Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Bosh prokuratura Asakada vahshiylarcha o‘ldirilgan 9 yoshli qiz ishi bo‘yicha bayonot berdi
29.05.2021 17:08,  
898

So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlar hamda ommaviy axborot vositalarida Andijon viloyatining Asaka tumanida 9 yoshli qizaloqning vahshiylarcha o‘ldirilgani va mazkur holat yuzasidan olib borilgan tergov hamda sud jarayonlari haqida xabarlar, turlicha munosabatlar bayon etilgan fikrlar keng tarqalmoqda.

Bosh prokuratura ushbu jinoyat ishi yuzasidan quyidagilarni ma’lum qildi: 2020 yil 21 iyun kuni Asaka tumanida 9 yoshli qizning murdasi o‘z uyida qotillik alomatlari bilan topilgan.

Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari Bosh prokuraturaning O‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi tomonidan olib borilgan.

To‘plangan dalillarga asosan dastlabki tergovda fuqaro Asroraxon Xamdamova 2020 yil 21 iyun kuni qo‘shnisi D.A. istiqomat qiladigan uyga o‘g‘rilik maqsadida kirgani va u yerdan pul olganiga guvoh bo‘lgan, yosh bola Q.I.ning tanasiga bir necha marotaba pichoq bilan jarohat yetkazib, uni qasddan o‘ldirgani aniqlangan.

Shuningdek, A.Xamdamova o‘g‘irlik hamda firibgarlik jinoyatlarini ham sodir etganligi o‘z isbotini topgan.

Ayblanuvchining aybi uning ko‘rsatuvi bo‘yicha olingan ashyoviy dalil (pichoq), pichoq dastasi ichidan olingan namuna marhuma qizga tegishli ekanligi tasdiqlangan ekspertiza xulosasi, guvohlarning ko‘rsatuvlari, xususan to‘rt nafar guvoh A.Xamdamova marhuma qizning xonadonidan yugurib chiqqanini ko‘rishgani va boshqa dalillar bilan to‘liq isbotlangan.

Bundan tashqari, A.Xamdamova o‘z aybiga iqrorligini ham bayon qilgan. Jumladan, qo‘shnisining uyiga o‘g‘irlik maqsadida kirgani va shu qo‘shnining yosh qizi (marhuma) uni ko‘rib qolganidan qo‘rqib, norasidani pichoq bilan o‘ldirganligini tan olgan.

Eng muhimi, A.Xamdamovaning iqrorlik ko‘rsatuvlari real voqelikka asoslangani va ixtiyoriy ravishda berilgani sud-psixologiya ekspertizasi xulosasi bilan tasdiqlangan.

Binobarin, sudlanuvchi tergov jarayonlarida qo‘rqitilgani yoki qiynoqqa solingani yoxud boshqacha tarzda unga tazyiq o‘tkazilgani to‘g‘risidagi iddaolar bilan ham kelishib bo‘lmaydi.

Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlarda go‘yoki «asos» qilib ko‘rsatilayotgan «marhuma qizning zo‘rlangani» ham sud-komissiyaviy ekspertizada o‘z isbotini topmagan...

2020 yil 21 iyun kuni mazkur jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan mazmunan ko‘rish uchun Andijon viloyat sudiga yuborilgan.

Biroq, tergov davomida aniqlangan va isbotlangan dalil hamda vajlar sud tomonidan inobatga olinmagan, o‘ta og‘ir jinoyat harakatlariga yetarli baho berilmagan.

Shu tariqa Andijon viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining 2021 yil 5 maydagi hukmi bilan A.Xamdamova faqatgina firibgarlikda, ya’ni, marhuma qizning onasiga tegishli bo‘lgan tilla zanjirni aldov yo‘li bilan qo‘lga kiritishda aybdor deb topilib, unga nisbatan 2 yil muddatga ozodlikdan cheklash jazosi tayinlangan.

O‘g‘irlik, bosqinchilik va mudhish jinoyat – qotillik yuzasidan esa, u oqlangan.

Shu bois, joriy yil 12 may kuni Andijon viloyat prokuraturasi tomonidan Andijon viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining 2021 yil 5 maydagi hukmiga nisbatan Oliy sudning jinoyat ishlari bo‘yicha apellyasiya instansiyasiga apellyasiya tartibida protest keltirildi.

Binobarin, Bosh prokuratura ish bo‘yicha manfaatdor taraflar va keng jamoatchilik, xususan ommaviy axborot vositalaridan quyidagi jihatlarga e’tibor qaratishni so‘raydi

birinchidan, viloyat sudi tomonidan oqlangan sudlanuvchining «aybsiz» ekanligi haqida sudning yakuniy hukmi qonuniy kuchga kirmasdan turib, xulosa qilishga hali erta.

Zotan, ish bo‘yicha sudlov jarayonlari mavjud hujjatlar, dalillar, guvohlarning ko‘rsatuvlari, ayblov xulosasiga asos qilib keltirilgan boshqa jihatlarga viloyat sudi tomonidan har tomonlama munosib baho berilmaganini ko‘rsatib turibdi;


ikkinchidan, asosan himoya tarafi va sudlanuvchi keng jamoatchilikka taqdim etayotgan «tafsilotlar» asosida ehtirosli xulosalarga kelish noo‘rindir.

Zero, gap 9 yoshida vahshiylarcha qotillikning qurboni bo‘lgan qizaloqning ayanchli taqdiri uchun aybdorni so‘zsiz javobgarlikka tortish, bir norasida farzandi o‘ldirilgan oilaning iztiroblari, jazoning muqarrarligi va adolat tantanasiga bo‘lgan umidi hamda ishonchi haqida bormoqda;


uchinchidan, aynan sudning, aniqrog‘i, Oliy sudning yakuniy to‘xtamidan keyingina jinoyat ishi bo‘yicha qo‘shimcha ravishda tegishli munosabat bildiriladi.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан