Bosh vazir mahallalarga va chaqaloqlarga ma’naviyatga zid nomlar qo‘yilayotganiga e’tiroz bildirdi

Bosh vazir mahallalarga va chaqaloqlarga ma’naviyatga zid nomlar qo‘yilayotganiga e’tiroz bildirdi

Bugun, 9 mart kuni Vazirlar Mahkamasida Bosh vazir Abdulla Aripov raisligida ko‘cha va aholi punktlarini nomlash, peshlavhalar, reklama va e’lonlarning davlat tilida berilishi singari masalalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda til masalasiga, o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi mavqeyi va nufuzini tubdan oshirishga prezident Shavkat Mirziyoyevning shaxsan o‘zi jiddiy e’tibor qaratayotgani qayd etilgan.

Kun.uz muxbiri xabar berishicha, hukumat rahbari mahalla, ko‘cha, korxona, ishlab chiqarilgan mahsulotga, kerak bo‘lsa farzandlarga o‘zbek xalqi tarixi, madaniyati va ma’naviyatga zid bo‘lgan nomlar qo‘yilayotganiga e’tiroz bildirgan.

“Biz bu holatlarga befarqmiz, xuddiki tabiiy holdek faqat kuzatib turibmiz xolos. Xo‘sh, hurmatli rahbarlar bu qachongacha davom etadi?!

Aholi o‘rtasida, ijtimoiy tarmoqlarda til bilan bog‘liq mavzu eng ko‘p muhokama qilinmoqda.

Jamoat joylari, ko‘chalar, binolar peshtoqida, turli lavha va reklamalarning ko‘pincha boshqa tillarda yoki mantiqsiz, tushunarsiz mazmunda va shaklda aks ettirilishi bunga sabab bo‘lmoqda.

Bu joylardagi mas’ullarning ishlari qoniqarsizligidan dalolat beradi”, – deya ta’kidlagan Abdulla Aripov.