Biz hali ham axborot siyosatida eski prinsiplardan voz kechmayapmiz

Biz hali ham axborot siyosatida eski prinsiplardan voz kechmayapmiz

Allaqachon sakkizinchi bemor aniqlanganda onlayn mediada asosiy kontent choralar ko‘rilayotgani, odamlar karantinga olingani va "vahima qilmaslik, vahima qilmaslik va vahima qilmaslik..."dan iborat edi. Eng ta’sir doirasi keng saytlarda "Koronavirus: vahimaga o‘rin bormi?"ga o‘xshagan buyurtmaning hidi keladigan maqolalar e’lon qilindi. Natija - ko‘chaga maska va perchatka taqib chiqsang, yo Xudoga, peshonangga bitgan taqdirga ishonmaydiganga, yo vahimachi satangga chiqding, to‘y qilsang, mardsan, to‘yga bormasang nomardsan, kunlar ilib ko‘chada bolalar qiy-chuv chopgan, o‘ynagan, xolalar podezd tagidagi o‘sha qadrdon o‘rindiqlarini tark etmagan, ustalar izolyasiya tugul... Odamlar hech narsadan qo‘rqmaydi, ya’ni maslahatga binoan vahima qilmaydi.

Oradan roppa-rosa 9kun (!!!) o‘tib, o‘zining virusni yuqtirib olish ehtimolini 0 ga teng deb o‘ylab yurgan, ya’ni vahimaga berilmagan bir qizaloq hech narsadan hech narsa virusni yuqtirib olganda xabar beriladi: "Fransiyadan kirib kelgan ilk bemor yetib kelgan kuni o‘z xonadonida 35 kishi ishtirokida bayram qilgan. O‘sha mehmondorchilikda qatnashganlardan 13 kishida bugungi kunda bu kasallik qayd etildi. U bilan samolyotda 250 kishi kelgan, aeroportda tushganidan keyin shaxsiy avtomobilida ham oila a’zolariga yuqtirgan. Keyin ishiga chiqqan va ish joyida 80 nafar xodim va 42 nafar bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan.

Bu zanjir davom etadi. O‘sha muloqotda bo‘lganlar ham o‘z navbatida oila a’zolari yoniga qaytadilar, kundalik hayotdagi ishlarini bajaradilar, do‘kon, sartaroshlarga kiradilar.

Ya’ni bu o‘rinda kasallik geometrik progressiyada tarqalib ketishi mumkin", deydi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori.

Aslida bu informatsiya qachon berilishi kerak edi? To‘qqiz kun deganda endi aniqlandimi necha kishi bilan muloqotda bo‘lgani? Bu progressiya haqida internet titib, 2-3 oydan beri bo‘layotgan voqealardan xabardor odamlar qisman bilardi xolos. Aholining necha qismi internet foydalanuvchisi? Hozir aholiga nechta koronovirus yuqtirib olgan odam borligini aytishdan ham ko‘ra, shu progressiyani, zanjirni tushuntirish mantiqan to‘g‘riroq va samaraliroq edi.

Favqulodda vaziyatlarda axborot uzatishda aholi vahimaga tushishi riski va yoki aholining hushyor tortishi keltiradigan foyda hisoblab chiqilishi kerak! Axborotning to‘liq berilmasligi yoki bor holatni yengilroq ko‘rsatishga intilish qanday oqibatlar keltirib chiqarishi mumkinligi haqida o‘ylanishi kerak. o‘zi bergan axborotni o‘zi rad etib, axborotga nisbatan ishonchsizlik keltirib chiqarish o‘rniga.

Mobodo, rostdan ham o‘sha kasallangan bemor hamshira bo‘lsa-yu hamshiralar yoppasiga ish tashlab ketishidan xavfsirab inkor etilayotgan bo‘lsa axborot, Ispaniyadagi har 8 kishidan 1 tasi hamshiraga to‘g‘ri kelayotgani, ya’ni ulardagi kabi e’tiborsizlik qilmay, xavfsizlik choralarini ko‘rish maqsadga muvofiqligi to‘g‘riroq yechim bo‘la olishi o‘ylanishi kerak. Aholi har bir detaligacha boxabar va ogoh bo‘lishi bo‘lishi kerak vaziyatdan. O‘zingizni kechira olasizmi, xudo asrasin, vaziyat boshqacharoq tus olsa...?


Eslatma: Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.