Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi: Xitoy diniy va milliy ozchilik vakillarini o‘ldirib, ularning tana a’zolaridan foydalanmoqda
29.10.2019 11:37,  
1604

BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashida “Xitoy hukumati o‘z hududida ta’qibga uchragan diniy va milliy ozchilik vakillarining tana a’zolarini sanoat miqyosida yig‘ib, sotyapti”, deya bayonot berildi.

Seshanba kuni kengashning Jenevadagi rasmiy qarorgohida so‘zga chiqqan huquqshunos Hamid Sabi China Tribunal – Xitoydagi inson huquqlari vaziyati bo‘yicha mustaqil sud tana a’zolarini majburiy yig‘ish holatlarini topgani xususidagi da’volarini namoyish qildi.

Janob Sabining aytishicha BMTning ushbu kengashiga a’zo davlatlar iyun oyida China Tribunal tomonidan berilgan so‘nggi ma’lumotda keltirilgan “Falun Gong diniy harakati va uyg‘ur ozchiligi vakillariga qarshi jinoyatlar” haqidagi dalillarni o‘rganish uchun “qonuniy majburiyat”ni olishi kerak.

China Tribunal – “Xitoy sudi”ga sobiq Yugoslaviya bo‘yicha xalqaro jinoyat sudida prokuror bo‘lib, Slobodan Miloshevichga qarshi ishni yuritgan Ser Jofrey Nays (Sir Geoffrey Nice) raislik qilib, holat bo‘yicha tergovchilar, tibbiy mutaxassislar va guvohlarning ko‘rsatmalarini tinglab chiqdi.

Bu ko‘rsatmalar asosida “Xitoy kamida 20 yildan buyon Falun Gong diniy harakati vakillarini o‘ldirib, ularning tana a’zolarini sotib kelganligi va bu amaliyot haligacha davom etayotganligi” haqida aniq dalillar yuzaga chiqdi.

“Qo‘lga olinganlar hali tirikligidayoq ularning tanasi kesilib, buyrak, jigar, yurak, o‘pka, ko‘z shoxpardasi va terisini olish uchun o‘ldirilgan va a’zolari sotiladigan tovarga aylangan”, deyiladi sudning so‘nggi hukmida.

Sud yana ehtimoliy dalillarni ham o‘rgangan: aytilishicha, qamoqlarda tutib turilgan musulmon uyg‘urlar, tibetlik buddaviylar va xristian sektalariga mansub diniy ozchilik vakillarining tana a’zolari ham zo‘rlik bilan sug‘urib olingan.

Xitoyning mamlakat shimoli-g‘arbidagi Shinjon provinsiyasida yashovchi bir milliondan ortiq musulmon uyg‘urlarni qamoq va qamoq lagerlarida tutib turish va “qayta o‘qitish” siyosati xalqaro miqyosda xavotir va tanqidlarga sabab bo‘lgan. “Xitoy sudi” ular “tana a’zolari uchun zaxira” sifatida ushlab turilgani va doimiy ravishda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi bo‘yicha dalillarga ega bo‘lgan.

Xitoy “tana a’zolarini axloqqa zid ravishda ko‘chirib o‘tkazish amaliyotlarini” qayta-qayta qoralab keladi va qatl etilgan mahbuslarning organlaridan foydalanishni 2015 yildayoq to‘xtatganini aytadi. 2019 yil boshida berilgan bayonotda Xitoy tomoni Londonda joylashgan “Xitoy sudi”ni “mish-mish tarqatish”da ayblagan edi.

Biroq seshanba kuni BMT tadbirida so‘zga chiqqan Ser Jofrey “Sud tomonidan to‘plangan dalillardan keyin xalqaro hamjamiyat endi o‘zi tan olishni istamagan narsadan qochib qutula olmaydi”, dedi.

Xitoy tana a’zolarini ko‘chirib o‘tkazish savdosidan har yili 1 milliard AQSh dollaridan (801,4 funt sterling) ortiq foyda olishi taxmin qilinadi. Ser Jofrey Xalqaro Transplantatsiya Jamiyati va transplantatsiya – tana a’zolarini ko‘chirib o‘tkazish bilan shug‘ullanadigan milliy tibbiyot uyushmalarini “Xitoy sudining hukmlari va harakatlariga e’tibor berish”ga chaqirdi.

Italiya, Ispaniya, Isroil va Tayvan kabi ba’zi mamlakatlar allaqachon Xitoyga tana a’zolarini ko‘chirib o‘tkazish maqsadida boradigan fuqarolari uchun cheklovlarni joriy qilgan.

Janob Hamdi Sabi o‘z nutqida milliy va diniy ozchilik vakillarini ularning tana organlarini olish uchun ta’qib qilish “ehtimoliy genotsid ayblovi” ekanligini ta’kidlab, buni yaqin tarixda o‘tgan ommaviy diniy va irqiy ta’qiblar bilan taqqosladi.

“Qurbon uchun qurbon, o‘lim uchun o‘lim – natsistlar yahudiylarni gaz kameralarida zaharlashi, Kambodjada kxmerlarning qirg‘in qilinishi, Ruandada tutsilarning so‘yilishi tirik, benuqson, hech kimga zarari tegmayotgan, o‘z hayotini yashab yurgan tinch bir insonning yuragi yoki boshqa tana a’zosini sug‘urib olishdan ayanliroq emas. BMTga a’zo davlatlarning ushbu jinoiy harakatlarga qarshi kurashishi qonuniy majburiyatdir”, dedi u Inson huquqlari kengashida.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан