Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Bishkek taassurotlari: SSSRga qaytib
25.06.2019 15:16,  
196

Almatining “Sayran” avtovokzalidan Bishkekka avtobus va taksilar qatnaydi. Avtobus bileti narxi 1800 tenge (39600 so‘m). Taksilar Kordaygacha (chegara punkti) 2500 tenge (55000 so‘m). Bishkek yangi vokzaligacha 3000 tenge (66000 so‘m). 235 kilometrlik masofani 3,5 soatda bosib o‘tish mumkin.

Bishkekda do‘stlarim kutib oladigan bo‘lishdi. Taksi manzilgacha 4000 tengega (88000 so‘m) tashlab qo‘yadigan bo‘ldi. Qozog‘istonliklar Bishkekdagi yakshanba kuni bo‘ladigan Markaziy Osiyoning eng katta Dordoy ulgurji bozoridan mahsulot olgani ko‘p borishar ekan. Bozor kunlari chegarada tirbandlik kuzatiladi. Dushanba kuni bo‘lgani uchun chegaradan tez o‘tdik. Sumkamni ham tekshirishmadi. Alohida rentgen lenta ham ko‘rinmadi. Aytishlaricha, Qozog‘iston va Qirg‘iziston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi va Bojxona ittifoqiga a’zo bo‘lgani uchun yengilliklar berilgan. Ikki davlat fuqarolari bir-birlarining hududiga ID-kartalari orqali kirishlari mumkin. Bunda muhr bosishga hojat yo‘q, pasportdagi bir necha varaqlar tejaladi.

Chegaradan Bishkek shahar markazigacha 25 kilometrni tashkil etadi. Bishkekka alohida tayyorgarliksiz kelganim uchun do‘stim taklif etgan talabalar uyida qoldim.

Pishpek-Frunze-Bishkek

Hozirgi Bishkek shahri 1825 yili Qo‘qon xoni Madalixon qurdirgan Pishpek qo‘rg‘oni o‘rnida 1878 yili rus qishlog‘i sifatida barpo etilgan. 1924 yili chex arxitektorlari tomonidan shahar o‘sha davr Yevropa standartlari asosida qayta qurilgan. Pishpek 1924 yildan Qora-Qirg‘iz avtonom oblastining, 1925 yildan Qirg‘iz avtonom oblastining ma’muriy markazi bo‘lgan. 1926 yili shahar sovet harbiy arbobi Frunze nomi bilan atala boshlangan. 1991 yildan Qirg‘iziston SSR Oliy Soveti tomonidan Bishkek deya o‘zgartirilgan.

Bishkek aholisi 1 milliondan oshgan. Aholining 73,69 foizi qirg‘izlar, 16,64 foizi ruslar, keyingi o‘rinlarda uyg‘urlar va o‘zbeklar turadi. Sobiq SSSR davrida Bishkek mamlakatdagi ruslar eng ko‘p yashaydigan shahar bo‘lgan. 1989 yil ma’lumotlariga ko‘ra, shaharda ruslar salmog‘i 56 foizni, qirg‘izlar 23 foizni tashkil etgan.

Бишкек шаҳридаги “Ўш бозори”
Bishkek shahridagi “O‘sh bozori”

Bishkek Qirg‘izistonning eng katta iqtisodiy, moliyaviy, tijorat rivojlangan shahri. Mamlakat yalpi ichki mahsulotining 36 foizi poytaxtga to‘g‘ri keladi. “Bishkek” erkin iqtisodiy zonasi tashkil etilgan. Chet-el inverstorlari uchun yaxshi sharoitlar yaratilganligi bois shaharda Mercedes-Benz, Audi-VW, Sumitomo, Federal Express, DHL, UPS, LG-Electronics, Daewoo, Phillips, Siemens, Panasonic, Reemtsma, Coca-Cola, Samsung, Toyota, Kia kabi yirik kompaniyalarning vakolatxonalari faoliyat olib bormoqda.

Turistlarga — zerikarli, men uchun qiziq shahar

Bishkekda turizm yaxshi rivojlanmagan. Qirg‘izistonga keladigan turistlar asosan Issiqko‘lga borishadi. Ekologik turizm salohiyati katta. Yaylov turizmi rivojlanmoqda. Mamlakat maydonining 90 foizi dengiz sathidan 1000 metr balandlikda joylashgan. Tyan-Shan va Pomir-Oloy tog‘lari bag‘rida joylashgan Qirg‘izistonni «Osiyoning Shveysariyasi» deyishadi.

Қирғиз яйловлари
Qirg‘iz yaylovlari

Bishkekni Alisher do‘stimning hamkasbi Jakshilik (Yaxshilik) aylantirdi. Juda xushchaqchaq, bag‘rikeng bola ekan. Kasbi — tarixchi. Ayni muddao bo‘ldi.

Tanishuvni Qirg‘iz-turk Manas universitetidan boshladik. Universitet kampusiga kiraverishda Sotiq Bug‘roxon nomidagi, usmonli-turk uslubida qurilgan muhtasham jome’ masjid qad ko‘targan. Yonida ilohiyot fakulteti. Fakultet talabalari shu masjidda amaliyot o‘taydilar. Jome’ Bishkek markaziy masjidi qurilmasdan ilgari shaharning eng katta masjidi bo‘lgan.

Qirg‘iz-turk Manas universiteti 1995 yili tashkil etilgan bo‘lib, ta’lim 100 foiz bepuldir. Talabalarga stipendiya ham beriladi (bakalavrlarga 25$, magistrlarga 50$, doktorantlarga 75$). Universitet tarkibidagi 9 fakultet, 3 oliy maktab, 1 o‘rta-maxsus bilim yurti, 2 institutda 6000 ga yaqin talabalar ta’lim olishadi. Ularning 15 foizi chet-elliklar. Professor-o‘qituvchilarning 41 foizi xorijlik. Universitet hududida 256 Mbit/sekund tezlikdagi internet tekin. Oshxonada talabalar uchun ovqatlanish arzonlashtirilgan: birinchi, ikkinchi taom, shirinlik, ichimlik bilan birga 70 som (8400 so‘m). Kam ta’minlangan talabalarga bepul taomlanish kartalari beriladi.

Universitetda ta’lim amaliyot bilan birga olib borilishi yoqdi. Ommaviy kommunikatsiyalar fakultetining o‘z tele va radio studiya hamda kanallari; ziroat va veterinariya fakultetining yer maydoni; jismoniy tarbiya va sport fakultetining stadion hamda zallari; turizm va mehmonxona ishi fakultetining mehmonxonalari; muhandislik fakultetining laboratoriyalari universitet ichida joylashgan.

Saroyi yo‘q prezident

Bishkek markazidagi “O‘sh bozori” chet-ellik turistlar ko‘p boradigan joy, deyishdi. Sharq bozorini ko‘rmoqchi bo‘lganlarga qiziqdir, balki. Shu yerdan piyoda yurib, Bishkekning markaziy maydon va diqqatga sazovor joylarini tomosha qildik.

Qirg‘iziston parlamenti — zamonaviy Qirg‘iziston tarixida ikki davlat to‘ntarishini ko‘rgan asosiy hukumat binosi. Qirg‘iziston prezidentining alohida saroyi yo‘q. Shu binoning yuqori qavatida o‘tiradi. Binoni suratga olish taqiqlanmagan. Tashqarida bironta qo‘riqchi ham ko‘rinmadi.

Qirg‘iziston Respublikasi Parlamenti

2005 yili mamlakat prezidenti Askar Akayev nomzodini 4-marta ilgari surishi sabab noroziliklar ortidan Parlament binosi oldida ommaviy namoyishlar o‘tkazildi. Bishkekda boshlangan norozilik aksiyalari butun respublikaga yoyilib, Askar Akayevning hokimiyatdan ag‘darilishi va Kurmanbek Bakiyevning prezident bo‘lishi bilan yakunlangandi.

2010 yili aprel oyida Bakiyev rejimiga qarshi bo‘lgan xalq yana ko‘tarilib, qonli to‘qnashuvlarga sabab bo‘lgan edi. 7 aprel kuni namoyishchilar Parlament binosiga bostirib kirib, hukumat uyi va prezident kabinetini egalladilar. Bu orada qurolli to‘qnashuv yuz berib, namoyishchilar snayperdan nishonga olindilar. Parlament binosi talanib, Bosh Prokuratura binosi yoqib tashlandi. Shundan so‘ng Bakiyev iste’fo berib, O‘sh shahriga, so‘ng Qozog‘iston orqali Berorussiyaga qochdi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, qonli to‘qnashuvlarda 84 kishi halok bo‘lgan. Parlament binosi oldida inqilob qurbonlariga bag‘ishlangan yodgorlik o‘rnatilgan.

Ala-Too maydoni. Manas haykali

Alatoo maydoni – Bishkekning markaziy, asosiy maydoni. Maydonda davlat tarix muzeyi, Manas haykali va 45 metrlik davlat bayrog‘i joylashgan. Davlat bayrog‘i ostida ikki qorovul askar tik turadi.

SSSRga qaytib

Bishkekda SSSR bilan bog‘liq bir qancha binolar, haykallar va belgilar saqlanib qolgan. Qirg‘iziston Respublikasi Milliy banki binosi yuqorisida hali ham “Gosbank SSSR” yozuvi turibdi. Eski maydonda Lenin haykali Vazirlar Mahkamasi tarafga qo‘lini uzatgancha nimanidir tushuntiryapti. Marks va Engels o‘tirvolib, allanimani muhokama qilishyapti.

Lenin haykali

Eski binolardagi qizil yulduz, SSSR gerbi belgilari olib tashlanmagan. Hali ham oltin besh yulduz ostida Qirg‘iziston qizil bayrog‘i hilpiramoqda. 1917 yil Inqilobi qahramonlariga bag‘ishlangan katta yodgorlik atrofi juda obod. 1941-1945 yil urushi yod etiladigan G‘alaba maydoni va monumenti kelin-kuyovlarning sevimli maskaniga aylangan.

SSSR belgilari

Shahar ko‘chalarida sovetcha nomlar hali ham qo‘llanilmoqda. Bishkek shahri tumanlari ham eskicha nomlarda qolgan: Birinchi may, Sverdlov, Oktyabr, Lenin.

Bishkek Leninning katta haykali saqlanib qolgan Markaziy Osiyodagi yagona poytaxt shahardir. Qirg‘izistonning boshqa shaharlarida ham “kichik Lenin”lar buzilmagan. Qirg‘iziston hukumati Lenin haykalini mamlakat tarixining bir qismi deya e’lon qilgan va uni muhofaza qilish bo‘yicha maxsus qonun qabul qilgan. Bu yerda bemalol sho‘rolar haqida film olsa bo‘ladi.

Qirg‘iziston Respublikasi Milliy banki

Taqdirni qarangki, daxriy Lenin haykalidan 20 metr naridagi Vazirlar Mahkamasi binosi oldidagi maydonda har yili ikki hayit namozlari o‘qiladi. Katta jamoat yig‘iladi.

“Shamsul madina” — “Shaharning quyoshi”

Qirg‘izistonning eng katta Imom Saraxsiy nomidagi markaziy jome’ masjidi 2018 yili foydalanishga topshirildi. Turkiya Jumhuriyati Diyonat ishlari boshqarmasi tomonidan qurib berilgan (32 million AQSh dollari sarflangan) jome’ masjidini Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sooronboy Jeenbekov va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejeb Tayyip Erdog‘an ochib bergan.

Imom Saraxsiy nomidagi markaziy jome’ masjidi

Masjidning qurilishi 2012 yili boshlangan. Umumiy maydoni 7000 kvadrat metr, bir vaqtning o‘zida 12000 kishi, atrofdagi maydonlar bilan qo‘shilib 20000 kishi ibodat qila oladi. Masjid usmoniy me’morchilik uslubida barpo etilgan. 4 ta minoralari balandligi 68 metr. 8 ta eshigi bor. 500 mashinaga mo‘ljallangan parkovkasi mavjud.

Masjidga Imom Saraxsiy nomini qo‘yishni Qirg‘iziston muftiysi Maqsatbek hoji Toktomushev taklif etgan. Imom Saraxsiy (XXI asr) hanafiy mazhabining zabardast olimlaridan bo‘lib, “Shamsul aimma” (“imomlar quyoshi”) nomini olgan. Uning 30 jildli “al-Mabsut” kitobi hanafiy fiqhining mo‘’tabar manbasi hisoblanadi. Imom Saraxsiy O‘sh viloyatining O‘zgan shahrida vafot etgan.

Imom Saraxsiy nomidagi markaziy jome’ masjidi ichkari qismi

Peshin namozini shu yerda o‘qidik. Imom Turkiyadan kelgan yosh yigit ekan. Aytishlaricha, masjidda turk va qirg‘iz imomlar navbatlashib jamoatga bosh bo‘lisharkan. Namozdan so‘ng Qirg‘iziston muftiysi Maqsatbek hoji siyrat va fiqhdan dars-ma’ruza qilib berdi.

Otalar mozori

1930-yillar qatag‘onlari qurbonlari xotirasiga tashkil etilgan “Ata-Beyit” (“Otalar mozori”) yodgorlik majmuasi Bishkek shahridan 30 km uzoqlikdagi Chon-Tosh qishlog‘ida 2000 yili qurilgan. Bu yerda Stalin qatag‘oni qurboni bo‘lgan 19 millat vakillaridan iborat 137 kishi dafn etilgan. Ular orasida qirg‘iz ziyolilari, davlat arboblari bor.

“Ata-Beyit” yodgorlik majmuasi

Ma’lumki, Stalin qatag‘onlari qurbonlari otilgan joylar sir saqlangan. 1980 yili Qirg‘iziston NKVD xizmatchisi o‘limi oldidan qizi Bubura Kidiraliyevaga mahbuslar otilgan Chon-Toshdagi maxfiy joy haqida gapirib beradi. Keyinchalik u bu sirni oshkor etadi. Qazishma ishlarini olib borgan mutaxassislar 4x4 metr maydonda 137 odam skeletlarini topishadi. Kallasidan otib o‘ldirilgan mahbuslarning tanalari g‘isht pishituvchi pechga tashlanib, so‘ng ko‘mib yuborilgan. Ularning kiyimlaridan shaxsiy hujjatlari ham chiqqan. Mahbuslarning shaxsi aniqlangach (aniqlanmaganlari ham bor), 1991 yil 30 avgust kuni motam marosimi va janoza o‘qilib, pechdan yuz metr pastga qayta dafn etilgan.

2008 yil 14 iyun kuni “Ata-Beyit” majmuasiga buyuk qirg‘iz adibi Chingiz Aytmatov o‘z otasi poyiga, 1938 yili shu yerda otilgan To‘raqul Aytmatov yoniga dafn etildi.

Shu yerdan biroz yuqori ko‘tarilib, qirg‘iz yaylovlari havosidan ham bahramand bo‘ldim.

* * *

Bishkekda mashrut-taksi tizimi rivojlangan. Asosan Mercedes-Benz Sprinter rusumidagi mashinalar qatnaydi. Miniavtobus 20 yo‘lovchiga mo‘ljallangan bo‘lsa-da, o‘rtadagi o‘rindiq olib tashlanib, turib ketish uchun tor yo‘lak qoldirilgan. Bishkekda marshrutkada ham turib ketsa bo‘larkan. Dordoy bozoridan qaytishda marshrutkada 50 yo‘lovchi sanadim. Yo‘l haqi 10-12 som (1200-1440 so‘m).

* * *

2019 yili mobil internet eng arzon davlatlar orasida Qirg‘iziston Hindistondan so‘ng ikkinchi o‘rinni egalladi. Darvoqe, bu yerda atigi 50 somga (6000 so‘m) 10 Gb mobil internet trafigini sotib olish mumkin. Aksariyat mobil tariflarda Youtube va ijtimoiy tarmoqlar trafigi tekin.

* * *

Safar qilarkanman, xalqning oddiy vakillari bilan birga, hamsuhbat bo‘ldim. Ularning kayfiyati, muammolari bilan tanishdim. Ishoning, uchala yurtning ijtimoiy muammolari bir xil. Balki menga shunday tuyuldimi, qirg‘izlar qozoqlardan ko‘ra kirishimliroq, xushmuomala, ko‘pincha kulib turar ekan.

Safar davomida Alloh meni yaxshi insonlarga uchratdi. Almatidan Bishkekka olib kelgan kurd yigiti garchi markazdan ancha uzoq bo‘lsa-da, manzilimgacha olib borib qo‘ydi, biron joyda tashlab ketmadi. Juda arzon narxga “Ata-Beyit”ga olib berib kelgan batkenlik taksist ham juda xushmuomala, qiziquvchan bola ekan. Birga toqqa ham chiqdi. Biron marta “bo‘ldi, qaytaylik” demadi. Shaharni aylantirgan qadamjoylik yigit ham qadrdon bo‘lib qoldi. “Al-Azhar”da o‘qigan, Alijon qoridan ta’lim olgan ekan. Bishkekda men bilan tanishgan, so‘zlashganlar — bari yaxshi bolalar. Ular bilan men o‘zbekcha gaplashdim. Ular qirg‘izcha gapirishdi. Hech qanday o‘zga til, tarjimonsiz, bir-birimizni tushuna oldik. Ko‘plari Toshkent, Samarqandu Buxoro, Xivani ko‘rish orzusida. Borib kelganlari faqat maqtamoqda. Chegaralar ochilib, qarindosh-urug‘chilik munosabatlari tiklanganidan hamma xursand. “Toshkentga kelinglar, menam sizlarni mehmon qilay” deb chin dildan aytdim.

* * *

Toshkentga qaytishda Bishkekda yashayotgan tanishlar shaharning eng yomon, xavfli hududi deya ta’riflagan O‘sh bozori atrofini atay aylandim. Bu yerdan Qirg‘izistonning turli hududlariga, Rossiya va Qozog‘istonga taksilar qatnaydi. Har qadamda qo‘lbola mehmonxona, yemakxona, aroqdo‘kon, xammom va h. Xonadonlarda tashkil etilgan bir qo‘lbola mehmonxonaga “Kiz jok. Suraba” (“Qiz yo‘q. So‘rama”) deb yozib qo‘yishibdi. Shahardagi faqatgina ko‘p qavatli uylarda gaz bor. Boshqa uylarni isitishda ko‘mirdan foydalanishadi. Bozor orqasidagi mahalladan o‘tar ekanman, xammomlar dudbo‘ronidan chiqayotgan ko‘mir hidi dimoqqa urildi.

“Kiz jok. Suraba”

G‘arbiy avtovokzaldan (Yangi vokzal) Chimkent avtobusi jo‘nashini kutib o‘tirdim. To‘g‘ridan-to‘g‘ri Toshkent avtobusiga chiqmoqchi edim. Har kuni Soat 17:30 da va 23:00 da yuradigan avtobusga ketma-ket ikki kunlik bilet sotib bo‘lingan ekan. Toshkentga sayohat qiladiganlar ko‘payibdi. O‘zbekiston tarafi yangi, komfort avtobuslar qo‘ygan. Narxi 1000 som (120000 so‘m). 600 kilometrlik masofani taxminan 13-14 soatda bosib o‘tadi.

Noiloj 600 somga (72000 so‘m) Chimkentga bilet oldim. Avtobusning yarmi ham to‘lmadi. Eskiroq Mercedez-Benz aftobusining orqasidagi bo‘sh o‘rinda ketdim. Uxlashga biroz noqulay. Qozog‘iston chegarasidagi Chaldavar postidan tez o‘tdik. Ammo avtobusning chegaradan chiqishini bir soatcha kutdik.

Xayr Qirg‘iziston! Issiqko‘l, baland tog‘larda, inshaalloh, keyingi safar ko‘rishguncha!

Almati – Bishkek – Chimkent – Toshkent

16-18 iyun, 2019 yil

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан