Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Bosh prokuratura: «Jahongir Ortiqho‘jayevning audiosida real tahdid yo‘qligi bois jinoyat alomatlari mavjud emas»
27.11.2019 10:42,  
1762

Avvalroq, Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning jurnalistlarga tahdid qilgani audiosi tarqalgan edi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuratura ushbu vaziyatga va nihoyat, rasmiy izoh berdi:

"Joriy yilning 16 noyabr kuni Internet nashrlarida Toshkent shahar hokimi, senator Jahongir Ortikho‘jayevga tegishli hamda haqorat, tahdid mazmunidagi audioyozuv tarqaldi.

Mazkur holat ommaviy axborot vositalari, blogerlar, siyosiy partiyalar, eng achinarlisi, ayrim xorijiy ekspertlar hamda xalqaro tashkilotlarning keskin tanqidiy muhokamalariga sabab bo‘ldi.

Bosh prokuratura tomonidan mazkur holatga huquqiy baho berish maqsadida JPKning 329-moddasiga asosan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazildi.

Aniqlanishicha, joriy yilning 14 avgust kuni “Kun.uz” tahririyatiga “Xiva stroy” MChJ rahbarining bajarilgan qurilish ishlari uchun buyurtmachidan pul undirishga oid murojaatini o‘rganish maqsadida mazkur tahririyat muxbiri R.Isroilov va operatori Sh.Egamberdiyevlar Olmazor tuman hokimligiga borishgan.

Tuman hokimi o‘rinbosari A.Vaxabov davlat xizmatchisi bo‘la turib, tegishli odob-axloq qoidalariga zid ravishda R.Isroilovga tushuntirish berishdan bosh tortgan, ular bilan qo‘pol munosabatda bo‘lgan hamda operatorning videotasvirga olishiga qarshilik ko‘rsatgan.

Mazkur voqeaning ertasiga “Kun.uz” tahririyati ushbu videolavhani o‘z saytida e’lon qilgan va bu keng muhokamalarga sabab bo‘lgan.

Shu kuni kechqurun Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortikho‘jayevning vaziyatni yumshatish va murosaga kelish to‘g‘risidagi topshirig‘iga asosan shahar hokimligining Axborot xizmati rahbari L.Sabirova, tuman hokimi o‘rinbosari A.Vaxabovlar tahririyat vakillari B.Axmedov, R.Isroilov va Sh.Egamberdiyevlar bilan shahar hokimligi binosida uchrashishgan.

Unda A.Vaxabov nojo‘ya harakatlarga yo‘l qo‘yganligini tan olgan va tahririyat xodimlaridan uzr so‘ragan. Biroq, bu holat tahririyat xodimlarini qoniqtirmagan.

Uchrashuv yakun topgach, muloqot ishtirokchilari binoning yo‘lagida Jahongir Ortikho‘jayevga tasodifan duch kelishadi. L.Sabirova Jahongir Ortikho‘jayevga bo‘lib o‘tgan suhbat haqida ma’lumot berib, “Kun.uz” xodimlari A.Vaxabovning uzridan qanoatlanmaganligini bayon qilgan.

Shunda Jahongir Ortikho‘jayev ular bilan muloqotda muomala madaniyatidan chetga chiqqan holda, internet nashrlariga nisbatan o‘zining salbiy munosabatini ifodalab, go‘yoki ularni sharmandali vaziyatlarga tushirish imkoniyatiga egaligini, lekin u bunday tarbiyalanmaganligi va buni xohlamasligini bildirgan.

Ushbu jarayonni “Kun.uz” muxbiri B.Axmedov “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun talablariga zid ravishda, uchrashuv ishtirokchilarini ogohlantirmasdan telefoniga hufyona yozib olgan va tahririyatga taqdim etgan.

O‘z navbatida, tahririyat tomonidan noqonuniy yo‘l bilan olingan axborot yo‘q qilinmagan. Oqibatda 2019 yil 16 noyabrda hokim Jahongir Ortikho‘jayevni obro‘sizlantirish maqsadida audioyozuvning nojo‘ya so‘zlardan iborat bir yarim daqiqalik qismi (uchrashuv ikki soat davom etgan) montaj qilinib, noma’lum shaxs tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan.

Bu holat o‘z navbatida ommaviy axborot vositalarida keng muhokama bo‘lishiga sabab bo‘lgan.

“Kun.uz” tahririyati o‘z aybini anglagan holda, haqiqiy holatni ma’lum qilish uchun audioyozuvning Jahongir Ortikho‘jayevga tegishli qismini to‘liq e’lon qilgan.

Tergov oldi tekshiruvida aniqlanishicha, Jahongir Ortikho‘jayev davlat hokimiyati va boshqaruvi organi mansabdor shaxsi bo‘la turib, davlat xizmatchisining odob-axloq qoidalariga rioya qilmasdan, haqoratli va qo‘pol so‘zlarni ishlatgan.

Biroq, uning nojo‘ya so‘zlari umumiy tarzda aytilgani, muayyan shaxsga qaratilmaganligi, real tahdid yo‘qligi bois, Jahongir Ortikho‘jayevning harakatlarida jinoyat alomatlari mavjud emas.

Shu sababli JPKning 83-moddasi 2-qismiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish haqida qaror qabul qilindi.

Shuningdek, “Kun.uz” tahririyati xodimlari Jahongir Ortikho‘jayevga nisbatan da’vo yoki e’tirozlari yo‘qligini bayon qilishdi.

Lekin Jahongir Ortikho‘jayev Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 2 martdagi 62-son qarori bilan tasdiqlangan “Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarining odob-axloq namunaviy qoidalari”ni buzganligini inobatga olib, uning intizomiy javobgarligi masalasini ko‘rib chiqish uchun Hukumatga murojaat qilindi.

Shuningdek, tahririyatning mazkur voqealardagi ishtiroki yuzasidan tegishli munosabat bildirish uchun vakolatli organ Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga xat yuborildi."

Shuningdek, Sof.uz sayti Kun.Uz va Jahongir Ortiqxo‘jayev mojarosida voqealar silsilasi to‘liq yoritib bergan edi.

Kun.Uz va Jahongir Ortiqxo‘jayev mojarosi: voqealar silsilasiga nazar

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан