degani - 25% talabalar ikkichi degani. Holbuki, qayta qurish va oshkoralik davri, edi. Ikki olganlar "yendi bizni talabalar safidan chiqarishadimi?" deb, anchagina talvasaga tushib qolishgandi. Lekin, hammasi xayrli tugagan (albatta, yuqoridagi kimlarningdir cho‘ntaklari qappayishi evaziga).

Besh bahoni kim olganini o‘zingiz bilgan bo‘lsangiz kerak.

Peshonamizga o‘qish yozilgan ekan. Ba’zan, og‘aynilarim xazillashib "yana birorta o‘qishga kiring, pensiyaga stipendiya bilan chiqasiz" deyishardi...

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан