Bolalar zaharlangan bog‘cha xodimlari ishdan bo‘shatildi

Bolalar zaharlangan bog‘cha xodimlari ishdan bo‘shatildi

Maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda Toshkent viloyati, Bekobod tumanidagi 15-sonli MTT tarbiyalanuvchilarida kuzatilgan o‘tkir diareya va gastroenteritning kelib chiqish sabablari batafsil o‘rganib chiqildi.

Respublika DSENM xulosasiga ko‘ra, bolalarda kuzatilgan o‘tkir diareya va gastroenteritga taom tayyorlash texnologiyasining qo‘pol tarzda buzilishi, nomuvofiq taomnoma hamda ovqatlanish bo‘limi va MTTning boshqa xodimlari (tarbiyachilar va tarbiyachi yordamchilar) tomonidan sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilmaganligi sabab bo‘lgan.

“15-sonli MTT mudirasi Rahmatullayeva Mohira Abdumalikovna, oshpaz Qahramonova Shohida Abrorovna va hamshira Ergasheva Mavluda Ergashevna lavozim majburiyatlarini bajarmaganligi va loqayd hatti–harakati natijasi oqibatida bolalar sog‘lig‘iga zarar yetkazilganligi sababli, egallab turgan lavozimlaridan ozod etildilar”, - deyiladi MTV xabarida.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyati Bekobod shahridagi 15-sonli maktabgacha ta’lim muassasasida ovqatdan zaharlanish holati sodir bo‘lgani va bog‘cha bolari yuqumli kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilgani xabar qilingan edi.