Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Bola nega barmog‘ini so‘radi, tirnog‘ini tishlaydi?
3.01.2020 15:33,  
14239

Bolalarning yomon odatlari deb ularning beixtiyor takrorlaydigan harakatlariga aytiladi. Patologik yomon odatlarga quyidagilar kiradi:

  • Barmoq so‘rish
  • Tirnoq tishlash
  • Kindik kovlash
  • Soch yulish yoki o‘ynash
  • Boshni yostiqqa urish
  • Jinsiy a’zoni ushlash yoki o‘ynash (bu bola uxlaganda to‘shakni ho‘llab qo‘yishiga ham olib kelishi mumkin)

Bu odatlarning bolalar rivojlanishiga qanday ta’siri bor?

Albatta, yomon odatlar estetik jihatdan bolaning husniga ko‘rk qo‘shmaydi va ko‘pincha yomon odati bor bolalar rivojlanish jihatidan boshqalardan orqada qoladi. Undan tashqari yomon odatlari tufayli bolalar bog‘cha yoki maktabda tengdoshlari va tarbiyachilari tarafidan malomatga qolishlari mumkin, bu esa ularni o‘ziga ishonchi va tengdoshlari o‘rtasidagi obro‘iga putur yetkazadi.

Odatlarning kelib chiqish sabablari nima?

Bunday odatlar kelib chiqishining eng asosiy sabablaridan biri bu psixologik muammolardir. Psixologik muammoning sabablari bola yoshligida sodir bo‘lgan voqealar yoki ota-onaning e’tibori yetishmasligi, tarbiyada qo‘rqitish yoki kaltaklashning ko‘p ishlatilganligi bo‘lishi ham mumkin. Bola barmog‘ini so‘rishi yoki jinsiy a’zosini ushlashi bilan o‘zini tinchlantirishga harakat qilishi, tirnog‘ini tishlashi, sochini yulishi bilan o‘zini jazolashga harakat qilayotgan bo‘lishi mumkin.

Qanday qilib yomon odatlarning oldini olish mumkin?

– Farzandingizni uzoq ko‘krak suti bilan boqishingiz nafaqat uning immuniteti uchun, balki uning xotirjamligi uchun ham juda foydali;

– So‘rgich yoki ko‘krak suti bilan boqishni to‘xtatayotgan vaqtingizda e’tiborli bo‘ling, toki bolada buning o‘rniga barmoq so‘rish kabi yomon odatlar qolmasin;

Bola gigiyenasiga e’tibor bering, chunki jinsiy a’zolarning qichishi yomon odatni keltirib chiqarishi mumkin;

– Ortiqcha qattiqqo‘llik va jahldorlik qilmang, farzandingiz o‘ziga va sizga ishonchini yo‘qotadi;

– Farzandingiz kichikligidan unga e’tibor berib, har bir o‘zgarishni o‘zingiz uchun nazorat qilib boring.

Yomon odatlardan qutilish — ota-onadan sabr talab qiladi, chunki bu masalada shoshilish bolani qo‘rqitish hamda muammoni chuqurlashishiga olib kelishi mumkin.

Muammolarning sabablarini topish ularni oson yechilishiga yordam beradi.

Tirnoqni tishlash — psixologlarning fikriga ko‘ra, bolaning o‘ziga ishonchi pastligi belgilaridan biri. Ushbu yomon odatning bola hayotida saqlanib qolishi tirnoq orqali mikroblar bilan birgalikda turli muammolarni keltirib chiqaradi. Bu sabab bola organizmiga gijjalar kirishi mumkin. Tirnoq tishlashi sababli do‘stlari orasida kalaka bo‘lishi, nutq va tish muammolariga sabab bo‘lishi mumkin. Bu muammoni davolash uchun stressga sabab bo‘layotgan bog‘chada yoki uydagi muammoni aniqlab, uni bartaraf eting, farzandingizga ko‘proq e’tibor ko‘rsating. Bundan tashqari plastilindan narsalar yasash va applikatsiya chizish bilan farzandingizni band qilishga harakat qiling.

Bolalarning barmog‘ini so‘rish odatini yo‘qotish uchun ham maslahatlar yuqoridagi bilan deyarli bir xil. Faqat barmoq so‘rayotgan kichkintoyingizni tinchlantirishni yotishdan bir-ikki soat avval boshlang. Uyqudan avval faol va ko‘p harakat qiladigan o‘yinlar o‘ynatmang, imkoni bo‘lsa cho‘miltiring, quchoqlab yoting. Bunday muammoga uchragan bolani — qattiq gapirish, barmoqlariga achchiq narsa surish bilan muammoni yechaman deb o‘ylamang, bu faqat muammoni chuqurlashtiradi.

Burnini kovlashni odat qilgan bolaga ham baqirib, urishish to‘g‘ri kelmaydi. Lekin bolani o‘z holiga tashlab qo‘yish ham noto‘g‘ri. Muammoni bartaraf etish uchun farzandingizning qo‘lini band qilishga harakat qiling (burnini kovlashni boshlaganida qo‘liga to‘p yoki boshqa o‘yinchoq tutqazing). Bolaga kichikligidan burun qoqishni o‘rgatish ham burun kovlashga sabab qoldirmaydi.

Foto: schoolnews.com

Bizning madaniyatda bunday muammolarga e’tibor berilmaydi, ba’zilari haqida esa gaplashish uyat hisoblanadi. Agar boladagi stress sababini aniqlay olmasangiz, albatta mutaxassisga murojaat qiling.

Kichik bolaning jinsiy a’zosini ushlashi yoki o‘ynashi uning jinsiy rivojlanishiga hech qanday aloqasi yo‘qligini unutmasligimiz kerak. Chunki jinsiy a’zo, bola uchun, boshqa a’zolari masalan burun yoki quloq bilan bir xil. Shunchaki buni kichik yoshdagi bolaning o‘z tanasini o‘rganishi deb atashimiz mumkin. Bolalar buni tinchlanish uchun qilishadi va bu hol ko‘pincha uxlashdan avval sodir bo‘ladi. Muammoni bartaraf etish uchun esa uxlashdan avvalgi sayrlar yordam beradi. Farzandingiz uyquga ketguniga qadar oldida kitob o‘qib berishingiz ham asta-sekin bu odatning unutilishiga yordam beradi. Farzandingiz gigiyenasiga e’tibor berish bilan bir qatorda uxlash kiyimi qulay bo‘lishi, tor yoki sintetik matodan bo‘lmasligiga e’tibor bering. Farzandingiz uxlayotganida esa qo‘llarini ko‘rpadan tepaga chiqarib yotishini odat qildiring.

Xulosa qilib aytishimiz mumkinki, yomon odatlar kelib chiqishining asosiy sababi bolaga mehr va e’tibor yetishmasligi ekan. Shuning uchun farzandlarimiz bilan ko‘p gaplashib, ularni ko‘p bag‘rimizga bosishimiz juda ko‘p muammolarni oldini olishga yordam beradi.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан