Ma’naviyatli xalqni tarbiyalash bilan davlat shug‘ullanmasin

Ma’naviyatli xalqni tarbiyalash bilan davlat shug‘ullanmasin

Ma’naviyat shaxsiy masala. Ma’naviyatsizlikni, agar u qonunni buzmasa, davlat institutlari, mulozimlari malomat qilishi, jazolashi mumkin emas. Agar bu ma’naviyatsizlik jamiyat toqat qila olmaydigan darajada bo‘lsa, umuminsoniy axloq va moral normalariga zid bo‘lsa, unda bunday ma’naviyatsizlikka qonun yo‘li bilan cheklov qo‘yish kerak, tamom. Xuddi pornografiya yoki 18+ materiallari yoshlarga taqiqlanganidek.

Bundan boshqa har qanday harakat yoki harakatsizlikka davlat va davlatdan mablag‘ oluvchi muassasalar burun tiqmasligi kerak. Shaxsiy fikrga ega bo‘lish va shaxsiy darajada biror ishga nisbatan salbiy yoki ijobiy fikr bildirish boshqa narsa. Davlat rasmiysi ham shaxsiy fikriga ega bo‘ladi, qaysidir ishni yaxshi va yomon deyishi mumkin, lekin davlat berib qo‘ygan vakolatidan foydalanib, uni boshqalarga o‘tkazishga urinishi mumkin emas. Bunday ish bilan nodavlat muassasalar, shaxsiy fuqarolar shug‘ullanishi kerak. Nodavlat tashkilotlar istalgan aqidani, ma’naviyat va mafkurani targ‘ib qilaversin (Albatta, qonunga zid bo‘lmagan mafkuralarni). Davlat ularning erkin ishlashiga sharoit yaratib berishi kerak va barchasini ajratmasdan birdek ko‘rishi kerak. Ma’naviyatli xalqni tarbiyalashni ularga qo‘yib bering, bu ish bilan davlat shug‘ullanmasin. Hech bir mafkura davlat mafkurasi darajasida ko‘rilmasligi Konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan, axir.

Soliq to‘lovchilarning puli evaziga kun ko‘ruvchi markazlar ma’naviyat bilan shug‘ullanishi kulgili.

Yoshlarni asrab qolishning yagona yo‘li - ularni bekor qoldirmaslik, vaqtini behuda sarflashiga imkon yaratmaslik. Darsdan tashqari o‘quv mashg‘ulotlari, hunar o‘rgatadigan markazlar, kutubxonalar, sport zallari, to‘garaklari ochilsin. Ishonchim komil, qishloqlarda, shaharlarda bepul shunday to‘garaklar va sport zallari bo‘lsa, 99 foiz yosh yigit-qizlar jon deb qo‘shiladi. Shunda ularda internetda bekorchi vaqt o‘tkazishga ham, turli buzuqliklarga ham vaqti bo‘lmaydi. Aqlan va jismonan baquvvat insonning ma’naviyati ham yuqori bo‘ladi.

Ma’naviyat markazlari, Yoshlar Ittifoqi resurslarini shunaqa ishlarga sarflasin. Ma’naviyat haqida konferensiyalar, tadbirlar, she’rxonlik kechalari, konkurslari o‘tkazishdan foyda yo‘q, o‘rtoqlar.


Eslatma: Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.