Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Bizga va’da qilingan prezident mukofot pullari berilmadi – Koronavirus bilan kurashayotgan shifokor
30.04.2020 20:32,  
7389

Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi shifokori Gulshoda Musayevaning Bi-bi-siga aytishicha, shifoxona xodimlari koronavirus bilan kurashib uzoq muddatdan beri shifoxonada qolayotgan bo‘lsalar-da, ularga va’da qilingan rag‘batlantirish puli berilgani yo‘q. Uning aytishicha, mart o‘rtasida xodimlar kasalxonada karantinga olingan vaqti ularning ro‘yxati olingan va “prezident mukofoti” va’da qilingan. Ammo, bu yordam puli haqida qilingan murojaatlari javobsiz qolmoqda. “Hech qayerga borib murojaat qilolmaymiz, ichkaridamiz. Bir qadam ko‘chaga chiqish yo‘q, qurolli askarlar o‘rab turibdi. To‘g‘risini aytsam, ko‘chaning yuzini ko‘rmadik”, — deydi shifokor.

Bi-bi-si bu masalada O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatiga murojaat qildi, ammo hozircha javob olgani yo‘q.

“O‘zim ko‘p yillardan beri infeksionistman, yoshim 60da, 1983 yilda institutini bitirganimdan beri shu sohadaman. Shu kasalxonadagi qabulxona bo‘lim boshlig‘iman. 45 xodimimiz bilan 16 martdan beri karantindamiz. Bizga boshidan charter reysdan kelganlar, Angliyadan, Turkiyadan, Dubay, Qozog‘istondan, Rossiyadan kelganlarni olib kelishdi, biz 14 kun davomida ularning tahlillarini olib diagnozlarini qo‘yib berishimiz kerak edi. Birinchi karantinda bizda 101 bemor bo‘ldi. Turkiyadan kelgan koronavirus aniqlangan ikki kishi oilalari bilan bizda yotib davolandi. Keyin ularni Virusologiya institutiga o‘tkazishgandan keyin, bizda 99 nafar “kontaktniy”lar qoldi. 

Aprel boshida bizni karantindan chiqarishdi va bir hafta uyda bo‘ldik, chunki kasalxona “moyka”, ya’ni dezinfeksiya qilib tozalandi. Lekin 15 apreldan yana ishga karantinga kirdik, chunki bizga 15 apreldan boshlab bevosita koronavirus bemorlari bilan muloqotda bo‘lganlar kela boshladi. Bu asosan bemorlarning oila a’zolari. Biz ular orasidan ham bemorlarni ajrata boshladik. Bu juda xavfli qatlam hisoblanadi, chunki qabul qilganda bilmaysiz — ularda ham virus bo‘lishi mumkin.

Hamma tayyorgarlikdan o‘tganmiz. Bizda uch davolovchi vrach va uch reanimatsiya vrachimiz koronavirus bo‘yicha onlayn kurslardan o‘qib o‘rganib sertifikat oldik. Shu sabab ikkinchi karantinda ancha-muncha kasallarni ajratib oldik, mazok surtmalarini tekshirib. Bizda uchta bemorimiz sun’iy nafas apparatida yotdi. Ba’zi bemorlarda ikkinchi yo uchinchi analizlarni kutish kerak, oilaviy-oilaviy bo‘lib kelaverishdi — birining kassir onasidan koronavirus chiqqan, yana biriniki sanitarka bo‘lib ishlarkan, tibbiyot xodimlari ham virusni yuqtirib bizga tushishdi. Ularni biz to‘liq tekshira olmaganimiz uchun konteynerlarga ko‘chirishdi.

Endi, ularni konteynerga ko‘chirishganidan keyin bizning o‘zimizni karantinga olishdi. Mayli, hamma sharoitlar yaxshi, Ollohga shukur. Biz 16 martda karantinga kirayotganda bironta xodimimiz qandaydir moliyaviy mukofotni o‘ylamagan — faqat fidokorligi uchun kirgan, vazifasini bilib kirgan. Biz oyligimizni olib ishlab yurgan oddiy insonlarmiz.

Lekin, karantinga kirganimizda, to‘g‘risi, bizda qo‘rquv ko‘p bo‘ldi — kechalari bilan bemorlarni qabul qildik. Bemor bilan ro‘parama-ro‘para o‘tiribmizmi, juda qo‘rqdik, lekin oshiqcha biron moddiy yordamni hayolimizga ham keltirmadik. Bitta niyatimiz — bemorlarni davolab, o‘zlarimiz yuqtirmasdan yorug‘ yuz bilan eson-omon shu yerdan chiqish edi. Vrachlar yetishmaydi, buni bilganimiz uchun yana o‘sha tarkibda qaytib ikkinchi karantinga ham kirdik. Burchimiz — shu. Prezidentimizga behisob shukur deyman, bizda hamma sharoitlar qilingan, hamma tibbiyot xodimlariga hatto kunlik 6 foizlik to‘lovlar bo‘ldi, rahmat.

Lekin, biz bilan birga ishlayotgan dezinfektor xodim bor, u Chirchiq shahridagi Davlat sanitariya epidemiologik nazorat markazidan kelgan. Bizda ishlayotgan qizlar keyin buni bilib qolishdi — ularga 10-15 million so‘mdan qo‘shimcha yordam berilibdi. Biz ham bemorlar bilan ishladik-ku?.. Sakkiz soatlab skafanderlarda ishlashning o‘zi bo‘lmadi, kiygan maxsus etiklarimizdan oyoqlarimiz qay ahvolga kelganini so‘ramang. Shikoyat qilmadik. Kasallarning muntazam isitmasini o‘lchadik, har bir palataga kunda necha marta kirib xabar olamiz, jonlantirish bo‘limida sun’iy apparatda yotganlarga qarashning o‘zi bo‘lmaydi. Kechalari uch soatgina uxlagan kechalarimiz bo‘ldi. Lekin, biz bilan yonma-yon ishlayotgan dezinfektorlarga berilgan yordam bizga ham berilishi mumkindir degan taklif bilan chiqdik. Chunki ular ham, biz ham bir vazirlikka qaraymiz. Lekin, hech kim bir og‘iz biron marta telefon qilib ahvolimizni ham so‘ramadi. “Jon qizlarim, sizlar o‘zingizni asranglar, sizlar bizga keraksizlar” deyishganida ham, bu oddiy so‘zlar qancha ko‘ngillarimizni ko‘targan bo‘lardi. Hech kimning biz bilan ishi yo‘q.

Birinchi karantinga kirganimizda “prezidentning mukofoti”ga deb 45 xodimimizni ro‘yxatga olishdi. Ikkinchi karantinda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi yana ro‘yxatga oldi. Ro‘yxatimizni olyapti ekan, biz shu mukofotga loyiqdirmiz deb o‘ylagandik.

Biz mavhum holatda qoldik — biron mutasaddi shaxs, masalan viloyat sog‘liqni saqlash bo‘limi mudiri “sizlarga bu mumkin yo mumkin emas” deb biron izoh bermadi. Bizning ham oramizda qiynalib qolganlar bor, nochor oilalar, boquvchisini yo‘qotgan hamshiralar, uchta bolasini yakka o‘zi boqayotgan sanitarka ayollar bor. Shu ayollar ham o‘zlarida matonat topib shu infeksiyaning ichiga kirdilar-ku? Reanimatsiyada ishlaydigan qizlarning otasiga rahmat dedim, to‘g‘risi. Buni faqat kun bo‘yi o‘sha skafandrning ichida bo‘lib ko‘rganlar tushunadi. Bemorlar ichida yuragida vahima bilan yurishdi. Ularning savollariga kim javob beradi? Menda javob yo‘q.

Hech qayerga borib murojaat qilolmaymiz, ichkaridamiz. Bir qadam ko‘chaga chiqish yo‘q, qurolli askarlar o‘rab turibdi. To‘g‘risini aytsam, ko‘chaning yuzini ko‘rmadik. Birinchi karantin 22 kun davom etdi, bunisi ham shuncha davom etadi. Askarlar chiqishga qo‘ymaydi, qizim meni uzoqdan ko‘raman deb kelgandayam, kiring opa kiring, deb chiqarishmadi. Hech kim chiqmaydi, endi 7 maygacha shu yerdamiz.

Kasallarimizga ham, xodimlarimizga ham oziq-ovqat ta’minoti a’lo darajada bo‘ldi, hech kamchilik yo‘q. Mana Ramazon oylari ro‘za tutganmiz, bari bir uch mahal issiq ovqat bor, juda yaxshi, prezidentimizga ming rahmatlar deymiz. Dori yo himoya vositalaridan ham hech uzilish bo‘lmadi. Biz har yili xavfli kasalliklardan qanday saqlanish bo‘yicha imtihon topshiramiz, shuning hisobiga o‘zimizni himoya qilishni bilganimiz uchun virusni, shukur, yuqtirmadik.

Agar davlat bu qizlarni shu pulga loyiq ko‘rmagan bo‘lsa, aytilsin, biz rozimiz. Lekin, mehnat hamisha rag‘bati bilan go‘zal. Balki prezidentimiz biz uchun ajratgan pullari boshqa cho‘ntaklarga ketayotgandir? Bu shunchaki savol, biz hech nimani bilmaymiz. Gumon iymondan ayirar, deyishadi-ku…”

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан