Валюта курси: Ўз.Р.Марказий банки
USD
АҚШ доллари
EUR
Eвро
RUB
Россия рубли
Sayt test rejimida ishlayapti!!!

Сўнгги янгиликлар






Bosh prokuratura: "Kyeyingi ikki yilda korrupsiyaviy jinoyatlar oqibatida 371 milliard so‘m byudjet mablag‘ini talon-toroj qilingan"
9.02.2021 00:51,  
86

Bosh prokuratura xabariga ko‘ra, keyingi ikki yilda korrupsiyaviy jinoyatlar oqibatida respublika bo‘yicha 371 milliard so‘m byudjet mablag‘ini talon-toroj qilish holati aniqlangan. Bu qilmishlar uchun 2 ming 477 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Qurilish, kommunal xo‘jaligi va yo‘l qurilishini amalga oshirish uchun belgilangan tartib-taomillarga rioya qilmaslik, pudratchilarni tanish-bilishchilik yoki pora evaziga tanlab olish yoxud manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yish kabi korrupsiyaviy holatlar ko‘plab kuzatilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda bu borada deyarli har kuni berib borilayotgan tashvishli xabarlarning o‘zi mazkur holatlarning isbotidir.

Shu bois korrupsiya illatiga barham berish, qonun ustuvorligi va jinoyat uchun jazoning muqarrarligini ta’minlash maqsadida Bosh prokuratura, Davlat xavfsizlik xizmati va Hisob palatasi tomonidan respublika va hududiy ishchi guruhlari tuzilgan.

Mazkur ishchi guruhlar qurilish, kommunal xo‘jaligi va yo‘l qurilishi sohalarida qonuniylik qanday ta’minlanayotganini o‘rganmoqda.

Jumladan, prokurorlar tomonidan qonunchilik ijrosi ustidan nazorat yo‘nalishida 452 ob’yektda tekshirish o‘tkazilgan.  

Qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish yuzasidan tegishli davlat organlariga 46 taqdimnoma kiritildi. 337 nafar shaxs ma’muriy va 22 nafar shaxs intizomiy javobgarlikka tortildi. Kelgusida qonun buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida 126 nafar mansabdor shaxs yozma ravishda ogohlantirildi.

Davlatimiz rahbarining topshirig‘iga asosan, 1 ming 379 yangi ob’yektning loyiha hujjati qayta ko‘rib chiqilganda dastlabki qiymatga nisbatan 1,5 trillion so‘m yoki 22 foiz xarajatlar ortiqcha va asossiz kiritilgani aniqlanib, qisqartirilgan.  

Bundan tashqari, Hisob palatasi tomonidan bugungi kunda jami 82 ob’yektda byudjet mablag‘larining maqsadli sarflanishi bo‘yicha tekshirish o‘tkazilib, 66 milliard so‘mlik moliyaviy xato va kamchilik mavjudligi aniqlangan.  

Shu bilan birga, 23 milliard so‘mlik 21 ob’yektni qurish yuzasidan davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan o‘tkazilgan tender va tanlovlarda buyurtmachi va pudratchilar o‘rtasida qarindosh-urug‘chilik, tanish-bilishchilik holatlariga yo‘l qo‘yilgan.

Tekshirishlarda aniqlangan jiddiy qonun buzilishi holatlari yuzasidan 111 jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Dastlabki tergov harakatlari olib borilayotgan jinoyat ishlari qat’iy nazoratga olindi va ayni paytga kelib 24 jinoyat ishi sud muhokamasiga yuborilib, aybdorlarga nisbatan jazo muqarrarligi ta’minlangan.  

Ushbu toifadagi jinoyat ishlari bo‘yicha davlat va jamiyat manfaatlariga 260,7 milliard so‘mlik moddiy zarar yetkazilgani aniqlanib, uning 47,6 milliard so‘mi undirilgan.  

Yetkazilgan zararlarni ixtiyoriy to‘lamasdan kelayotgan, tergov va suddan yashirinishi ehtimoli bo‘lgan 36 nafar shaxsga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.  

Davlatimiz rahbari tomonidan bu borada belgilab berilgan vazifalar ijrosi Bosh prokuratura tomonidan qat’iy nazoratga olingan.

Tavsiya etamiz






Tavsiya etamiz

Ҳар доим хабардор бўлинг!

carzone.uz мобил иловаларини кўчириб олинг ва барча янгиликлар сиз билан